Markaziy Osiyo – keng koʻlamli sheriklik va muloqot uchun jipslashgan, barqaror taraqqiyotli, yangicha ruhdagi ochiq mintaqa

25.05.2023 16:59

Yangi Oʻzbekistonning tashqi siyosati va xalqaro savdo aloqalariga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, mintaqa davlatlari bilan hamkorlik oʻzaro manfaatlar asosida rivojlanayotganini koʻrish mumkin. Bu jarayonda “C5+1” platformasining ahamiyati alohida oʻringa ega.

Markaziy Osiyo global maydonda diplomatik muvofiqlashtirishni amalga oshirish maqsadida Xitoy, AQSH, Rossiya, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi kabi turli tomonlar bilan C5+1 mexanizmini oʻrnatgan. Mazkur muloqot maydoni mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotini mustahkamlash va uning oʻsishini taʼminlash, oʻzaro savdo-sotiqni oshirish, kompleks rivojlanishni ragʻbatlantirish hamda koʻp tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish uchun barcha mavjud salohiyatdan foydalanish imkonini beradi.

“Markaziy Osiyo – Xitoy” birinchi sammitida ham oʻzaro qoʻshni davlatlar yetakchilarining oliy darajadagi muzokaralari natijasi oʻlaroq, hamkor mamlakatlar iqtisodiyoti taraqqiy etishi va xalqlarining farovon hayot kechirishi uchun muhim asoslarni paydo qiladi.

Sammit kun tartibida koʻplab masalalar oʻrin olgan boʻlib, uni oʻtkazish Xitoy va Markaziy Osiyodagi qoʻshni davlatlar oʻrtasida yanada keng siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni taʼminlashga xizmat qiladi. Uning doirasida asosiy hamkorlik tashabbuslari boʻyicha 54, koʻp tomonlama hamkorlik mexanizmlari va platformalari boʻyicha 19, sammitning koʻp tomonlama hujjatlari boʻyicha 9 kelishuvga erishildi. Ularda elektron tijorat sohasida muloqot va hamkorlik, oʻzaro savdoni rivojlantirish, savdo tuzilmasini diversifikatsiyalashga koʻmaklashish va doimiy ravishda osonlashtirish, “Markaziy Osiyo – Xitoy” yangi iqtisodiy muloqotining qoʻshma strategiyasini ishlab chiqish, ustuvor yashil investitsiya loyihalari maʼlumotlar bankini yaratish, barcha chegara punktlarida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining bojxona rasmiylashtiruvi uchun “Ekspress koridor” amaliyotini kengaytirish, xalqaro savdoda “yagona oyna”ning oʻzaro bogʻliqligini oshirish, bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish kabi muhim yoʻnalishlar mavjud.

Shuningdek, “Markaziy Osiyo – Xitoy” transport yoʻlagi, qayta tiklanadigan energiya manbalari hamda sunʼiy intellekt, “aqlli” shahar kabi yuqori texnologiyali sohalarda hamkorlikni kengaytirish, iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini yumshatishda “yashil” yechimlarni ishlab chiqish, “Global rivojlanish”, “Global xavfsizlik”, “Global sivilizatsiya” tashabbuslari doirasida davlatlar oʻrtasida raqamli savdo sohasida hamkorlikni amalga oshirish kabi muhim yoʻnalishlarda ham kelishuvlarga erishildi.

Shu oʻrinda sammit tashkil etilgan hudud haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsak. Sian Xitoyning markaziy-shimoli-gʻarbiy shahri hisoblanadi. Bu hudud uchrashuv uchun ramziy joy boʻlib, bir vaqtlar Xitoyni Markaziy Osiyo va Oʻrta yer dengizi bilan bogʻlagan qadimgi savdo yoʻli, Buyuk ipak yoʻlining sharqiy boshlanish nuqtasi hisoblanadi.

Sammit ishtirokchisi boʻlgan davlatlar azaldan jahon miqyosida muhim sheriklar boʻlib kelgan. Oʻzaro ishbilarmonlik hamkorligini chuqurlashtirish, tomonlar manfaatiga mos natijalarga erishish, mintaqaviy iqtisodiyotning sifatli rivojlanishiga koʻmaklashadigan hamjamiyatni barpo etish ushbu davlatlarni birgalikda ishlashga ragʻbatlantiradi. Xitoy Markaziy Osiyoning eng yirik savdo sherigi hisoblanadi. 2022-yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi rekord – 70 milliard dollarga yetdi. Sammit oldidan Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi tomonidan oʻzaro savdo aylanamasiga doir hisobotlar taqdim etildi. Unga koʻra, Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlari bilan import va eksport hajmi 2023-yilning dastlabki toʻrt oyida 173,05 milliard yuanni (24,8 milliard dollar) tashkil etgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 37,3 foizga oʻsish demakdir.

Sammit bir necha yillardan buyon tajribadan oʻtkazilayotgan yangi format boʻlib, Markaziy Osiyo – Xitoy oʻrtasidagi hamkorlik maqomini oshiradi. Uning doirasida Xitoy, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston rahbarlari oʻzaro munosabatlarning oʻsish nuqtalarini koʻrib chiqdi. Barcha sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan asosiy xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdi va oʻzaro kelishuvlarga doir muhim hujjatlarni imzoladi.

“Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitida davlatimiz rahbari nutq soʻzlab, oʻzaro hamkorlikning muhim jihatlariga toʻxtalib oʻtdi.

Qayd etildiki, Markaziy Osiyo uchun alohida ahamiyatga ega boʻlgan barqaror transport-logistika zanjiridagi jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat va energetika xavfsizligiga tahdidlar, inflyatsiya importi oʻsib borayotgan sharoitdagi ijtimoiy keskinlik bilan bogʻliq xavf-xatarlar va boshqa muammolar oʻzaro amaliy hamkorlikni kuchaytirish va faoliyatni yanada koʻproq muvofiqlashtirishni talab etadi.

Yana bir muhim masala, ishtirokchi davlatlar yetakchi “aql markazlari”ning birgalikdagi faoliyatini yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratish talab etiladi. Tahlil institutlari, olim va mutaxassislar strategik yondashuvlar, kompleks tavsiya va qarorlar, mintaqaviy va global miqyosda tub burilish yasaydigan loyihalarni ishlab chiqishi lozim.

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari va erishilgan kelishuvlarda kambagʻallikni qisqartirish, qishloq xoʻjaligi, yerdan foydalanish, kichik va oʻrta biznes, infratuzilmani modernizatsiya qilish, tibbiy xizmat va professional taʼlim sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar boʻyicha tajriba almashish va amaliy choralar koʻrishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Davlatimiz rahbari mamlakatlarimiz va butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni shakllantirishga doir tashabbuslarni ilgari surdi. Oʻzbekiston yangi iqtisodiy muloqotni shakllantirish va oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish tarafdori ekanligi maʼlum qilindi.

Prezidentimiz kambagʻallikni qisqartirish masalasiga toʻxtalib, uning yechimi aholi farovonligini taʼminlashning eng muhim sharti ekanini qayd etib oʻtdi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston agrar tarmoqni modernizatsiya qilish, shoʻrlangan va shoʻrxok yerlarda ekinlar yetishtirish, shahar va qishloqlar oʻrtasida ishlab chiqarish zanjirlarini yoʻlga qoʻyish masalalarida Xitoy bilan hamkorlikni davom ettirish muhimligini taʼkidladi.

Shuningdek, iqlim oʻzgarishi va “yashil” energetika boʻyicha hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratgan holda, Xitoyning quyosh, shamol va gidroenergetika, shuningdek, loyihalarni qoʻllab-quvvatlashning moliyaviy vositalari sohasida texnologik jihatdan yetakchi ekanini hisobga olib, muqobil energetika boʻyicha yaqin ilmiy-amaliy sheriklikni kengaytirish zarurligi qayd etildi. Muqobil energetika sohasida investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni jadallashtirishga qaratilgan “Ekologik toza rivojlanish”ni taʼminlash boʻyicha yoʻl xaritasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

Mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha hamkorlikni davom ettirish masalalariga ham toʻxtalib, “Xavfsiz Ipak yoʻli” konsepsiyasini amalga oshirish maqsadida Afgʻoniston masalasidagi qoʻshma saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirish muhim ekanini qayd etdi.

Hozirgi geosiyosiy ziddiyatlar davrida bunday ochiq va yaqin muloqotlar, doʻstona aloqalarni yanada kengaytirish hamkor davlatlar uchun nihoyatda zarur hisoblanadi. Prezidentimizning sammit doirasida mintaqa davlatlari rahbarlari bilan oʻtkazgan muzokaralarida milliy manfaatlarimiz faol ilgari surildi va muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, sammit doirasida Oʻzbekiston va Xitoy rahbarlari Qoʻshma bayonot imzoladi, 2023–2027-yillarga moʻljallangan har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

Bundan tashqari, texnik-iqtisodiy hamkorlik, oʻrta taʼlim maktablari salohiyatini rivojlantirish boʻyicha loyihani amalga oshirish, parranda goʻshtini yetkazib berishda karantin va veterinariya-sanitariya talablari, Xitoyga uzum eksport qilishda fitosanitar talablar va nazorat, vakolatli iqtisodiy operatorlar dasturlarini oʻzaro tan olish, ustuvor investitsiya loyihalarini ilgari surish, ommaviy axborot vositalari sohasida hamkorlik, 2023–2024-yillarga moʻljallangan ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida hamkorlikka oid bitim, bayonnoma, memorandum va dasturlar imzolandi.

Shuningdek, elektr uzatish liniyalari va nimstansiyalar qurish loyihasini moliyalashtirish, multimodal logistika markazi, Oʻzbekiston – Xitoy agrosanoat va Agroinnovatsion parkini, biotexnologik klasterini tashkil etish, Oʻzbekiston lokomotivlari parkini yangilash va modernizatsiya qilish, “Oʻzbektelekom” AKning telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada kengaytirish, “EXEED” va “BYD Auto Industry” kompaniyasi bilan hamkorlikda zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarish, “Oʻzbekiston milliy banki” AJ bilan “Xitoy Eksim banki” va “Xitoy taraqqiyot davlat banki” oʻrtasida kredit liniyalarini jalb qilish, “China Export and insurance corporation” bilan hamkorlikka doir hujjatlar rasmiylashtirildi.

Bu kabi kelishuvlar oʻzaro savdo-iqtisodiy, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqishga katta hissa qoʻshadi, albatta.

Yana bir kelishuv Namangan viloyatida “Norin GES kaskadini qurish” va Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida “Aygain GES kaskadini qurish” loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashga doir boʻldi. Umumiy qilib aytganda, tashrif doirasida ikki davlat oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 41 hujjat imzolandi.

Xitoyning “Energy INTL Group CAS CO” kompaniyasi tomonidan yurtimizda qurilayotgan shamol energetikasi loyihasi mamlakatimiz rivojida muhim oʻrin egallaydi. Chunki u qayta tiklanadigan energiya manbasini hosil qilib, qazib olinadigan yoqilgʻiga qaramlikni kamaytiradi. Bundan tashqari, bu mahalliy aholi uchun ish joylarini taqdim etadi va iqtisodiy oʻsishga hissa qoʻshadi.

Bugun tomonlar strategik sheriklik munosabatlarini uzluksiz va izchil rivojlantirish maqsadida SHHT va “Bir makon — bir yoʻl” tashabbusi doirasida hamkorlikni chuqurlashtirishga ustuvor ahamiyat qaratyapti. Ularda ikki va koʻp tomonlama iqtisodiy munosabatlarni yanada ravnaq toptirish, transport, logistika, tranzitga oid yangi imkoniyatlarni ishga solish ustuvorlik kasb etadi.

Shu oʻrinda sammitga aʼzo davlatlar iqtisodiyotining 2023-yil birinchi choragi koʻrsatkichlariga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti 5,5 foizga oʻsganini kuzatish mumkin. Ishtirokchi davlatlar YAIM oʻsish koʻrsatkichlari ham bu davrda oʻtgan yilning dastlabki 3 oyiga nisbatan tezlashgan. Jumladan, Qozogʻistonda 4,9, Qirgʻizistonda 4,6, Xitoyda 4,5 foizga YAIM oʻsishi qayd etildi.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasi 2022-yil yakunlari boʻyicha 17,2 foizga oʻsib, 7,5 milliard dollarga yetdi. Ushbu davrda Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport 15,4 foizga oʻsib, 3,1 milliard dollarga yetgan. Import esa 18,6 foizga koʻpaydi va 4,4 milliard dollarni tashkil etdi.

Shu oʻrinda Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi koʻrsatkichlarini qoʻshni mamlakatlar bilan alohida koʻrib chiqsak. Bunda eng katta ulush Qozogʻiston hissasiga toʻgʻri keladi – umumiy oʻzaro savdo aylanma hajmi 4,6 milliard dollar (oʻsish 17,9 foiz). Shundan eksport 1,4 milliard dollar, import esa 3,2 milliard dollarni tashkil etgan. Qirgʻiziston bilan tashqi savdo aylanmasi 1,3 milliard dollarni (oʻsish 32,1 foiz) tashkil etib, eksport hajmi 979,3 million dollarga, import hajmi esa 280,7 million dollarga teng boʻlgan. Turkmaniston bilan 926,3 million dollar (oʻsish 2,7 foiz) tashqi savdo aylanmasi amalga oshirilib, bunda eksport hajmi 194,8 million dollar, import hajmi esa 731,5 million dollarga teng boʻlgan. Tojikiston bilan bu boradagi koʻrsatkich 674,4 million dollarni (oʻsish 11,4 foiz) tashkil etib, eksport hajmi 519,9 million dollar, import hajmi esa 154,5 million dollarga yetgan. Bundan koʻrinadiki, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasidagi eng katta ulush Qozogʻistonga toʻgʻri keladi – 62 foiz. Qirgʻiziston 17 foiz, Turkmaniston 12 foiz va Tojikiston 9 foizdan iborat.

Agar Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi oʻzaro savdo aylanmasiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2022-yil yakunlariga koʻra eksport-import operatsiyalari 9,8 milliard dollarni tashkil etganini koʻramiz. Bu mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasida ikkinchi eng yaxshi koʻrsatkich hisoblandi. Mazkur davrda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 20 foizga oshdi. 2023-yilda esa bu koʻrsatkich 10 milliard dollardan oshishi kutilyapti.

Mutaxassislar fikriga koʻra, ikkala mamlakatda ham xomashyo bazasi yuqori. Sanoat boʻyicha ideal kooperatsiya yaratilsa, mamlakatlar ichidagi erkin bozorlarni toʻldirish imkoniyati paydo boʻladi. Ikki mamlakat ham logistika boʻyicha juda qulay joylashgan. Xitoy quruqlikdagi yoʻllar orqali Markaziy Osiyodan Yevropaga koʻprik oʻrnatishi mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, tovarlarni tezkor yetkazib berishga zamin hozirlaydi.

Xitoy texnologik rivojlanish boʻyicha yuqori samaradorlik namoyish qilyapti. Chin yurti bilan taʼlim, fan va texnologiyalarni hamkorlikda rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, sammit doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Shanxay universiteti oʻrtasida, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Pekin xorijiy tillar va madaniyat universiteti hamda Lyaonin pedagogika universiteti bilan, shuningdek, Samarqand xalqaro texnologiyalar universiteti Tyanszin fan va texnika universiteti hamda Shimoliy-sharq elektroenergetika universiteti bilan ilm-fan sohasida hamkorlik qilish boʻyicha memorandum imzoladi. Bu, oʻz navbatida, yangi bilim va ilgʻor tajribalarni yurtimiz iqtisodiyotiga investitsiya qilishga yordam beradi.

Mamlakatimiz uchun eng muhim loyihalardan biri “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli boʻlib, bu bizga Janubiy Osiyo bozorlarini ochadi. Umumiy transchegaraviy transport tarmogʻini qurish yurtimiz transport aloqasi uchun foydali hisoblanadi. Ekspertlarning hisob-kitobiga koʻra, transport infratuzilmasidagi bu yoʻnalish Oʻzbekistonning joʻnatish vaqtini deyarli 15 foizga qisqartiradi, bu hamkor davlatlar orasida eng katta qisqarishdir. Yuk tashish muddatining qisqarishi, oʻz navbatida, mamlakatimiz eksportini 13 foizdan 23 foizgacha oshiradi.

Xitoy yetakchisi Si Szinpinning “Bir makon — bir yoʻl” tashabbusi Oʻzbekistonning savdo va savdo yoʻllarini kengaytirishga xizmat qiladi. Garchi ikki davlat chegaradosh boʻlmasa-da, Oʻzbekistonning joylashuvi uni mazkur tashabbusda asosiy tugun nuqtasi sifatida joylashtiradi. Uning yoʻnalishlaridan ikkitasi Oʻzbekiston orqali oʻtadi va Gʻarbda Qozogʻiston yoki Janubda Qirgʻiziston orqali Sharqqa Xitoy bilan bogʻlanadi. Bu ikki yoʻnalish Toshkentda birlashadi va Turkmaniston orqali Eron, Gʻarbiy Osiyo va Hindistonga yetib boradi.

Ikkinchisi esa Eron portlarida bogʻlanadi. Oʻzbekistonlik yuk joʻnatuvchilar Qozogʻiston orqali oʻtuvchi yana ikkita yoʻnalish boʻyicha temir yoʻl xizmatlaridan foydalanish orqali Yevropa, Kavkaz va Turkiyaga ham ulanishi mumkin. Bu ikki davlat hududi orqali dengiz yoʻliga chiquvchi Oʻzbekiston uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi. Xitoyni mintaqamiz bilan bogʻlaydigan, Yevropa, yaqin Sharq va Afrikaga olib chiqadigan xavfsiz va eng qisqa transport yoʻlaklarini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega. Buyuk ipak yoʻlini qayta tiklashda Trans-Yevroosiyo magistrali loyihasi ustuvor ahamiyatga ega. “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” avtomobil va temir yoʻllari esa uning muhim tarkibiy qismi boʻladi.

Xalqaro ekspertlar eʼtiroficha, Oʻzbekiston Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida sezilarli iqtisodiy taraqqiyotga erishdi. Mamlakat iqtisodiy oʻzgarishlar boʻyicha ulkan maqsadlarni qoʻydi. Mamlakat hukumati yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollarga yetkazish, eksport hajmini esa 30 milliard dollardan oshirish va yalpi ichki mahsulotning 80 foizini xususiy sektor ishlab chiqarishini maqsad qilgan. 2030-yil yoki undan oldinroq Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishni va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot oʻrtacha daromad darajasi yuqori boʻlgan davlatga aylanishni istamoqda. Ushbu maqsadlarga erishish uchun Oʻzbekistonga sanoatning asosiy tarmoq va infratuzilmalariga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kerak. Shu maʼnoda, Xitoy bilan hamkorlik Oʻzbekiston iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishda muhim rol oʻynashi mumkin.

Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha boshlangan saʼy-harakatlarning yangi toʻlqini geografik joylashuv kabi tabiiy afzalliklardan samaraliroq foydalanish imkonini beradi. Bu Oʻzbekistonning mintaqaviy tranzit markaziga aylanishi va iqtisodiy rivojlanishida muhim qadamdir.

Xitoyning Guanchjou va Shanhay shaharlarida Oʻzbekiston konsulligi ochilgani ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar taraqqiyotiga qoʻshimcha turtki beradi.

Fikrimizcha, sammit Markaziy Osiyo – Xitoy munosabatlarining yangi rejasini ishlab chiqishga yordam beradi va tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikning yangi davrini ochadi.

Hech shubha yoʻqki, Markaziy Osiyo – Xitoy hamjihatligi mintaqaviy va jahon tinchligi, barqarorligi, rivojlanishi hamda farovonligiga munosib hissa qoʻshadi. Shuningdek, biznes sohasida bozor salohiyatini yanada rivojlantirishga boʻlgan ishonchni mustahkamlaydi.

Anjuman davomida amalga oshirilgan kelishuvlarning samarali natijalari xalqimiz hayoti va iqtisodiy rivojlanishimizda muhim ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, sammitning samarali natijalari yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari va har tomonlama hamkorlikning mustahkamlanishiga, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz ravnaqiga xizmat qiladi.

 

Nodir Jumayev,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net