MULKDORLAR HUQUQLARI KAFOLATLANADI

20.04.2023 15:45

Maʼlumki, jamiyatning iqtisodiy negizini mulk tashkil etadi. Shuningdek, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishi ham mulk bilan, mulkning kimlarga tegishli ekanligi bilan belgilanadi. Mulksiz ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirish, mamlakatda xalq faravonligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishning imkoni yoʻq.

Soʻnggi besh yil davomida yurtimizda xususiy mulk ustuvorligini taʼminlash va uning huquqiy muhofazasini kuchaytirishga oid bir qator qonunlar qabul qilindi.

Eng muhimi, «Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan hamda Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi sifatida «2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi» qabul qilindi. Unda mamlakatda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish eng ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilandi. Buning uchun bir nechta zarur maqsadlar nazarda tutildi.

Xususan, mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash maqsadi belgilangan boʻlib, ushbu maqsadga xususiy mulk daxlsizligi va himoyasi kafolatlarini kuchaytirish, mulkiy, shu jumladan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni soʻzsiz taʼminlash, xususiy mulk ustuvorligini asosiy tamoyil sifatida belgilash, davlat idorasining rasmiy maʼlumotiga ishonib mol-mulk sotib olgan shaxsning huquqini himoya qilish tizimini joriy etish shular jumlasidandir.

Shu nuqtayi nazardan, shu kunlarda qizgʻin davom etayotgan Oʻzbekiston uchun muhim siyosiy hujjat, keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan Konstitutsiya loyihasidagi hyech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi taʼminlanishi kafolatlanmoqda.

Bunday normaning kiritilishi kelajakda aholining turmush farovonligini oshirish, yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash, mulkchilik munosabatlarini huquqiy jihatdan kafolatlash, xususiy mulkning daxlsizligini kuchaytirishda muhim rol oʻynaydi. Shuning uchun amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida fuqarolarning mulki bilan bogʻliq munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, aholining uy-joyga boʻlgan huquqlari daxlsizligini kafolatlash bilan bogʻliq normalarni konstitutsiya orqali mustahkamlash zarur.

Shu oʻrinda, xorijiy tajribaga ham toʻxtaladigan boʻlsak, tarixda xususiy mulk kafolatlarini belgilab bergan konstitutsiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan birinchi hujjat Fransiyaning 1789-yildagi Inson va fuqaroning huquq va erkinliklari deklaratsiyasi boʻlib, unda xususiy mulk insonning tabiiy va ajralmas, muqaddas va daxlsiz huquqi sifatida koʻrsatilgan.

Germaniya konstitutsiyasining I-bob, 14-moddasida mulk va meros huquqlari kafolatlanishi, ularning mazmuni va chegaralari qonunlar bilan belgilanishi qayd etilgan. Daniya asosiy qonunining VIII-bob, 73-moddasida esa, xususiy mulk daxlsiz ekanligi, hech kim oʻz mulkidan voz kechishga majburlanishi mumkin emasligi, faqat jamoatchilik foydasi uchun talab qiladigan holatlar bundan mustasnoligi belgilab qoʻyilgan.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, turli tajovuzlardan himoya qilish, xususiy mulkni saqlash va koʻpaytirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, mulkdorlarni qoʻllab-quvvatlash, oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulkka mustaqil egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, bu – huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim mezonidir.

Avazbek XOLBEKOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net