Malayziyada tahsil olayotgan yosh vatandoshlar O'zbekiston hayotida faol ishtirok etishga tayyor

14.01.2024 14:04

/"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda «Yoshlar forumi» tashkil etildi, deb xabar qilayapti "Dunyo" AA muxbiri.

Forumda Malayziyaning Osiyo-Tinch okeani texnologiya va innovatsiya, Malayya, Al-Buxoriy, "UKM", "City", "Help", "INTI", "Cyberjaya", "UCSI", "UPM" va "Sunway" kabi nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan faol vatandosh talabalar qatnashdi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga O'zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari haqida batafsil ma'lumot berildi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan qator muhim tashabbuslar, amalga oshirilayotgan islohotlar alohida ta'kidlandi.

Yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri ekanligi e'tirof etildi. Hozirgi kunda yoshlar innovatsion va ijtimoiy g'oyalarni ilgari surishda hamda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishda asosiy kuch bo'lib xizmat qilayotganligi qayd etildi.

O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi tashkiloti faoliyatining asosiy vazifalaridan biri xorijdagi yosh vatandoshlarimizni birlashtirish, tegishli muammolarni o'rganish orqali ularga ko'mak berishdan iborat ekanligi aytib o'tildi.

Shuningdek, O'zbekistonning iqtidorli yoshlarini chet elda qo'llab-quvvatlash, ularni rag'batlantirish hamda Assotsiatsiyaning malakali mutaxassislarga respublikamizning davlat va xususiy sektorlarida bo'sh ish o'rinlarini topishda ko'maklashishga qaratilgan loyihalari haqida ma'lumot berildi.

Forum ishtirokchilari respublikamiz hayotida faol ishtirok etishga, mamlakatimizni yana-da rivojlantirishga o'z hissalarini qo'shishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Tadbir davomida yurtdoshlarimiz o'zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. 

Forum yakunida O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan e'lon qilingan «Yoshlar va biznesni qo'llab quvvatlash yili»da vatandosh talabalar bilan turli madaniy-ma'rifiy va sport tadbirlarini birgalikda tashkil etishga kelishib olindi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net