Malayziya kompaniyasi O'zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda

23.12.2023 07:16

 /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi vakillari Malayziyaning «Fraser & Neave Holdings BHD – F&N» kompaniyasining yangi va xalqaro bozorlari bo'yicha ijrochi direktori Lai Ming Kong bilan uchrashuv o'tkazdilar, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida Malayziya tomoniga O'zbekistonda xorijiy investorlarga yaratilgan qulay shart-sharoitlar, kafolatlar, imtiyozlar va preferensiyalar hamda respublikaning iqtisodiy resurs va investitsiyaviy salohiyati bo'yicha batafsil ma'lumot berildi.

Lai Ming Kong kompaniya Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalaridan biri ekanligini, hozirda korxonaning 13 ta filiali Tailand, Myanma, Kambodja, Laos va Saudiya Arabistonida faoliyat yuritayotganini ma'lum qildi. Malayziya tomoni, shuningdek, "F&N" kompaniyasining quyultirilgan sut mahsulotlari O'zbekistonga yetkazib berilayotganini va bu orqali Markaziy Osiyo bozoriga kirish imkoniyati oshayotganini ta'kidladi.

Ushbu omillarni inobatga olgan holda xorij tomoniga mamlakatimizda "F&N" kompaniyasi ishtirokida qo'shma investitsiya loyihasini amalga oshirish taklifi berildi.

Uchrashuv yakunida mamlakatimizdagi salohiyatli tadbirkorlar bilan birgalikda qo'shma loyihani amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida 2024-yil yanvar oyida Lai Ming Kong boshchiligidagi "F&N" kompaniyasi vakillarining O'zbekistonga tashrifini tashkil etish to'g'risida kelishib olindi.

«Fraser & Neave» (F&N) kompaniyasi 1883-yilda Singapurda tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy ishlab chiqarish korxonalari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahri, Ipox, Malakka, Seremban va Penang shtatlarida joylashgan. Kompaniya oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo'lib, 31 turdagi mahsulot ishlab chiqaradi va jahonning 93 ta mamlakatiga eksport qilinadi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net