/“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida Malayziya palma yog‘i ishlab chiqaruvchilar kengashi (Malaysian Palm Oil Council - MPOC) rahbariyati va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Malayziya palma yog‘i ishlab chiqaruvchilar kengashi (MPOC) 2016 yilda tashkil etilgan. Kengashning asosiy vazifasi palma yog‘i ishlab chiqarishda innovatsiya texnologiyalarini joriy etish va mahsulotni eksport qiluvchi korxonalarga yangi bozorlarni topishda ko‘maklashishdan iborat.
Tashkilot Malayziyaning barcha shtatlarida va jahonning 10 mamlakatida (AQSH, Belgiya, Turkiya, Xitoy, Rossiya, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, Misr va Gana) o‘z vakolatxonalariga ega.
O‘zbekistonda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalarini kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida 2019 yil 2-4 aprel kunlari elchixona tomonidan kengash vakillari va Malayziyaning palma yog‘i ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalari delegatsiyasining mamlakatimizga safari tashkil etilgan edi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda palma yog‘ini chuqur qayta ishlash va uni qadoqlash bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirish, shuningdek, mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Malayziya vakillari o‘zaro hamkorlik o‘rnatishdan manfaatdor ekanliklarini maʼlum qilishdi.
Shuningdek, MROS vakillari O‘zbekistonda qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirishda Malayziyaning yirik ishlab chiqaruvchilarini ushbu loyihaga jalb etish yuzasidan ham amaliy yordam berishini bildirishdi.
Muzokaralar natijasida tomonlar o‘rtasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida qo‘shma loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida onlayn uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.