O?zbekiston Global innovatsion indeksi reytingida 36 pog?onaga ko?tarilib, 86-o?ringa chiqdi

24.08.2022 21:22

Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi oldidan joylarda «Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!» shiori ostida qator uchrashuv, davra suhbati, tadbir va amaliy seminarlar tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlarda yurtimizda barcha soha va yo‘nalishlarda erishilgan natijalar e’tirof etilib, keng targ‘ib qilinmoqda.

«Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!» shiori ostidagi ana shunday tadbirlardan biri Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

«Mustaqil O‘zbekiston – innovatsion taraqqiyot yo‘lida» mavzusida yangicha formatda o‘tkazilgan amaliy seminarda parlament quyi palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev nutq so‘zlab, mamlakatimizda innovatsion rivojlanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, sohaga oid qonunchilik borasida to‘xtalib o‘tdi:

— Innovatsion g‘oyalar va yangi texnologiyalar iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Bu borada mazkur sohaga oid qonunchilik tashabbuslari va huquqiy bazani yanada takomillashtirishga oid qator islohotlar amalga oshirildi. O‘tgan besh yilda ilm-fan va innovatsion faoliyatga oid jami 80 ta normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, qonunchilik amaliyoti takomillashtirildi. Xususan, parlament tomonidan 2 ta «Innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi va «Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Shu bilan birga, Prezidentimizning 6 ta farmoni va 28 ta qarori, hukumatning 37 ta qarori va 7 ta farmoyishlarida asosiy yo‘nalishlar, chora-tadbirlar belgilab berildi.

Bu esa sohada raqobat, manfaatdorlik va javobgarlik muhitini shakllantirdi. 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan «O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish Strategiyasi»ning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi barobarida respublikamiz 81 ta indikator bo‘yicha baholanadigan Global innovatsion indeksi reytingida 2015 yilga nisbatan 36 ta pog‘onaga ko‘tarilib, 2021 yilning sentyabr oyida e’lon qilingan O‘zbekiston GII reytingida 132 davlat orasida 86-o‘rinda qayd etildi. Bu kabi natijalar, albatta, yaratilgan sharoit va omillar bilan bog‘liq. Ya’ni mamlakatimizda innovatsiya va ilm-fan sohalariga Davlat byudjetidan ajratiladigan yillik mablag‘lar hajmi 2018 yilga nisbatan 3 baravarga oshib, 1,5 trillion so‘mga yetdi. Natijada yurtimizdagi yosh olimlar soni 2022 yilda 10,8 ming nafarni tashkil etmoqda, — dedi qo‘mita raisi.

Amaliy seminarda 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etilgandan buyon innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish masalalarida ko‘plab natijalarga erishilgani qayd etildi.

Jumladan, 2018-2022 yillarda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 44 ta investitsiya loyihalari uchun 58,5 million dollar miqdoridagi investitsiya mablag‘lari jalb qilindi. Qolaversa, 372 ta ilmiy ishlanmalar tijoratlashtirildi. Qariyb 80 milliard so‘mlik 105 ta startap-kompaniyalarga asos solindi. Ta’kidlanganidek, respublika miqyosida biznes-inkubator, texnopark, biznes-aksselerator, kovorking markazi kabi 19 ta yangi innovatsion infratuzilmalar tashkil etildi. Innovatsion rivojlantirishni raqamlashtirishga oid 8 ta axborot tizimi — grant.mininnovation.uz, ias.gov.uz, nsp.gov.uz, anjumanlar.uz, phd.mininnovation.uz, antiplag.uz, innoweek.uz, slib.uz joriy etildi.

Seminar davomida deputatlar innovatsion texnoparkda ham bo‘lib, yangi ishlanmalar, ixtirolar va ijtimoiy-iqtisodiy istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.

Muhtarama Komilova, O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net