Mustaqillik tuhfalari

01.09.2022 11:51

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 26 martda qabul qilingan “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2021 - 2023 yillarda respublika bo‘yicha jami 195 ta Ma’naviyat va ma’rifat maskanini qurish belgilangan.

Ushbu binolar kelajakda aql markazlariga aylanishi ko‘zda tutilgan edi. Shuningdek, yangidan bunyod etilayotgan Ma’naviyat va ma’rifat maskanlarida yoshlarning o‘z ustida ishlashi uchun barcha imkoniyatlar yaratilishi rejalashtirilgan.

Shundan kelib chiqib hududlarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbida ma’naviy fazilatlarni yuksaltirish, oila, mahallalarda hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida respublikamizning barcha tuman va shaharlarida belgilangan dastur asosida yillar kesimida Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari tashkil etilmoqda.

Mustaqilligimizning 31 yillik bayrami arafasida ana shunday inshootlarning tantanali ochilish marosimlari bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Toshkent viloyatining Chinoz tumani, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani hamda Buxoro viloyatining Olot tumanlarida Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari foydalanishga topshirildi. Ushbu binolar zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlangan. Shuningdek, ushbu inshootlarda elektron va bosma kutubxona, to‘garaklar xonasi, “IT markaz” va Axborot kutubxona markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Tadbirlar zali barpo etilgan.

Yangidan ish boshlagan Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari aholining katta qismi, xususan, yoshlarimiz uchun kitobxonlik, kitob olami sari yangi imkoniyat eshiklarini ochadi.

Respublika Ma’anaviyat va ma’rifat markazi tomonidan kelgusida ham ana shunday inshootlarni belgilangan reja asosida foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.

 

O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net