
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Sankt-Peterburg shahrida o'tkazilgan BRICSning X parlament forumi "Gumanitar va madaniy sohalarda parlamentlararo hamkorlik" mavzusidagi yalpi majlisida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi ma'lumotiga ko'ra, tadbirda ilm-fan, ta'lim, turizm, san'at va madaniyat, yosh parlament a'zolari bilan ishlash sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yalpi majlisda O'zbekiston delegatsiyasi yurtimizda ta'lim, madaniyat, turizm sohalariga qaratilayotgan e'tibor, erishilayotgan yuksak natijalar haqida batafsil ma'lumot berib o'tdi.
Forum ishtirokchilari fan, ta'lim, madaniyat va turizm sohalarini rivojlantirish, gender tenglikni ta'minlash, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida o'zaro tajriba almashish masalalarini muhokama qildi.
Tadbir yakunida X Parlament forumining qo'shma deklaratsiyasi qabul qilindi.