Millat va mamlakat taqdiriga daxldorlik tuygʻusi. Bu qadriyat xalqni yuksalish sari yetaklaydi

29.03.2023 18:01

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda kechayotgan islohotlar hayotimizning har bir jabhasida yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Bu islohotlar samarasi, avvalo, xalqimiz turmush tarzini va dunyoqarashini tubdan oʻzgartirdi. Yurtdoshlarimizning jamiyatdagi oʻzgarish va yangilanishlar jarayonida faolligi oshmoqda, davlat ahamiyatiga molik muhim loyihalar ijrosini taʼminlashda ishtiroki kengayayotir. Bularning barchasi inson manfaatini ulugʻlab, obod va farovon jamiyat barpo etishni koʻzlagan ezgu saʼy-harakatlar natijasidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz vazifasiga kirishgan ilk kunlardanoq kuchli demokratik davlat qurish, bu yoʻlda xalq manfaatini hamma narsadan ustun qoʻyish, jamiyatda ochiqlik, oshkoralik muhitini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. Bu borada kechiktirib boʻlmas vazifalarni aniqlab olish, ular tomon tizimli harakat qilish maqsadida dono xalqimiz bilan bamaslahat Harakatlar strategiyasi amalga oshirildi. Endi esa uning mantiqiy davomi boʻlgan Taraqqiyot strategiyasi asosida yangi, yanada ulkan vazifalar ijrosiga kirishilgan. Oʻtgan davr mobaynida mazkur hujjatlar asosida mamlakatda barcha sohalarda keng koʻlamli islohotlar kechdi. Bugun bu oʻzgarish va yangilanishlarni odamlar oʻz kundalik hayotida his etmoqda.

Albatta, qisqa muddatda bunday natijalarga erishish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Bularning zamirida davlatimiz rahbarining qatʼiyati va siyosiy irodasi mujassam. Ana shunday aniq maqsad va uzoqni koʻzlab yuritilayotgan siyosat tufayli bugun har tomonlama rivojlangan Yangi Oʻzbekiston barpo etilmoqda. Uchinchi Renessans poydevori yaratilib, xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan gʻoya hayotda oʻz tasdigʻini topayotir. Natijada davlat va hokimiyat idoralarining ish prinsipi oʻzgardi. Har bir islohot va yangilanish inson manfaati, uning turmush farovonligi yoʻlida amalga oshirilishi belgilandi.

Xalq bilan muloqotning yangicha tizimi samarasi

Mamlakatda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik, oshkoralik boʻlishi qatʼiy talablardan biriga aylandi. Senator va deputatlar, vazir va hokimlar, barcha boʻgʻindagi mansabdor shaxslar fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning dardu tashvishi bilan amalda jiddiy shugʻullana boshladi. Yaʼni bugungi kunda davlat organlari xalq uchun, har bir fuqaro uchun ochilib, faol muloqot olib bormoqda. Bu borada xalq bilan muloqotning mutlaqo yangi tizimi, yangicha instituti yaratildi. Xususan, Prezidentimizning Virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Natijada xalqimiz dard-hasratini, yillar davomida yigʻilgan muammolarini ochiq-oshkora ayta olishi uchun imkoniyat paydo boʻldi.

Inson qadri — ulugʻ, u ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun oʻz hayotidan rozi va mamnun boʻlib yashashi kerak, degan ezgu gʻoya ijobatini yurtdoshlarimiz bugun oʻz taqdiri va turmushida koʻrib, his qilib turibdi. Ochiqlik siyosati tufayli xalqimizning davlatga ishonchi yanada mustahkamlandi. Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi asosida bu boradagi ishlar rivojlanib, inson qadrini ulugʻlash, aholining farovon yashashini taʼminlash, hayotdan rozi qilishdek ezgu ishlar tobora kengayib borayotir.

Taraqqiyot strategiyasi Harakatlar ­strategiyasining uzviy davomi boʻlib, “Davlat — inson uchun” ezgu gʻoyasini hayotga tatbiq etish maqsadida uning umumxalq muhokamasi orqali qabul qilinishi muhim ishlarda xalqqa tayanish va u bilan bamaslahat ish olib borishdek asosiy demokratik tamoyillar hayotimizdan chuqur oʻrin olganidan dalolat beradi.

Inson qadri deganda, har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmani tashkil etish, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratib berish tushuniladi. Bu maqsadga erishish uchun esa dunyoda noyob demokratik tuzilma boʻlgan mahalla institutining katta imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, pirovard natijada mahallani jamiyatimizning hal qiluvchi boʻgʻiniga aylantirish vazifasi qoʻyilmoqda. Xususan, bugungi kunda har bir mahallaga aholi soni, ularning infratuzilmasi holatidan kelib chiqib yetarli miqdorda mablagʻ ajratilmoqda. Mahalla raislari, xotin-qizlar faollari, hokim yordamchilari, profilaktika inspektorlari fuqarolar bilan doimiy ish olib borib, ularni qiynayotgan muammolarni bosqichma-bosqich hal etmoqda. Barcha masalalar mahallaning oʻzida oʻrganilib, yechimini topmoqda.

Prezidentimizning “2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mahallalar hayotini yangi bosqichga koʻtardi. Qaror asosida mahallalardagi ichki yoʻllar, ichimlik va oqova suv, elektr energiyasi, gaz taʼminoti va boshqa ijtimoiy obyektlarni taʼmirlash uchun mablagʻ ajratilmoqda.

Ijtimoiy himoyaning muhim koʻrinishi

Aholining hayot darajasini ifoda etuvchi muhim omillardan yana biri uy-joy taʼminoti masalasidir. Soʻnggi yillarda bu masala ham davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi. Natijada qisqa vaqt ichida mamlakatimizda ulkan qurilish ishlari olib borilib, minglab oilalar vatan ichra kichik vataniga ega boʻldi. Xususan, 2018-yildan buyon uy-joy qurilishi qariyb 2 barobar ortgan. Aholi jon boshiga uy-joy bilan taʼminlash darajasi 15,7 kvadrat metrdan 18,2 kvadrat metrgacha yoki 16 foiz oshgan. Birgina 2022-yilning oʻzida 24,3 ming xonadon foydalanishga topshirilgan.

Shuningdek, 2020-yilda ijtimoiy nafaqa oluvchilar qamrovi 2 barobar oshirilib, 1 million 200 mingga yetdi. Oʻrtacha ish haqi 1293,8 mingdan 3214,8 ming soʻmga oshdi. Yillar davomida yashirib kelingan kambagʻallik muammosi borligi Prezidentimiz tomonidan ochiqlanib, unga qarshi keskin kurash boshlab yuborildi. Ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash boʻyicha mutlaqo yangicha “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tizimi joriy etildi. Mamlakatda inson huquqlari kafolatlari mustahkamlanib, majburiy mehnatga, shu jumladan, bolalar mehnatiga butunlay barham berildi.

Avvallari oʻqituvchilar, tibbiyot xodimlari va boshqa ijtimoiy soha vakillari oʻz kasbiy faoliyati, oʻquvchi va talabalar oʻqishi bilan shugʻullanmay, butun kuz fasli davomida paxta terimiga jalb etilar edi. Maktablarda erkak oʻqituvchilarning soni keskin kamayib ketgandi. Bu, oʻz oʻrnida, bolalarning taʼlim-tarbiyasiga salbiy taʼsir oʻtkazdi.

Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli soʻnggi yillarda ushbu muammo yechim topdi. Majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanishga chek qoʻyilishi ortidan oʻzbek paxtasiga eʼlon qilingan boykot bekor qilindi. Natijada dunyoning eng koʻzga koʻringan uch yuzdan ortiq brendi bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish imkoniyati paydo boʻldi.

Bu sohada bozor iqtisodiyotining sinalgan va samarali usullari, jumladan, klaster tizimi joriy etildi. Tizim yil sayin rivojlantirildi, natijada 2021-yilga kelib respublikada ­agroklasterlar soni 633 taga yetdi. Ular 2,2 million gektar qishloq xoʻjaligi yerini qamrab oldi. Klasterlar yordamida paxta boʻyicha gektaridan 50 sentner, gʻalla boʻyicha 100 sentnerdan hosil olish koʻzlanmoqda.

Ijtimoiy soha vakillarini majburiy mehnatdan ozod qilish barobarida ularning faoliyatini rivojlantirishga ham eʼtibor kuchaydi. 2016-yilda bolalarni bogʻchalarga qamrab olish bor-yoʻgʻi 30 foizni tashkil etardi, xolos. Bugungi kunda maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni qariyb 30 mingga yaqinlashdi, shundan 23 mingga yaqinini nodavlat bogʻchalar tashkil etadi. Ayni paytda 2 million 100 ming yoki 71,8 foiz bola bogʻchaga qamrab olindi. Mazkur koʻrsatkichni 2023-yilning oxiriga qadar 75 foizga yetkazish reja qilingan.

Keng jamoatchilik va ota-onalarning fikr hamda takliflari asosida maktablarda 11 yillik taʼlim qayta tiklandi. Maktab oʻqituvchilarining ish yuklamalari maqbullashtirildi. Xalq taʼlimi xodimlarining ijtimoiy shart-sharoitini yaxshilashga eʼtibor ortdi. Oʻquvchilar soni yil sayin koʻpayib, 2017/2018 oʻquv yilida jami 5271,3 mingdan, 2021/2022 oʻquv yiliga kelib 6304,6 mingga oshdi. Oʻz navbatida, shunga mos ravishda maktablar hamda oʻqituvchilar soni ham ortdi. Xususan, maktablar soni 2016-yildagi 9719 tadan 2021-yilda 10 ming 289 taga yetkazildi. Oʻqituvchilar soni esa 2021/2022 oʻquv yilida 510 mingga yetdi.

Yoshlarning iqtidori va salohiyatini toʻgʻri yoʻnaltirish maqsadida umumtaʼlim fanlarini oʻqitishning butunlay yangicha tizimi yaratildi. Prezident maktabi, ixtisoslashtirilgan hamda ijod maktablari tashkil etildi.

Mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida ham qator ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirildi. Oliy oʻquv yurtlari soni 200 dan ortdi, ularga qabul kvotasi 4 barobar koʻpaydi. Oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga yetkazildi.

Taʼlim va tarbiya masalasi umummilliy harakatga aylandi. Oʻqituvchining mavqeini yuksaltirish, ustoz-muallimlarga munosib shart-sharoit yaratish maqsadida pedagog xodimlarning ish haqi bosqichma-bosqich oshirib borilmoqda.

Biz pandemiyani qanday yengdik?

Aholi salomatligini mustahkamlash borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilib, ustuvor maqsadlar aniqlab olindi. Aholiga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida xususiy tibbiyot tashkilotlarining tibbiy ixtisosliklar boʻyicha litsenziya olishiga imkoniyat yaratildi. Xususiy tibbiyot muassasalari soni 1,8 barobar koʻpayib, 4000 tadan 7049 taga yetdi.

Tez tibbiy yordam xizmatida islohotlar oʻtkazilib, bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun ajratilgan mablagʻ 500 soʻmdan 7700 soʻmga oshirildi. Tez yordam shoxobchalari soni 5 yil ichida 818 tadan 1666 taga yetkazildi. Chaqiriqlarga oʻrtacha yetib borish vaqti 25-30 daqiqadan 8-12 daqiqaga qisqardi. Reanimobil transport vositalari soni esa 24 tadan 435 taga koʻpaytirildi.

Pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish uchun davlat tomonidan jami 82 trillion soʻmlik kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, inqirozga qarshi jamgʻarma tashkil etilib, koronavirusga qarshi kurashish, aholi va korxonalarni qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq tadbirlarga byudjetdan 16 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi.

Farmatsevtika sohasini izchil rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, Prezidentimizning tegishli qarorlari qabul qilindi. Pandemiya davri uchun oʻta muhim boʻlgan remdesivir, favipiravir, geparin, enoksaparin va boshqa preparatlarni qisqa muddatda yurtimizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, Sputnik V, AstraZeneca, ZF-UZ-VAC2001, Moderna vaksinalari olib kelinib, xalqimiz bepul emlandi. Ushbu ishlar Oʻzbekistondagi insonparvar siyosatning muhim koʻzgusi sifatida dunyoga boʻy koʻrsatdi.

Oʻzbekiston 182 mamlakat bilan savdo aloqalarini oʻrnatdi

Oʻtgan vaqt davomida iqtisodiyot sohasida ham yangilanishlar, tezlik bilan oʻsish jarayonlari yuz berdi. Jumladan, yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash va iqtisodiy faollikni oshirish borasida koʻrilgan choralar natijasida iqtisodiy oʻsish yillik 4,4 foizdan 2021-yilga kelib 7,4 foizni tashkil etdi. Aholining YAIMdagi ulushi 2021-yilda kishi boshiga 21 million soʻmni tashkil etib, 2,7 foizdan 5,3 foizga oʻsdi.

Pul-kredit (monetar) siyosatidagi oʻzgarishlar haqida gapirganda, eng avvalo, valyuta bozori liberallashtirilganini alohida taʼkidlash joiz. Chunki birgina ushbu islohot tadbirkorlarning koʻplab ovoragarchiligiga chek qoʻyib, eksportni jadallashtirishga zamin yaratdi. Bu boradagi ishlarni normativ hujjatlar bilan tartibga solish maqsadida yangi tahrirdagi “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Shuningdek, byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish tizimi takomillashtirilib, parlamentning byudjet jarayonidagi roli oshirildi. “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qabul qilindi. Tadbirkorlik subyektlari uchun yagona ijtimoiy toʻlov pasaytirilib, 12 foiz etib belgilandi. Soliqqa tortishni soddalashtirish maqsadida amaldagi soliqlar soni 13 tadan 9 tagacha kamaytirildi.

Xalqaro iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish va investitsiyalarni faol jalb etish borasida tub burilishlar yuz berdi, investitsiya siyosati takomillashtirildi. Asosiy kapitalga oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi ortib, 2021-yilda ularning hajmi 239,6 trillion soʻmni tashkil etdi. Ushbu koʻrsatkich 2016-yilda bor-yoʻgʻi 51,2 trillion soʻm edi.

Bojxona nazorati jarayonining asosiy qismi avtomatlashtirilib, inson omili aralashuviga chek qoʻyilishi natijasida huquqbuzarliklar 4 barobar, bojxona tekshiruvlari soni 1,7 barobar kamaydi. Oʻzbekiston jahonning 182 mamlakati bilan savdo aloqalarini oʻrnatdi. Shuningdek, sanoatning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish choralari koʻrildi. Natijada sanoat mahsuloti hajmi 2021-yilda 456,1 trillion soʻmga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi aholi jon boshiga 13,1 million soʻmga yetkazildi. Biz uchun oʻta muhim boʻlgan toʻqimachilik tarmogʻida korxonalarimiz paxtani yetishtirishdan uni chuqur qayta ishlashgacha, yakuniy mahsulot ishlab chiqarishga qadar boʻlgan barcha texnologik jarayonlarni puxta oʻzlashtirdi.

“Yashil rivojlanish” istiqbollari

Ona zaminimiz bagʻridagi boy xom­ashyo va qazilma boyliklarini el-yurtimiz manfaatlari yoʻlida ishlatish maqsadida yuqori samarali, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilmoqda. Bu boradagi saʼy-harakatlar tufayli keyingi yillarda Qandim gazni qayta ishlash majmuasi, Toshkent metallurgiya zavodi kabi yirik va noyob obyektlar ishga tushirildi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati hamda Oʻzbekiston metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirildi. Ana shu ishlarning davomi sifatida yaqinda yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining loyiha qiymati 2 milliard AQSH dollariga teng boʻlgan yangi mis boyitish fabrikasi qurilishi boshlandi. Shuningdek, jahonda faqat 4 davlatda boʻlgan yirik loyihalardan biri — “Uzbekistan GTL” sanoat majmuasi barpo etildi.

Bundan tashqari, “yashil energetika”, “raqamli iqtisodiyot” hamda transport sohasini rivojlantirishga alohida ­eʼtibor qaratildi. Jumladan, 394 ta yangi mahalliy avtobus yoʻnalishi ochildi. Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Rossiyaga jami 32 ta muntazam xalqaro avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Qatnov yoʻli uzunligi ortdi. Xususan, 2021-yilda temir yoʻl 4732,8 kilometr, qattiq qoplamali avtomobil yoʻli 42 299 kilometr va metropoliten yoʻli 59,1 kilometrga yetkazildi.

Iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishda alohida ahamiyatga ega boʻlgan xususiylashtirish jarayonida faqat davlat korxonalarini sotish emas, balki ularning raqobatbardoshligini oshirish, iqtisodiy sohadagi milliy manfaatlarni mustahkamlashga xizmat qiladigan mutlaqo yangi yondashuvlarni qoʻllashga ustuvor ahamiyat qaratildi. Davlat aktivlarini sotishda shaffoflik va samaradorlikni, keng jamoatchilik ishtirokini taʼminlaydigan mexanizmlar amaliyotga joriy etildi. Ayni vaqtda davlat aktivlari, koʻchmas mulklar, binolar, avtotransport vositalari auksionlar orqali sotuvga qoʻyilmoqda.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq jarayonlar yengillashtirildi, koʻplab yangi imtiyozlar yaratildi. Hududlarni kompleks rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan orqada qolayotgan tuman va shaharlarni taraqqiy ettirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash masalasi muhim vazifalardan biri boʻlib qolmoqda.

Umuman, qishloq va mahallalarning arxitektura qiyofasini tubdan oʻzgartirish borasida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari amaliyotga joriy etildi. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash boʻyicha katta mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Xususan, aholining ichimlik suv taʼminotini yaxshilash uchun har yili qariyb 4 trillion soʻm, yoʻllar holatini yaxshilashga esa 6 trillion soʻmga yaqin mablagʻ ajratib kelinmoqda.

Yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonch ruhi

Oʻzbekistonning har bir fuqarosi oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjat, yaʼni pasportida yozilganidek, davlat himoyasini amalda his qilmoqda. Chet ellarda ishlayotgan yurtdoshlarimizga nisbatan munosabat butkul ijobiy tarafga oʻzgardi. Chet ellarda ularning huquqlari poymol boʻlishining oldini olish, ijtimoiy muhofazasini taʼminlash, tashkillashtirilgan migratsiyani yoʻlga qoʻyish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratildi.

Bilib-bilmay turli ekstremistik guruhlarga qoʻshilib qolgan vatandoshlarimizga nisbatan kechirimli boʻlish, ularga insoniylikning eng yuksak namunasini koʻrsatish muhim islohotlardan biriga aylandi. Ularni toʻgʻri hayotga qaytarishda ilm-maʼrifat yoʻlidan borish asosiy maqsad qilib olindi. Mamlakatimiz tarixida ilk bor “Mehr” operatsiyalari amalga oshirilib, Suriya, Iroq va Afgʻonistondan ayollar va bolalar vatanimizga qaytarib olib kelingani buning yaqqol tasdigʻidir.

Shuningdek, oʻtgan davr mobaynida tashqi siyosat sohasida xorijiy, birinchi navbatda, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasida izchil islohotlar amalga oshirildi. Bu borada xalqaro munosabatlarning yangi sahifasi ochildi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Buning natijasida Oʻzbekistonning tashqi siyosat maydonidagi mavqei yuqori darajaga koʻtarilib, kundan-kun ortmoqda. Barcha mamlakatlar, ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari bilan koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va oʻzaro ishonch ruhidagi aloqalar mutlaqo yangi darajaga koʻtarildi. Natijada Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlar bilan savdo aylanmasi 5 barobar ortdi. Yopilgan aksariyat chegara punktlari ochildi. Turli toʻsiqlar olib tashlandi. Uzoq yillar bir-birini koʻra olmagan qarindoshlar diydorlashdi, xalqlarimiz bir-biriga yanada yaqin boʻldi.

Bundan tashqari, fuqarosizlikni kamaytirish maqsadida 2016-2022-yillar mobaynida fuqaroligi boʻlmagan 76 mingdan ziyod shaxs Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilindi va bu holat BMT Bosh kotibi tomonidan boshqa davlatlarga namuna sifatida koʻrsatildi.

Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, soʻz va diniy eʼtiqod erkinligi, gender tenglik boʻyicha erishayotgan yutuqlarimiz nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil mustahkamlanib bormoqda. Xususan, Oʻzbekiston milliy va diniy anʼanalarga sodiqlik borasida ham barchaga oʻrnak boʻlib kelmoqda. Respublikamizdagi bagʻrikenglik siyosati tufayli 2016-2021-yillarda diniy tashkilotlar soni jami 2239 tadan 2323 taga yetdi. Ulardan 2132 tasi islomiy, 191 tasi noislomiy tashkilotdir. 2021-yilning oʻzida 96 masjid qurilib, ularning jami soni 2104 taga yetdi.

Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan va davom etayotgan keng koʻlamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlashga, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinligini, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Soʻzimiz avvalida aytganimizdek, islohotlar shunchaki amalga oshmadi. Ular millat va mamlakat taqdiriga daxldorlik, el-yurt manfaatlarini oʻz manfaatlari bilan uygʻun koʻrgan davlat rahbarining qatʼiyati, siyosiy irodasi, shijoati va dono xalqimizning fidoyi mehnati, sabr-qanoati bilan amalga oshirildi.

Bugun yurtimizning har bir jabhasida oʻzgarishlar, rivojlanishlar davom etmoqda. Oʻziga nisbatan talabchan boʻlish, har bir ishni har safar yangidan boshlagandek shijoat bilan amalga oshirish, vazifalar natijasiga tanqidiy koʻz bilan qarash talabi har bir masʼul davlat xizmatchisi uchun muhim dasturulamal boʻlmoqda. Zero, erishilgan yutuqlarga mahliyo boʻlmay, ildamlashda davom etar ekanmiz, bugun tamal toshi qoʻyilayotgan yangilanishlar kelajakda, albatta, oʻz mahsulini beradi. Bu saʼy-harakatlarimiz xalqimizning ezgu orzusi boʻlgan Uchinchi Renessansning, yuksak taraqqiy etgan Yangi Oʻzbekistonning poydevorini barpo etishda muhim asos boʻladi.

Qutbitdin Burhonov,

Oliy Majlis Senatining

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net