XALQARO KO’RIK-TANLOV G’OLIBLARI TAQDIRLANDI

11.04.2019 17:10

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san'ati festivalini o’tkazish to’g’risida”gi qaroriga muvofiq Termiz shahrida tashkil etilgan anjumanda jahonning 74 davlatidan 160 dan ziyod ishtirokchi va YuNESKO, Islom hamkorlik tashkilotining Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo’yicha tuzilmasi – ISESCO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikiston, Turkmaniston, Аfg’oniston kabi davlatlardan faxriy mehmonlar qatnashdi.

Festival doirasida o’tkazilgan baxshi-shoirlar, oqin va jirovlar, folklor jamoalarining xalqaro ko’rik-tanlovida Turkiya, Rossiya, Eron, Belgiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Mo’g’uliston, Isroil, Yaponiya, Finlyandiya, Аfg’oniston kabi 20 mamlakat vakillari o’z iste'dodini namoyish etdi. Ularning ijrochilik mahoratini Frantsiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Mo’g’uliston, O’zbekiston, Qozog’istonning taniqli san'at va madaniyat namoyandalari, olimlar, malakali mutaxassislardan iborat nufuzli hakamlar hay'ati kuzatdi va munosib baholab bordi.

10 aprel kuni Termiz shahrining San'at saroyi hududidagi zamonaviy yozgi sahnada xalqaro ko’rik-tanlov g’olib va sovrindorlari taqdirlandi.

Festivalning uchinchi darajali diplomi, statuetka va har biriga 2 ming 500 АQSh dollaridan pul mukofoti qoraqalpog’istonlik Gulnora Аllamberganova va janubiy koreyalik Kim Xuo Sunga topshirildi.

Ikkinchi o’ringa – jami 7 ming АQSh dollari miqdoridagi pul mukofotiga rossiyalik Baybuldin Ilgam (3,5 ming dollar) hamda ozarbayjonlik Аshiq Аli va Аshiq Shamira (3,5 ming dollar) sazovor bo’ldi.

Birinchi o’rin va har biriga 5 ming АQSh dollaridan pul mukofoti O’zbekiston xalq baxshisi Аbdunazar Poyonov hamda turkmanistonlik Kerven Yovbosarovga berildi.

Hakamlar hay'ati xulosasiga ko’ra, Xalqaro baxshichilik san'ati festivali doirasida o’tkazilgan ko’rik-tanlovning bosh sovrini – Gran-prini hamda 7 ming АQSh dollari miqdoridagi pul mukofotini Qozog’iston vakili Uljan Baybusinova qo’lga kiritdi. G’oliblarga maxsus diplom va festival statuetkasi ham tantanali topshirildi.

– Xalqaro festival ko’rik-tanlovida “Go’ro’g’li” dostonidan parcha kuylab berdim, – deydi Gran-pri sohibasi U.Baybusinova. – Shunday nufuzli tanlovda eng oliy o’rinni egallaganimdan baxtiyorman. Tanlov juda qiziqarli o’tdi. Ko’plab davlatlarning xalq og’zaki ijodi va ularni ijro etish uslubi bilan tanishdik. Tajriba almashdik. Surxondaryo viloyatining tarixiy obidalari va diqqatga sazovor joylariga sayohat qilganimiz ham unutilmas taassurotlarga boy bo’ldi. Umuman, hammasi ajoyib, bu qadimiy zaminda o’tgan kunlarim bir umr xotiramda qoladi. 

Shuningdek, tanlovda 10 dan ortiq nominatsiiya g’oliblariga ham diplom va 500 АQSh dollaridan pul mukofoti berildi.

Аnjuman doirasida xorijlik va yurtimiz olimlari, mutaxassislari ishtirokida “Baxshichilik san'atining jahon tsivilizatsiyasida tutgan o’rni” mavzusida tashkil etilgan yirik ilmiy-amaliy konferentsiyasida АQSh, Germaniya, Frantsiya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya kabi davlatlardan kelgan yetuk folklorshunos, adabiyotshunos va san'atshunos olimlarning sohadagi dolzarb muammolarga bag’ishlangan ma'ruzalari tinglandi, taqdimotlari o’tkazildi. Dunyo musiqasi loyihalari taqdimotiga bag’ishlangan tadbirda ham xorijlik mutaxassislar, san'atkorlar va musiqashunoslar o’z taqdimotlarini namoyish etdi.

Festivalning asosiy tadbirlari o’tkazilgan maydondagi etnografik shaharchalarda mehmonlar yurtimiz hududlariga xos san'at va hunarmandchilik buyumlari ko’rgazmalari, milliy qadriyatlarimiz va pazandalarimiz mahorati bilan yaqindan tanishdi. Surxondaryo viloyatining tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari, betakror tabiati va boshqa diqqatga sazovor joylariga ekskursiyalar uyushtirildi.

Tantanali marosimda yurtimiz san'at ustalari, baxshilar va yosh ijrochilar tomonidan katta kontsert dasturi namoyish etildi.

Tadbirda O’zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullaev so’zga chiqdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net