Mustaqillikning 31 yilligi: sanoat sohasida ulkan yutuqlarga erishildi

01.09.2022 10:44

Bu yil ozod va obod, emin-erkin yashash baxtiga erishganimizga o‘ttiz bir yil to‘ldi. Ushbu qutlug‘ sanani keng nishonlash xalqimiz hayotida ezgu qadriyatga aylanib ulgurdi.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti yildan-yilga mustahkamlanib, ayniqsa, keyingi yillar ichida yurtimizda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Nafaqat poytaxtimiz, balki viloyat, shahar va qishloqlarning qiyofasi tubdan o‘zgardi.

Barcha sohalar qatori sanoat, qurilish va savdo sohalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildiki, ularni hayolga sig‘dirish qiyin. Boisi, sanoat mamlakatimizning milliy mahsulot ishlab chiqarish sohasidagi asosiy tarmoqlaridan biridir.

So‘nggi yillarida sohani taraqqiy ettirishga qaratilgan ishlar natijasida bugun maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirib, tadbirkorlikni rivojlantirishning zamonaviy, qulay va samarali usuliga aylanib borayotir.

Aytish joizki, hozir yurtimizning barcha hududlarida tashkil etilayotgan bunday iqtisodiy maydonlar joylarda eksport salohiyatini oshirish bilan birga, yangi-yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholi bandligini ta’minlashda yirik “drayver”ga aylandi.

Keling, uzoqqa bormasdan birgina joriy yilning o‘tgan olti oyida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tsak. Chunki shu davrda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105,4 foizni, shundan yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat – 105,1 foizni tashkil qildi.

Kimyo sanoatida 2 mlrd. AQSH dollarlik mahsulot ishlab chiqarish maqsadida “Ximgrad” AJ bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki tashkil etilgani hududda qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish, ichki va tashqi bozorlarga raqobatbardosh mahsulotlarni yetkazib berishga xizmat qilishi shubhasiz.

Nodir metallar va qotishmalar ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi negizida yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun Germaniya kompaniyasi va “Olmaliq KMK” AJ o‘rtasida qo‘shma korxona tuzildi.

Sanoat va ishlab chiqarish sohalarida yangi, davlat-xususiy sherikchilik tizimi yaratilishi, geologiya va bazaviy tarmoqlarning mutlaqo yangi samarali mexanizmlari ishlab chiqilishi ham mustaqillik, ayniqsa, oxirgi besh-olti yilda amalga oshirilgan islohotlar natijasi, deb hisoblayman.

Umuman olganda, o‘ttiz bir yil – tarix uchun bir lahza, xolos. Lekin shu davrda jonajon Vatanimiz barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishdi. Eng muhimi, odamlarning ruhiyatida katta o‘zgarish yuz berdi. Bu ijobiy o‘zgarishlar avvalo, aholining turmush tarzida kundalik hayotida bo‘y ko‘rsatmoqda.

 

Bahrom RAHMONALIEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net