Malayziya OAV: O'zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ulkan vazifalarni o'z oldiga qo'ygan

23.12.2023 07:14

/"Dunyo" AA/. Malayziyaning yetakchi "BERNAMA" milliy axborot agentligi veb-saytida «Prezident Shavkat Mirziyoyev: O'zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ulkan vazifalarni o'z oldiga qo'ygan» sarlavhali maqola malay va ingliz tillarida e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston Prezidentining 19-dekabr kuni Toshkent shahrida bo'lib o'tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimidagi nutqida ilgari surilgan muhim takliflarning ahamiyati qalamga olingan.

Nashrda qayd etilganidek, davlatimiz rahbari o'z nutqida so'nggi yillarda mamlakatimiz «Transparency International» indeksida 42 pog'onaga ko'tarilganini va bu borada mintaqada eng yuqori o'rinni egallayotganini ta'kidladi, shuningdek, 2030-yilga qadar mazkur reytingdagi o'rnini yana 50 pog'onaga yaxshilash maqsadini bildirdi.

«Bu mas'uliyatli va murosasiz kurash yo'lida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi va barcha xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda bor kuchimizni safarbar etishga tayyormiz», - deya O'zbekiston yetakchisi so'zlaridan iqtibos keltirgan agentlik.

"BERNAMA" AA, shuningdek, O'zbekiston 2030-yilgacha korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasini ishlab chiqishni rejalashtirayotganini ma'lum qilgan.

Bundan tashqari, materialda O'zbekiston ham o'tgan oyda Toshkentda ishga tushirilgan Korrupsiyaga qarshi konvensiyaning Mintaqaviy platformasi salohiyatidan keng foydalangan holda, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yangi mintaqaviy va global loyihalarni faol qo'llab-quvvatlashi va ularda ishtirok etishi alohida qayd etilgan.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xorijiy turdosh muassasalar bilan yaqin hamkorligini kuchaytirish orqali uning salohiyat va imkoniyatlarini yanada oshirilishini ma'lum qildi», - deb yozgan "BERNAMA" AA.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net