Malayziyaning eng yirik sayyohlik ko?rgazmasida O?zbekiston turizm salohiyati namoyish etildi

04.09.2023 09:55

/“Dunyo” AA/. 1-3 sentyabr kunlari Kuala-Lumpur shahridagi Malayziya xalqaro savdo va ko‘rgazmalar markazida (MITEC) o‘tkazilgan «MATTA Fair» eng yirik va nufuzli sayyohlik ko‘rgazmasida O‘zbekistonning milliy pavilyoni tashkil qilindi, deb xabar  bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Malayziya sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi (MATTA) 1975 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 3 mingdan ortiq sayyohlik kompaniyalarini birlashtiradi. MATTA butun mamlakat bo‘ylab o‘z vakolatxonalariga ega va muntazam ravishda Malayziyaning barcha shtatlarida «MATTA Fair» sayyohlik ko‘rgazmalarini o‘tkazadi. 

Kuala-Lumpur shahridagi ko‘rgazma Osiyo-Tinch okeani mintaqasida eng yirik va mashhur “B2C” (business-to-consumer) shaklidagi ko‘rgazma hisoblanadi. Ko‘rgazmada 1300 dan ortiq sayyohlik kompaniyalari ishtirok etadi, 200 mingga yaqin mehmon tashrif buyuradi.

Ko‘rgazmada mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasining «Milliy PR-markazi» DUK boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Milliy pavilyonda «East Asia Point», «Shahraz Travel», «Orient mice», «Euroasia Travels», «Another Travel» kabi turkompaniyalar vakillari tomonidan sayyohlik dasturlari “B2B” va “B2C” formatlarda faol targ‘ib qilindi.

Shuningdek, elchixona tomonidan olib borilgan chora-tadbirlar natijasida O‘zbekistonning sayyohlik dasturlari Malayziyaning yirik turoperatorlari pavilyonlari orqali isteʼmolchilar orasida targ‘ib qilindi.

O‘zbekiston milliy pavilyonida va ko‘rgazmaning katta sahnasida mamlakatning turizm va investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilariga respublikamizda turli jabhalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, turizm sohasini jadal rivojlantirish va ziyorat turizm salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Xususan, so‘nggi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 93 ta xorijiy mamlakat, jumladan Malayziya fuqarolari uchun respublikamizga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani alohida taʼkidlab o‘tildi. O‘zbekistonning tarixiy va zamonaviy sayyohlik mahsulotlari, jumladan Samarqand xalqaro aeroporti va «Silk Road Samarkand» xalqaro turizm markazida sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar ishtirokchilarga taqdim etildi.

Milliy pavilyonga tashrif buyurgan Malayziya va butun Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasi aholisi orasida ziyorat turizmi, tarixiy-madaniy turizm, qishki turizm, gastronomik turizm kabi sayyohlik dasturlari va ishbilarmonlik turizmi (MICE) imkoniyatlari katta qiziqish uyg‘otdi.

Ko‘rgazma doirasida Malayziya sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi (MATTA) prezidenti Nayjel Vong bilan muzokaralar uyushtirildi. Xorij tomoni O‘zbekistonning boy turizm salohiyatiga malayziyaliklar orasida qiziqish ortib borayotganini va sayyohlik yo‘nalishlarini birgalikda targ‘ib qilishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv natijasida ikki mamlakat turkompaniyalari hamkorligida O‘zbekistonga qo‘shimcha 2 ming nafar sayyohni jalb qilish, Malayziya turkompaniyalari uchun respublikaga info-tur tashkil qilish, O‘zbekistonning turizm salohiyati va yangi turpaketlarini MATTA raqamli platformalarida targ‘ib etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, bir qator xorijiy kompaniya va turoperatorlar bilan muzokaralarda Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi imkoniyatlari tanishtirildi. Xususan, TXTYA–2023 doirasida turizm sohasidagi «Hosted buyers» professional xaridorlar dasturida ishtirok etish bo‘yicha kelishib olindi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net