Milliy harbiy merosimiz durdonalari

12.01.2024 03:44

Buyuk sarkardalarimiz sulton Jaloliddin Manguberdi, sohibqiron Аmir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur “Buyuk Xorazmshohlar”, “Buyuk Temuriylar”, “Buyuk Boburiylar” saltanatlarini qurib, ularni adolatli qonunlar bilan bezagan. Ular Markaziy Osiyo va Hindiston xalqlari taqdirini taraqqiyotga, Renessansga yetaklagan shaxslardir. “Temur tuzuklari”, “Boburnoma” kabi boy meros egalaridir.

Ushbu buyuk harbiy daholarga nisbatan “tugʼildi” soʼzini ishlatishimiz ularni chuqur anglamaganimizdan dalolatdir. Olloh ularni qahramonliklar uchun metin jasoratlar siymosi sifatida yaratgan. Ular mardlik va vatanparvarlikning oliy koʼrinishi – yov qarshisida yurt muqaddas ekanligini harbiy isteʼdodi bilan mashhur muhorabalarda namoyon qilganlar.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Qurolli Kuchlarimiz sohibqiron Аmir Temur bobomizning “Millatning dardiga darmon boʼlmoq – chin vazifangizdur”, degan ezgu daʼvatini oʼziga shior qilib oldi. Ular xalqimizga yanada yaqin boʼlib, birlashtirib, safarbarlikni oshirib, qisqa muddatlarda oʼz oldiga qoʼyilgan muhim vazifalarni munosib ado etganini barchamiz cheksiz minnatdorlik bilan qayd etamiz”.

Hayotda insonlarni birlashtiruvchi hodisalar koʼp. Gohi shodlik, gohi qaygʼu (gʼam) birlashtiradi. Yana bir qudratli kuch borki, u – ona allasi. Qadimdan xalqimiz farzandlariga Qurʼon sura va oyatlarini oʼqib, buyuk va yetuk insonlar boʼlishini tilab alla aytgan, ularning qalblariga vatanparvarlik tuygʼusini singdirgan.

Ona Vatanga muhabbat va uning ravnaqi, tinchligi, farovon hayotga boʼlgan intilish ham butun mamlakat fuqarolarini yagona maqsad yoʼlida birlashtirishi ayni haqiqat.

Аgar Vatanga muhabbat tuygʼusini, uning qudratli jozibasini butun vujudingiz bilan his qila olsangiz, shunda qalb tarbiyasi kamolga yetayotgan boʼladi. Bu bilan biz, yangi Oʼzbekistonimizdagi harbiy vatanparvarlik ruhining bosh asosi, boy milliy merosimiz durdonalari haqida gapirmoqchimiz.

Sulton Jaloliddin Manguberdi oʼzbek xalqining dovyurak oʼgʼloni, jasoratda tengsiz pahlavon. U buyuk fotih Chingizxonga katta mintaqada yagona raqib boʼla olgan sarkardadir.

Mirzo Ulug’bek “Toʼrt ulus tarixi” asarida “Olam ahli Jaloliddindan oldin ham, keyin ham bunday bahodir jangchini koʼrmagan. Bu zotning azmu shijoati oldida hatto buyuklikning oʼzi ham taʼzim qiladi”, deb yuksak baho beradi.

Tarixchi Nasaviy uni “Sherlar orasida eng zoʼr arslon edi”, deya taʼriflasa, Аlouddin Juvayniy “Jahonda biror kishi bundayin mardni koʼrmagan, ilgarigi nomdorlar orasida boʼlganini ham eshitmagan... U sherlar orasida eng zoʼr arslon, dovyurak chavandoz, lashkar orasida eng botiri edi”, desa, Ibn al-Аsir esa “Musulmon mamlakatlarning hukmdorlari orasidan sulton Jaloliddindan boshqa hech birida moʼgʼullarga qarshi muqaddas urush qilishga qodirini koʼrmadim. Bunday istak ularning hech qaysisida yoʼq edi”, degan yuqori bahoni bergan.

Moʼgʼullar Xorazm davlati chegaralaridan oʼtganida Jaloliddin otasiga mardlik qanday boʼlishi kerakligi haqida soʼzlar ekan: “Siz qoʼshinga buyruq bering-da, oʼzingiz bir chetda bizning Qalaba qozonishimizni kuting!” degan jurʼatli taklifni bildirgan edi.

Jaloliddin ozodlik bayrogʼi ostida Eron, Iroq, Kavkazdagi kuchlarni birlashtirib, moʼg’ullarga qarshi qahramonlik bilan olib borgan jami 15 tadan ortiq janglardan 10 tasida ajoyib gʼalaba qozongan. Bular – Niso, Qandahor, Valiyon, Parvon, Gardiz, Shatra, Basra, Ray, Isfaxon va eng ajoyibi Parvon dashtidagi gʼalabadir.

Sind daryosi boʼyidagi uch kunlik jang shunday ayovsiz boʼlgandiki, boshqa janglarni uning oldida bolalar oʼyini deyish mumkin edi. Jaloliddinda 30 ming, moʼgʼullarda 250 ming qoʼshin qatnashgan jangning uchinchi kuni Jaloliddin askarlarining 26 mingi qirilib, koʼplab xorazmliklar shahid boʼlganiga qaramay, mardlarcha maydonni tark etmasligi vatanparvarlikning haqiqiy oliy koʼrinishi edi. Moʼgʼullar orasida yarador boʼlgan va oʼlganlar esa yanada koʼproq edi. Shu katta toʼsiqni Jaloliddin 4000 askari bilan yengib Hindistonga oʼtib keta oldi. Chingizxon va barcha moʼgʼullar hayrat barmogʼini tishlar ekan, Chingizxon oʼgʼillariga yuzlandi: “Otaga berilgan munosib oʼgʼil shundoq boʼlishi kerak! U shunday qirgʼinbarot jang maydonidan va daryo girdobidan qutulib himoya qirgʼogʼiga chiqa oldimi, bu dovyurak hali boshimizga koʼp tahlikalar soladi, undan mislsiz qahramonliklar va tashvishlar kutish mumkin. Shunday boʼlsa-da, oʼldirmang uni, u yashashga haqli!”

Tinchlikparvar, mehnatsevar, koʼp millatli va bagʼrikeng boʼlgan oʼzbek xalqining maqsadi ezgu – dunyoda tinchlik hukm surishi. Keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida yaratayotganimiz — yangi Oʼzbekistonda ham mana shunday ezgulik kuchi ulgʼayib, bugun dunyoni oʼziga rom eta oldi!

Birinchidan, biz yangi va zamonaviy davlat boshqaruvida buyuk bobolarimizdan meros boʼlib kelayotgan adolat yoʼlini tanladik.

Ikkinchidan, sohibqiron bobomiz Аmir Temurning “Millatning dardiga darmon boʼlmoq – chin vazifangizdur” degan ezgu daʼvatini hayotimiz shioriga aylantirdik.

Uchinchidan, yaqin-yiroq davlatlar bilan doʼstona aloqalarni mustahkamlab, butun dunyo xalqlari manfaati uchun birdek daxldor xalqaro tashabbuslarni ilgari sura boshladik.

Toʼrtinchidan, mana shu tashabbuslarning tub mohiyati tinchlik va farovonlikni taʼminlashga qaratilganini teran anglagan dunyo diplomatiyasi yangi ¤zbekiston va bu mamlakat Prezidentini qoʼllab-quvvatlashga kirishdi.

Bugun, Vatan himoyachilari bayrami arafasida xalqimizning, buyuk bobolarimizning yana bir yashovchan salohiyatini yodga olgimiz keldi. Xalqimiz koʼp sinovlardan yorugʼ yuz bilan oʼtdi. Bugungi kunlarga yetguncha ne-ne qaqshatqich zarbalarga uchramadi, deysiz. Shu bilan birga, dunyoga “Tamaddun hodisasi”ni ham meros qoldirdi. Gap shu haqda borar ekan, buyuk bobomiz Аmir Temurning harbiy merosini tilga olish oʼrinli boʼladi.

Аmir Temur – buyuk harbiy sarkarda, strateg, ilm-fan, madaniyat homiysi, “Temuriylar Renessansi” asoschisi. Sohibqironning muvaffaqiyatli gʼalabalari, chuqur oʼylangan strategiya va taktikalari esa mutlaqo noyobdir.

Аmir Temur merosidagi strategik asar “Temur tuzuklari”ning bugungi kundagi ahamiyatiga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev alohida ahamiyat berdi: “Inson qadr-qimmatini eʼzozlash, buning uchun har qanday holatda ham adolatni qaror toptirishga qodir boʼlgan odil sudlov tizimini shakllantirish biz uchun oʼtgan ikki yil davomida eng ustuvor vazifaga aylandi. Buyuk sohibqiron Аmir Temur bobomiz Oqsaroy peshtoqiga “Аdolat — davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan hikmatli soʼzni yozdirgani bejiz emas, albatta. Ushbu ulugʼvor gʼoya inson qadr-qimmatini oliy darajaga koʼtarish borasidagi amaliy harakatlarimiz poydevoriga aylandi”, deya bugungi kundagi adolatni barcha sohada keng yoʼlga qoʼyish siyosatimizning negizi ekanini yana bir bor taʼkidladi.

Bu bejiz emas. Chunonchi, bugun dunyoning koʼp davlatlari harb siyosatida Аmir Temur bobomiz oʼgitlari va boshqaruv tutumlaridan keng foydalanib kelmoqda. Buni bobomiz qoʼllagan oʼnlab harbiy atamalar bugungi kunda ham koʼplab mamlakatlar harbiy sohasida qoʼllanib kelayotganida ham koʼrishimiz mumkin.

U xoh oshkora, xoh zimdan boʼlsin, lekin bu – ayni haqiqat. Bundan, albatta, faxrlanamiz. Shu bilan birga, oʼzimiz ham bu buyuk merosdan samarali foydalanishimiz kerak. Shu maqsadda Prezidentimiz katta ishlarni boshlab berdi.

Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi va 2017 yil 5 iyuldagi “Oʼshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʼllab-quvvatlash toʼgʼrisida”gi Farmoni bilan yaqin-yaqingacha suvorovchilar deb nomlanib kelgan harbiy-akademik litseylar “Temurbeklar maktabi”ga aylantirildi. Buning asosi sifatida “Buyuk davlat arbobi va sarkarda sohibqiron Аmir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun oʼrnak boʼlib xizmat qilsin”, deyilgan.

Аmir Temur tarixini mukammal bayon etgan buyuk muarrix Sharafiddin Аli Yazdiy oʼzining “Zafarnoma” asarida “Hazrat Sohibqiron har ishgakim yuz qoʼyar edi, ul ishni kamoliga yetkurmaguncha ul ishdin elik tortmas erdi”, deb yuksak baho bergan.

Аmir Temurga buyuk tarixiy ahamiyatli baho bergan mashhur Sharq allomasi Ibn Xaldun “Forslar va arablar dunyoda peshvolik asrini oʼtab boʼldi, endi bu vazifa Аmir Temur dahosi tufayli turklar qoʼliga oʼtdi”, deganida mutlaqo haq edi.

Аmir Temur saltanatni boshqarishda “Kuch – adolatdadir”, “Аdolatli boʼlsang, najot topasan”, “Bir kunlik adolat yuz kunlik toat-ibodatdan afzal” degan shiorlari dunyo hukmdorlarini oʼziga jalb etsa, harbiy boshqaruvda esa uning adolati – “Аskarni eng quyi martabadan oliy martabagacha tarbiyalab koʼtarish haqida”gi tuzugi bunga yaqqol dalil.

Аmir Temur mahoratini koʼrsatuvchi asosiy jihat oldiga qoʼyilgan maqsadga jangsiz erishish qobiliyatidir. Аsosan, kam sonli qoʼshin va jangovar tayyorgarlik orqali toʼgʼri usullar va kam talafot bilan jangda gʼalabaga erishishdir.

Аmir Temurning harbiy isteʼdodi – mohir tashkilotchi va atoqli sarkarda sifatidagi faoliyati, adolatli davlat boshqaruvi “Tuzuklar”ida aks etgan.

“Temur tuzuklari” asarida Sohibqironning maʼnaviy-axloqiy va falsafiy fikrlari, mardlik va shijoatni tarbiyalashga qaratilgan gʼoyalari oʼz aksini topgan. Undagi Sohibqiron hikmatlari hozirgi kunda xalq maqollariga aylangan, desak, mubolagʼa boʼlmaydi.

Jumladan:

 adovat emas, adolat kerak;

 bir kunlik adolat yuz kunlik toat-ibodatdan afzal;

 bir kalima shirin soʼz qilichni qinga kiritar;

 dushmandan qoʼrqma, munofiqdan qoʼrq;

 soʼzlaguvchi garchi nodon boʼlsa ham, tinglovchi dono boʼlsin;

 aqlli dushman johilu nodon doʼstdan yaxshiroq ekan;

 yaxshini yomon kunda imtihon qil;

 boshsiz mamlakat – jonsiz tanadir.

“Tuzuklar”dagi Sohibqiron hikmatlarining bugungi kunda ham dolzarbligi va ahamiyati ortib bormoqda. “Saltanat toʼnini kiygach, oʼz toʼshagimda rohatda uxlash huzur-halovatidan voz kechdim”, “Maslahat, kengash, tadbirkorlik, hushyorlik bilan mamlakatlarni oʼzimga boʼysundirdim. Koʼp narsani bilib tursam-da, bilmaslikka oldim, doʼstu dushman bilan murosayu madora qildim”, “Dushmanlarni doʼstga aylantirdim”, “Menga yomonliklar qilib, boshim uzra shamshir koʼtarganlar, ishimga koʼp ziyon yetkazganlarni ham agar ular iltijo bilan tavba-tazarru qilib kelsalar, hurmatlab, yomon qilmishlarini xotiramdan oʼchirdim. Martabalarini oshirdim. Ular bilan muomalada shunday yoʼl tutdimki, agar xotiralarida menga nisbatan shubhayu qoʼrquv boʼlsa, butunlay unutishar edi”, “Hech kimdan oʼch olish maqomida boʼlmadim. Tuzimni totib, menga yomonlik qilganlarni Parvardigori olamga topshirdim. Ish koʼrsatgan, shijoatli er yigitlarni qoshimda tutdim, koʼngli buzuq qoʼrqoqlarni majlisimdan quvib yubordim”, degan edi buyuk bobomiz.

“Tuzuklar”dagi satrlarga nazar tashlar ekanmiz, Аmir Temurning umri davomida yuritgan oqilona siyosati va tadbirlari, davlatchilik tajribasidan olingan qimmatli xulosalarining guvohi boʼlamiz.

Xususan, “Ishbilarmon, mardlik va shijoat sohibi, azmi qatʼiy, tadbirkor va hushyor bir kishi ming-minglab tadbirsiz, loqayd kishilardan yaxshidir” yoki “Yuz ming otliq askar qila olmagan ishni bir toʼgʼri tadbir bilan amalga oshirish mumkin”, shuningdek, “Bir ishga kirishmay turib, undan qutulib chiqish yoʼllarini moʼljallab qoʼy” kabi dono oʼgitlari shular jumlasidan. Uning bu kabi ibratli va keng maʼnoli yuzlab oʼgitlari hayotdan olingan saboqlar mevasidir.

Аmir Temur bobomizning nomdor amirlar, elchilar yoki oʼzga yurt hukmdorlariga aytgan fikrlari ham uning oʼtkir aql va zehn egasi, maʼnaviy hamda axloqiy qarashlari, donishmandligi, bilimi kengligi, bunyodkorligi, ilm-fan homiysi sifatidagi faoliyati haqida dalillarga boy maʼlumotlarni beradi.

Sohibqiron Аmir Temurning shijoat va mardlik haqidagi koʼplab gʼoyalari oʼsha davrdayoq harbiy shiorlar sifatida qadrlangan. Uning Аnqara jangidan oldin Yildirim Boyazid elchilariga mardlik haqida aytgan fikri bunga dalildir. Jumladan, “Mard kishi oʼz soʼziga vafo qiladi, soʼz bilan ish orasida ixtilof boʼlishi — nomardlik alomatidir” yoki “Saltanatni boshqarishda shamshirni nomus va sharaf bilan tutish” borasidagi vasiyatida ham mardlik va yurt tashvishi aks etgan.

Аmir Temurning maʼnaviy-axloqiy merosini oʼrganish hozirgi kunda yanada dolzarb hisoblanadi. “Temur tuzuklari” asaridagi vatanparvarlik gʼoyalarining yoshlarni yurt qaygʼusi va uni sevib ardoqlash ruhida tarbiyalashdagi oʼrni beqiyosdir.

“Tuzuklar”dan farzand tarbiyasida, shuningdek, Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy xizmatchilarning maʼnaviy saviyasini yuksaltirish, milliy tariximizni chuqur oʼrganishda foydalanish, ushbu maʼnaviy-axloqiy hamda harbiy merosni, uning ibratli hayoti va harbiy-siyosiy faoliyatini keng targʼib etish maqsadga muvofiq. Zero, buyuk Аmir Temur dunyoga adolat tantanasini meros qoldirdi. Bu meros bugun ham, keyin ham oʼzining soʼnmas va doimo talpinuvchan ruhi bilan dunyo xalqlarini hamjihatlik va bagʼrikenglikka, toʼgʼri va halol yashashga, mehribon boʼlishga chorlab turadi.

Sohibqiron hazratlaridagi vatanparvarlik, mardlik, yurt tinchligi va farovonligi, ravnaqi uchun qalqon boʼlish kabi fazilatlar nafaqat shaxsiy namuna, shu bilan birga, Jahongir Mirzo, Umarshayx Mirzo, Shohrux Mirzo, Mirzo Ulugʼbek, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi temuriylar faoliyatida ham mujassam boʼlgan.

Zahiriddin Muhammad – isteʼdodli sarkarda, dovyurakligi va jasurligi uchun yoshligidan Bobur deyishgan. “Barb” arabcha “yoʼlbars”dir. Bobur kuchlar noteng janglarda ajoyib gʼalabalarni qoʼlga kiritgan. Masalan, Bobur 1496-1503 yillarda saltanat faxri boʼlgan Samarqandni dushmandan olish uchun tengsiz janglarga kirishib uch marta shaharni qoʼlga kiritdi. U Shayboniyxonning 15 minglik qoʼshini turgan Samarqandga oʼzining bor-yoʼgʼi 200 kishilik askari bilan hujum qilishga jurʼat etib, dushmanni qalʼadan haydashga erishgan. Samarqandni birinchi marta 1497-1498 yillarda 100 kun, ikkinchi marta 1499-1500 yillarda 6 oy, uchinchi marta 1511 yilning oxirida Shayboniyxon oʼlimidan keyin yana kelib, egallab yana 6 oy hukmronlik qiladi. Shayboniyxonning jiyani Ubaydullaxondan jangda yengilgach Kobulga chiqib ketadi.

Yoki 1526 yil aprel oyida Dehli yaqinidagi Panipat jangida Bobur oʼzining 12 ming askari bilan 100 mingga yaqin katta qoʼshin va 2 mingga yaqin harbiy fillarga ega boʼlgan Dehli sultoni Ibrohim Loʼdiyni tor-mor qilib gʼalaba qozonadi. Son jihatdan katta dushman qoʼshini oz sonli lashkar bilan tor-mor etilgan bu jang harbiy sanʼat tarixidan oʼrin olgan. Bunda “toʼlqama” deb atalgan harbiy taktikani ishlatib, porox bilan ishlaydigan harbiy qurol – “toʼfak”ni va “Farangi toʼpi”, aravalarga ham oʼrnatilgan “zarbzan qurol” kabi harbiy aslahalarni joriy etgan. Bobur mutlaqo yangi qurol – artilleriya aslahasining ilk namunasini yaratgan.

U jangda oldinda borar, qiyin sharoitlarda hamma bilan birga boʼlib, mashaqqatni baham koʼrar edi. Masalan, Bobur Hirotdaligida Kobulda notinchlik yuz berib, togʼ yoʼli bilan Kobulga qaytishga majbur boʼladi. Ular toQda otni, odamni koʼmadigan qalin qorga duch kelishadi. Shunda Bobur askarlari bilan barobar yurib, qor tepib, yoʼl ochadi. Kechasi uni dam olgani gʼorga taklif qilganlarida koʼnmaydi, boshqalar qatori ochiq havoda tunaydi va “Doʼstlar bilan birga oʼlish toʼydir!” deydi.

Jangga kirish oldidan Mirzo Boburning askarlariga murojaati juda taʼsirlidir. “Oralaringizda oʼlmaydigan, abadiy tirik qoladiganingiz bormi? Quyosh botish uchun chiqadi, odamzod oʼlish uchun tugʼiladi. Bu ayni haqiqat! It ham oʼladi, yigit ham oʼladi. Lekin ularning oʼlimi orasida farq bor. It nafsi sabab oʼlsa, yigit jamiyatini, yurtini, or-nomusini himoya qilib jon taslim etadi. Yigit kishi oʼz elini, Vatanini, shon-shavkatini, din-diyonatini, ona tuprogʼini koʼz qorachigʼidek asrash yoʼlida vafot etsa, bu sharafli oʼlimdir. Аvlodlarning erki, tinch va osoyishta yashashidan ulugʼ neʼmat bormi oʼzi”.

Xulosa sifatida aytish joizki, buyuk sarkardalarning harbiy dahosi quyidagi jihatlarda namoyon boʼlgan:

 muntazam qoʼshin tuzib, askarlarning jasurligi, harbiy tayyorgarligi, jismoniy va ayniqsa, maʼnaviy tarbiyasiga katta eʼtibor qaratilgan;

 ular doim qoʼshinning oldingi safida yoʼl boshlab, ogʼir nuqtalarda shaxsiy namuna va qahramonlik koʼrsatgan;

 jangsiz ham strateg sifatida taktika, manyovr va ruhiy hujumlarni oʼz oʼrnida ishlatib gʼalabaga erishgan;

 buyuk sarkardalar dushman bilan “sultoniy” (“yakkama-yakka”) jangga chorlash orqali jang taqdirini hal qilgan;

 kuchlar nisbati noteng boʼlgan janglarga kirib, harbiy hiylalar ishlatib, ajoyib gʼalabalarni qoʼlga kiritgan;

 janglarga karnay-surnay sadolari ostida, davlat bayrog’ini hilpiratib, sherdek naʼra tortib, shiddat bilan “Ur-ho, ur!” deb, qoʼqqisdan shiddatli hujum qilishgan, dushman kuchlarini yoyib tashlashgan, ularni tarqoq boʼlaklarga boʼlib yakson qilishgan va muvaffaqiyatga erishishgan;

 jangovar tartibi (yosol) takomillashtirilgan, Аmir Temur ogʼir qurolli (zirhlangan) otliqlarni joriy qilgan, qoʼshin 7 qismga ajratilib, “qanbul” bilan taʼminlangan, Bobur esa “toʼlgʼama” taktikasini kiritgan;

 sarkardalar Sharqda yangi harbiy texnikalarni joriy etganlar. Аmir Temur Sharqda birinchilardan boʼlib oʼtochar qurolni, Bobur har bir innovatsion Qoyalarda shaxsan ishtirok etgan va natijada katta toʼpponcha –  “toʼfak”, “farangi toʼpi” hamda “zarbzan qurol”ni yaratgan;

 jangdan oldin sarkardalarning askarlarni ruhlantirish uchun vatanparvarlik gʼoyalari bilan yoʼgʼrilgan va jangoldi nutqlari boʼlgan;

 vaziyatni tez payqab oluvchi strateg sifatida raqiblarining zaif tomonlarini sezgirlik bilan aniqlab, qiyinchiliklardan qoʼrqmay, ogʼir sharoitda ham qatʼiy mardona qarorlar qabul qila olganlar;

 ular himmatli va saxovatpesha podshoh boʼlganlar. Ularning insonlarga muruvvati, kechirimliligi va shafqati keng boʼlib, hatto dushmanlarga ham muruvvat koʼrsatganlar.

Buyuk sarkardalarning harbiy mahorati va mashhur janglari, jahon harbiy sanʼati rivojiga qoʼshgan hissasi hali-hamon Vatanimiz va xorij sharqshunosligida maxsus tadqiqot mavzusi sifatida oʼrganib kelinmoqda. Ushbu harbiy merosni tarixiy manbalar asosida ilmiy tadqiq etish, jahon harbiy merosiga qoʼshgan hissasiga baho berish – bugungi harbiy tarixning muhim va dolzarb masalalaridan.

“Hayotning oʼzi chevar”, deydi xalqimiz. Bu hikmat ruhini bugungi hayotimiz bilan bogʼlasak, dunyo silkinib, toʼlgʼanib turgan bir zamonda yangi Oʼzbekistondagi osoyishtalik va hamjihatlik muhitining qadri yanada oshaveradi. Shu sababli taʼkidlash joizki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini yuksaltirish, Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish yoʼlida qator saʼy-harakatlar olib borilmoqda, jumladan, barcha qoʼshinda hamkorlikdagi hozirjavob va jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish, axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash istiqboldagi dolzarb vazifalar boʼlib qoladi.

Harbiy kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish hamda harbiy ilmni rivojlantirish borasida Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʼmondoni tomonidan harbiy mojarolar va zamonaviy jang amaliyotlarini, milliy harbiy sanʼat tarixini chuqur oʼrganish, qoʼshinlarning tayyorgarlik usul va uslublarini yanada takomillashtirish ustuvor vazifalari belgilangan.

Bu kabi chora-tadbirlar zamirida ham katta hayotiy haqiqat turibdi. Gap shundaki, mamlakat mudofaa salohiyati qanchalik qudratli va xalq bilan bir tanu bir jon boʼlsa, odamlar xotirjam yashaydi. Xotirjamlik esa ulugʼvor reja-maqsadlarni amalga oshirishga undaydi.

Dilshod Choriev,

Oʼzbekiston Respublikasi

Qurolli Kuchlari Harbiy meros va

zamonaviy tadqiqotlar instituti

bosh ilmiy xodimi, polkovnik

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net