TURKIYADA O?ZBEK XALQ DOSTONI CHOP ETILDI

20.01.2020 16:35

ANKARA, 20 yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiyadagi “Turk til tashkiloti” (Turk Dil Kurumu) tomonidan o‘zbekistonlik baxshi Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining “Dalli” dostoni o‘zbek va turk tillarida chop etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur doston fol'klorshunos olim Jabbor Eshonqul tomonidan nashrga tayyorlangan. Dostonni anqaralik mutaxassis Dilek Sezar turk tiliga o‘girdi.

 “Dalli” Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining “Go‘ro‘g‘li“ turkumiga kiruvchi eng sara dostonlaridan sanaladi. Asarning 1926 yil arab imlosida yozib olingan qo‘lyozma matni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol'klori institutining Fol'klor arxivida saqlanadi. Ikki tilda chop etilgan mazkur o‘zbek xalq dostoni turkiyalik kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi.

“Turk til tashkiloti” tomonidan so‘nggi yillarda “Oychinor”, “Malika ayyor”, “Erali va Sherali”, “Rustamxon” kabi o‘zbek xalq dostonlari ikki mamlakat olimlari hamkorligida chop etildi. 

Tashkilotning bu boradagi faoliyati turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga o‘ziga xos hissa qo‘shmoqda. “Dalli” dostonining o‘zbekcha va turkchada chop etilishi mana shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning natijalaridan biri bo‘ldi.

“Dalli” dostoni syujeti romantik eposga xos motivlarga boy va rang-barangdir. Ushbu asar o‘z qahramonining tengsiz jasoratini madh etgan go‘zal til uslubi, yuksak badiiyati bilan alohida ajralib turadi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net