Namangan shahrida Usmon Nosir haykali va uning nomidagi xiyobon ochildi

14.11.2022 11:32

“Dunyo” AA/. Namangan shahrida o‘zbek xalqining atoqli farzandi, otashnafas shoir Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi keng nishonlandi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil 10 fevraldagi «Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarorining ijrosi doirasida shoir haykali va uning nomi bilan atalgan xiyobon ochildi.

Adabiy tadbirda taniqli yozuvchi, shoirlar, adabiyot ixlosmandlari, davlat tashkilotlari rahbarlari, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining ishtirok etishdi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Majidov, O‘zbekiston Xalq shoiri Usmon Azim, filologiya fanlari doktori Nurboy Jabborov davlatimiz rahbarining xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishga qaratgan alohida eʼtibori tufayli Usmon Nosir siymosiga ehtirom qo‘rsatilganini taʼkidladi.

Eʼtirof etish joizki, Namangan viloyatida davlatimiz rahbari  qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Viloyat markazidagi eski guzarlardan birida Usmon Nosirning onasi - Xolambibi bilan yashagan xonadon aniqlanib, ushbu mahallaga Usmon Nosir nomi berildi. Shuningdek, Namangan shahridagi ko‘chalardan biriga ham shoir nomi berildi. Yangidan qad rostlagan 22-sonli umumtaʼlim maktabiga yondosh alohida muzey va kutubxona barpo qilindi.

Shoir va yozuvchilar tomonidan Usmon Nosir hayoti va ijodi tarannum etilgan yangi asarlar yaratilmoqda. Joylarda, ayniqsa taʼlim muassasalarida atoqli shoir ijodini o‘rganish va targ‘ib qilishga bag‘ishlangan tadbirlar keng qamrovda tashkil etilmoqda.

Viloyat hokimligining amaliy ko‘magi bilan shoirning jiyani Nodira Rashidovaning ancha yillardan beri kitobxonlarga havola etilmay kelingan «Usmon Nosir» romani ikki jildlik kitob holida nashr qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi, faxriy jurnalist Rahimjon Irisovning «O‘zbekning Lermontovi», «Sheʼriyat diydasida qotgan yosh» kitoblari chop etildi.

Namangan shahrining Hurriyat ko‘chasida, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i atrofida Usmon Nosir xiyoboni bunyod etildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net