TURKIYADA “XIVA - TURKIY DUNYO MADANIYAT POYTAXTI - 2020” MAVZUIDA TADBIRLAR BO?LIB O?TMOQDA

17.01.2020 11:21

ANQARA, 17 yanvar. /“Dunyo” AA/. Xiva shahri 2020 yilda Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb e'lon qilinishi Turkiyada ushbu shaharga bo‘lgan qiziqishni yanada orttirdi. Shu munosabat bilan ushbu davlatdagi elchixonamiz mamlakatning turli tashkilot va muassasalari bilan hamkorlikda qator tadbirlarni amalga oshirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Jumladan, Turkiy madaniyatlar xalqaro tashkiloti (TURKSOY) bilan 2020 yilning rangli devor taqvimi ishlab chiqildi. Taqvim sahifalarida Xivaning tarixi, bugungi kuni va diqqatga sazovor obidalarini o‘zida aks ettirgan fotosuratlar joylashtirildi. Tayyorlangan materiallar elchixona va TURKSOY tomonidan Xivani turistik salohiyatini namoyish etishga bag‘ishlangan tadbirlarda keng targ‘ib etilmoqda. Bundan tashqari, TRT-Avaz xalqaro telekanali bilan hamkorlikda Xiva shahrining 2020 yilda Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb e'lon qilinganiga bag‘ishlangan video-rolik tayyorlandi va xalqaro ommaviy axborot vositalari orqali keng ommaga taqdim etilmoqda.

Turkiya ziyorat-turizm markazlaridan biri hisoblangan Ko'nya shahrida Xivaga bag‘ishlangan zamonaviy fotosuratlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shahar hokimiyati hamda Saljuqiylar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda mazkur oliy bilim yurtining turizm fakul'teti dekani Nejmi Uyanik tomonidan so‘nggi ikki yilda Xivada tasvirga olingan suratlar namoyish etildi.

Bundan tashqari, Nevshehir viloyatida joylashgan hamda aholisining ko‘pchilik qismini etnik o‘zbeklar tashkil qiladigan O‘rta Hisor tumani hokimiyati bilan hamkorlik o‘rnatilib, qator tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, birgalikda o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanlar natijasida mazkur tumanga Xurosondan ming yillar avval turkiy xalqlarning kelib qolish tarixi o‘rganildi, ularning yo‘lboshchisi Xiva Dada va uning yaqin safdoshlari bo‘lgani aniqlandi. O‘rta Hisorda joylashgan eng katta qoyatoshning ichida o‘yib qurilgan qal'a devorlaridagi petrogliflar Xivadagi me'moriy madaniyat namunalarini o‘zida aks ettirgan. Hozirda O‘rta Hisor hokimiyati bilan hamkorlikda mazkur tumanda zamonaviy O‘zbekiston taqdimotini o‘tkazishga tayyorgarlik boshlab yuborilgan.

Joriy yilning keyingi oylarida ham elchixona tomonidan “Xiva - Turkiy dunyo madaniyat poytaxti - 2020” mavzusida qator tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, Turkiya Prezidenti huzuridagi Diyonat ishlari boshqarmasida Xivaning Turk dunyosi, Buxoroning esa Islom olami madaniyat poytaxti deb e'lon qilinganiga bag‘ishlangan brifing, Anqara metropolitenida yurtimiz shaharlarining me'moriy asori-atiqalari aks ettirilgan fotoko‘rgazmaning tashkil etilishi, Turkiyalik tarixchi olimlarning Xiva haqidagi maqolalarini chop qilinishi, Xiva va Xorazm bilan bog‘liq ilmiy-amaliy tadbirlar, xususan Jaloliddin Manguberdi, Abu-Rayhon Beruniy va boshqa tarixiy shaxslarga bag‘ishlangan fil'mlar loyihalari ustida ishlanmoqda.

Tadbirlarda ushbu mamlakatda vaqtincha bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz, oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar faol ishtirok etmoqda.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net