O?zbekiston-Frantsiya: o?zaro yaqinlashuv yo?lida

01.11.2023 17:43

Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makron 1-2 noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.

O‘zbekiston va Frantsiya o‘rtasida 1992 yil mart oyida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik rivoj topib bormoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 8-9 oktyabr kunlari Frantsiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi o‘zaro munosabatlarning yangi bosqichini boshlab berdi.

Davlatimiz rahbari 2022 yil 21-22 noyabr kunlari Frantsiyaga oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarga boy bo‘lgan ikkinchi tashrifini amalga oshirdi. Ushbu tashrif doirasida Frantsiya Milliy Assambleyasi raisi Yael Bron-Pive, Frantsiyadagi etakchi kompaniya va moliya institutlarining vakillari bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Taraqqiyot strategiyasi Frantsiya rahbarining islohotlar dasturi bilan yaqinligi, yirik xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal qilishda ikki davlat yondashuvlarining o‘xshashligi O‘zbekiston - Frantsiya munosabatlarining yangi darajaga chiqishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirishga, zamonamizning yangi xavf-xatar va tahdidlariga birgalikda qarshi turishga xizmat qilmoqda. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan konstruktiv va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga erishishga qaratilgan mintaqaviy siyosati Frantsiya tashqi siyosatining Markaziy Osiyo yo‘nalishidagi intilishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan mutlaqo boshqa mintaqaviy muhitni yaratdi.

Yuqori darajadagi aloqalar ham yangi o‘suvchanlik kasb etdi.

Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston – Frantsiya» do‘stlik guruhlari faol faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikki davlat parlamentlari a’zolari o‘zaro tashriflar almashuvi doirasida parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish istiqbollarini muntazam muhokama qilayaptilar.

O‘zbekiston va Frantsiya BMT, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Evropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham sheriklar hisoblanadi.

Frantsiya O‘zbekistonning iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy-texnikaviy sohalardagi muhim hamkoridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy-texnikaviy aloqalar ham tobora faollashmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Frantsiya kapitali ishtirokidagi 47 ta korxona, jumladan, 100 foiz Frantsiya sarmoyasi asosidagi 17 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. «Veolia», «Suez», «EDF», «Total Eren», «Voltalia», «Orano», «Airbus» kabi etakchi kompaniyalarning mamlakatimizdagi faoliyati geologiya-qidiruv, energetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik va turizm sohalaridagi hamkorlikning muvaffaqiyatli namunalari hisoblanadi. Ular kommunal xizmatlar, energetika va transportning asosiy tarmoqlarida xizmat ko‘rsatmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya O‘zbekiston-Frantsiya munosabatlarining bu boradagi barcha jihatlarini ko‘rib chiqish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning faoliyati ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada diversifikatsiya qilish va chuqurlashtirishning yangi yo‘nalishlarini aniqlashga yordam beradi.

Joriy yil aprel oyida Toshkentda Frantsiya Tadbirkorlar harakati - «MEDEF International» bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etilgan va 35 dan ortiq Frantsiya kompaniyalari vakillari ishtirok etgan biznes-forum Frantsiya ishbilarmonlarining hamkorlikni kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganini yaqqol tasdiqladi.

2018 yildan buyon Toshkent shahrida o‘z vakolatxonasiga ega bo‘lgan Frantsiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik ham samarali rivojlanmoqda. O‘tgan yilning noyabr oyida imzolangan FTA bilan 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasida qiymati 1 milliard evrodan ortiq loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston va Evropa Ittifoqi o‘rtasidagi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimga muvofiq, Frantsiya bilan savdoda eng qulay davlat rejimi o‘rnatildi.

Madaniy-gumanitar sohadagi O‘zbekiston-Frantsiya munosabatlari ko‘p qirrali va istiqbolli hisoblanadi. Ular qamrov doirasining kengligi, shuningdek, yuqori o‘suvchanligi va o‘zaro manfaatdorligi bilan ajralib turadi.

O‘tgan yil noyabr oyida Prezidentlar Shavkat Mirziyoev va Emmanuel Makron tomonidan «O‘zbekiston vohalarining mo‘’jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida» nomli ko‘rgazmaning ochilishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalar rivoji tarixidagi muhim voqea bo‘ldi. Ushbu ko‘rgazma bir necha yil davomida tayyorlangan bo‘lib, unda O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar muzeylaridan saqlanayotgan tarixiy buyumlar o‘rin olgan. Bir qancha o‘zbek-frantsuz qo‘shma ekspeditsiyalari bo‘lib o‘tdi, ular davomida qator arxeologik kashfiyotlarga erishildi. Bundan tashqari, Luvr va O‘zbekiston mutaxassislari tomonidan bir necha bosqichda keng ko‘lamli restavratsiya ishlari amalga oshirildi. Shu kuni Parijdagi Arab dunyosi institutida «Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘’jizalari» ko‘rgazmasi ham ochildi. Ushbu ko‘rgazma uch oydan ortiq vaqt davomida Frantsiya aholisi va mehmonlarini mamlakatimizning boy va noyob tarixiy-madaniy merosi bilan tanishtirdi.

Frantsiyada faoliyat yuritayotgan, 1988 yilda tashkil etilgan Temuriylar davri san’ati va tarixini o‘rganish assotsiatsiyasi hamda «Avitsenna-Frantsiya» uyushmasi o‘zbek xalqi tarixi hamda merosiga bo‘lgan katta qiziqishning dalilidir.

Frantsiya va O‘zbekiston madaniyati hamda an’analarining o‘zaro ta’siri, do‘stona aloqalari samarali rivojlanib borayotganining yana bir tasdig‘i sifatida Ruey-Malmezon – Buxoro va Lion – Samarqand shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilganini aytish mumkin. Frantsiya tomoni o‘zbek xalqining boy ma’naviy va madaniy-tarixiy merosiga hurmat belgisi sifatida Frantsiya shaharlarida «O‘zbek bog‘i»ni ochdi, qomusiy olim Abu Ali ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek haykallarini o‘rnatdi.

O‘z navbatida, O‘zbekistonda frantsuz tili, adabiyoti va madaniyatini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda o‘rta maxsus va oliy ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan uch mingga yaqin o‘qituvchilar 200 mingga yaqin o‘quvchi va talabalarga frantsuz tilidan saboq bermoqda. O‘zbekistondagi 700 ta umumta’lim maktablari va 6 ta ixtisoslashtirilgan maktabda frantsuz tili o‘qitilmoqda. 13 ta universitetda frantsuz yoki roman tillari kafedralari tashkil etilgan bo‘lib, ularda talabalar frantsuz tilini asosiy til sifatida o‘rganadilar. 2019 yilda Samarqand shahridagi 43-ixtisoslashtirilgan maktabga Temuriylar davri tarixi va san’atini o‘rganish uyushmasi asoschisi, Frantsiya fuqarosi Lyusen Keren nomi berildi.

O‘zbekistonda frantsuz tili va madaniyatini rivojlantirish, o‘zbek-frantsuz hamkorligini mustahkamlashda mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan Frantsuz alyansi va Frantsiya maktabi muhim o‘rin tutmoqda.

Frantsuz tili o‘qituvchilari xalqaro assotsiatsiyasi huzurida O‘zbekiston frantsuz tili o‘qituvchilari uyushmasi tashkil etildi.

Universitetlararo va akademik hamkorlik aloqalari ham mustahkamlanib bormoqda. 2018-2023 yillarda ta’lim sohasida turizm, arxeologiya, dizayn va moda, frantsuz filologiyasi, aviatsiya, inklyuziv ta’lim, biznesni boshqarish, energetika, siyosatshunoslik, aviatsiya va boshqa yo‘nalishlarda 50 dan ortiq shartnoma va memorandumlar imzolandi. Xususan, so‘nggi yillarda Frantsiyaning Parij-Syud, Parij I Panteon-Sorbonna, Parij II Panteon-Assas, Parij IV Sorbonna, Grenobl universiteti, Grenobl universiteti Nitstsa Sofiya-Antipolis, Brittan-syud universiteti, Sharq tillari va tsivilizatsiyalari milliy instituti, Tuluza universiteti, Tuluza siyosiy tadqiqotlar instituti, Versal milliy oliy arxitektura maktabi va boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan universitetlararo aloqalar o‘rnatildi. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Frantsiya Milliy boshqaruv maktabi o‘rtasida samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash kerak.

2019 yili Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat institutida Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma fakulteti, Buxoro davlat universiteti qoshida «Vatel» turizm va mehmonxona biznesini boshqarish maktabining filiali tashkil etildi. Toshkent davlat transport universitetida Frantsiya fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan hamkorlikda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash maktabi ochildi. O‘z navbatida, Sorbonna universiteti huzuridagi Sharq tillari va tsivilizatsiyalari milliy institutida o‘zbek tilini o‘rgatuvchi kurslar yo‘lga qo‘yilgan.

2021 yil oktyabr oyida Toshkentda va 2022 yil noyabrda Parijda ikki davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida birinchi va ikkinchi O‘zbekiston-Frantsiya ta’lim forumlari bo‘lib o‘tdi.

Frantsiya oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot instituti O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda respublikamizda inklyuziv ta’limni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda.

Ayni paytda Toshkent shahrida Frantsiya universitetlari konsortsiumi ishtirokida O‘zbekiston-Frantsiya ko‘p tarmoqli universitetini tashkil etish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Arxeologiya va madaniy merosni saqlash sohasidagi aloqalar faol rivojlanmoqda. Frantsiyalik hamkorlar O‘zbekistondagi madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatayapti. Ulardan biri Afrosiyob muzeyidagi «Elchilar» freskasini restavratsiya qilish loyihasidir.

2018 yilda Frantsiyada bo‘lib o‘tgan 71-Kann xalqaro kinofestivalida «O‘zbekiston» pavilonining ilk marotaba ochilishi kinematografiya sohasida muhim voqea bo‘ldi. 2019 yilda Kannda bo‘lib o‘tgan 72-Xalqaro kinofestival doirasida («Marché du Film») O‘zbekiston paviloni ochildi.

Frantsiyalik sayyohlar mamlakatimizga tashrif buyurish bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaydi. Bunga Frantsiyada O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘p jihatdan yordam bermoqda. Jumladan, mashhur «France 5» telekanalining «Ajoyib sayr» dasturi doirasida O‘zbekiston haqidagi filmni 1,4 million tomoshabin ko‘rgan. Bu ko‘rsatgich ushbu teledastur tarixidagi eng yaxshi natija sifatida qayd etilayapti. Qolaversa, taniqli frantsuz aktyori Jerar Depardening O‘zbekistonning Frantsiyadagi turizm elchisi etib tayinlangani ham mamlakatimiz juda qiziqarli va istiqbolli sayyohlik yo‘nalishi sifatida ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

Muxtasar aytganda, hech shubhasiz, dinamizm va strategik yo‘naltirilganligi bilan ajralib turadigan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Frantsiya munosabatlari ulkan istiqbolga ega, deya ayta olamiz. Shu nuqtai nazardan, Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makronning mamlakatimizga bo‘lajak tashrifi so‘nggi yillarda faollashgan O‘zbekiston - Frantsiya munosabatlarining mantiqiy davomi bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqish uchun zamin yaratadi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net