Tuproqdan yaralgan moʻjiza Rishton dunyo kulollarini chorlamoqda

12.05.2023 16:57

Joriy yilning 12-24-may kunlari usta kulollar yurti — Rishtonda Turkiy xalqlar hunarmandligi forumi va “Kulollar sayli” milliy kulollik  mahsulotlari koʻrgazma-savdosi boʻlib oʻtadi.

Oddiy tuproqdan moʻjiza yaratayotgan rishtonlik kulollar mehnati asrlar davomida dunyoni rom etib keladi. Mahsulotlar oʻziga xos koʻrinishi, tabiiy va qalampir nusxali tilsimiy naqshlarga boyligi bilan ajralib turadi. Keyingi yillarda kulollik anʼanalarini rivojlantirish, usta kulollar uchun munosib mehnat sharoiti yaratish, ichki va tashqi bozorda xaridorgir mahsulot turlarini koʻpaytirishga eʼtibor oshdi.  Oʻtgan yilning oʻzida bu yerda umumiy qiymati 1 million 460 ming AQSH dollarilik kulollik mahsulotlari dunyo bozoriga eksport qilindi.

                                           Moziyga nazar

Rishton Buyuk ipak yoʻlining Fargʻona vodiysidan oʻtuvchi qismidagi qadim kentlardan. Shahar nomi qadimiy soʻgʻdchadagi “rash” (“rush”, “rushi”), yaʼni “qizil yer” soʻzidan paydo boʻlgan. Zero, bu yerning tuprogʻi rangi qizil edi. Oʻrta asrlarda Xitoy, Hindiston, Eron va Yaqin Sharq karvon yoʻllari chorrahasida joylashgan Rishton tez surʼatlarda rivojlanib, Buyuk ipak yoʻlida asosiy toʻxtash joyi hamda savdo-sotiq markaziga aylangan. XIV asrda koʻplab kulollar Amir Temur avlodlarining buyuk qurilishi loyihalarida ishtirok etish uchun Samarqandga koʻchib ketishgan. Biroq temuriylar sulolasi inqirozi qadim hunar rivojiga ham salbiy taʼsir koʻrsatgan.

XVIII asrdan shahar qayta tiklangan va XIX asr oʻrtalarida hudud sirlangan idishlar ishlab chiqarish boʻyicha yirik markaz maqomini qayta tiklagan.

Oʻrta asrlarda yoʻqolib ketgan ganch-chinni ishlab chiqarish texnikasini XVIII asrda qayta tiklagan aka-uka Abdujalol (usta Abdujalol, usta Jalil) va Abdujamil (usta Abdujamil, usta Kuri) oʻz ishining buyuk ustalari boʻlgan. Kulollar chinni pishirish usulini Koshgʻar va Erondan oʻzlashtirgan. Ularning shogirdi – yetuk chinnipaz Abdulla kulol (1797-1872) rishtonlik barcha kulollar uchun usta-oqsoqol hisoblanadi.

          XIX asrning 70-yillarida usta Abdulla kulol boshchiligidagi Rishton hunarmandlari Said Muhammad Xudoyorxonning Qoʻqondagi saroyi – Oʻrdani bezash ishlarida faol qatnashgan. Ularning chinnipazlik va koshinpazlik sanʼati Qoʻqon xoni tomonidan yuqori baholangan.

Etnograflarning taʼkidlashicha, XIX va XX asr boshlarida Rishtonda 80 ta ustaxona faoliyat yuritgan. 1918-yilda“Chinnigaron” deb nom olgan birinchi kulollik arteli tashkil etilgan. 1927-yilda  bu artelga “Yangihayot” nomi berilgan. 1960-yilda artel Rishton sopol ishlab chiqarish zavodi tarkibiga kirgan.

Rishton kulollari mahalliy xomashyodan sopol idish yasagan va ularni moviy hamda zangori ranglar bilan bezagan. XIX asr oxiriga kelib Rishton Oʻrta Osiyoda sirlangan sopol idishlar ishlab chiqaruvchi yirik markazlardan biriga aylandi. 1990-yilda Rishton sopol idishlari Parijda oʻtkazilgan xalqaro koʻrgazmada namoyish etildi. Fransuzlar Rishton sopolini Yevropaning eng mashhur sirlangan idishlari bilan taqqoslab, u koʻhna qitʼa sopoli bilan bellasha olishini eʼtirof etishdi.

                                    Sulola davomchilari

Qariyb sakkiz yuz yillik tarixga ega kulollik anʼanalari asrdan asrga bobomeros hunar sifatida sayqal topib, rivojlanib kelmoqda. Bunda jannatmonand goʻshaning asl farzandlari, usta kulollarning hissasi beqiyos.

Rishton kulollik buyumlari, miniatyuralari sanʼat shaydolari orasida katta shuhrat qozongan. Hech bir hududning kulollik namunalariga oʻxshamaydigan sanʼat asarlari AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Polsha, Shvetsiya, Iroq, Eron, Misr kabi mamlakatlarda boʻlib oʻtgan xalqaro koʻrgazma va yarmarkalarda namoyish qilib kelinadi.

Usta Ibrohimjon Komilov, Bobojon Nishonov, Hakimjon Sattorov, Rustamjon Usmonov, Alisher Nazirov, Sharofiddin Yusupov, Tohirjon Haydarov, Ravshan Tojiddinov, Shokir Ahmadjonov, Saidjon Ahmedov, Bunyod Yunusov singari mashhur kulollar yaratgan mahsulotlar koʻrinishi, tabiiy rang-tasvirlarga boyligi bilan barchani hayratga solib kelmoqda.

“R Plyus Koron” MCHJ rahbari, mohir kulol Ravshan Tojiddinov rahbarligida chorak asr muqadam oddiy idish-tovoqlar tayyorlash bilan ish boshlagan korxona bugun yirik kulollik markaziga aylandi. Ravshanjon  kulollar sulolasi davomchilaridan. Uning bobosi, otasi usta kulol boʻlib, oila tebratgan, halol mehnat bilan qadr-qimmat topgan.  Yosh kulol bobomeros hunarga oʻziga xos jilo, sayqal berib, maftunkorligi, jozibadorligini oshirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Uning rahbarligida dastlab toʻrt-besh chogʻli kulolning boshini bir joyga jamlab ish boshlagan korxonada  bugun yuzdan ortiq mahalliy yosh 300 turga yaqin nafis va betakror kulollik buyumlari, koshin va naqshlar tayyorlash bilan band.

Koʻrgazma zalidan oʻrin olgan tayyor buyumlar namunalari bilan tanishgan kishi oddiy tuproqdan yaratilgan moʻjizalar qarshisida lol  qoladi.  Balandligi  2 metr 70 santimetr  boʻlgan ulkan koʻza, diametri 1 metr 20 santimetr, bir vaqtning oʻzida 40 kilogramm osh sigʻadigan katta tovoq va boshqa kulollik namunalari hayrat va havasingizni oshiradi. Bu sopol buyumlarni qoʻlga olib chertsangiz, undan taralgan sehrli sas misoli kuyga aylanib, uzoq vaqt quloqlaringiz ostida jaranglab turadi.

— Dunyo kulollari jamlanayotgan festivalga alohida hozirlik koʻryapmiz, — deydi Ravshanjon Tojiddinov. — Mehmonlar mahsulot tayyorlash jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻladi. Har bir mahsulotni yaratish kuloldan alohida mehnat va sabr talab etadi. Oddiy kosa tayyor holga kelguncha oʻn ikki bor qoʻldan qoʻlga oʻtadi. Shu bois, bu hunar tufayli yaratilgan buyumlar benazir va takrorlanmas sanʼat asari sifatida qadrlanadi. Mahsulotlarimiz nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham oʻz oʻrnini topib bormoqda. Ayni kunlarda Isroil, Rossiya, Italiya, Janubiy Koreya va yaqin qoʻshni mamlakatlarga mahsulot eksport qilyapmiz. Boʻlib oʻtadigan kulollar sayli xalqaro aloqalarimizni yanada kengaytirish, mahsulot turlarini koʻpaytirish, dunyo kulollari bilan tajriba almashish imkoniyatini beradi.

12 yoshidan sermashaqqat hunar sir-asrorlarini oʻrganishga kirishgan Alisher  Nazirov ham mashhur kulollardan. Rishton kulolligiga bogʻliq koʻplab yaxshi  boshlanmalar uning  ijodi bilan bogʻliq. Usta yaratgan lagan, shokosa, koʻzacha, xum, mevadon, qanddon kabi sopol buyumlardagi uslub va ranglar jozibasini koʻrib, uning oʻz kasbining mohir ustasi ekaniga amin boʻlasiz. U 1998-yili Rishtonda yosh kulol-ustalar tayyorlash maktabini ochdi va hozirgi kungacha mahoratli kulollar tayyorlashga hissa qoʻshib kelmoqda.

— Kulollik desa, koʻpchilik uy-roʻzgʻor buyumlari, idish-tovoqni tushunadi. Bu xato. Kulollik moʻjizaviy mashgʻulot, — deydi  usta kulol. — Shogird boʻlib yurgan kezlarim loyni qoʻlga olsam, ustozim “Qani, avval loyga salom bering” deb, tuproq-loyga hurmat bilan munosabatda boʻlishni, halol-pok boʻlib ish boshlashni talab qilardi. Bir muddat rivojlanishdan toʻxtab qolayozgan Rishton kulolligi yana gullab-yashnay boshladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan Xalqaro hunarmandlar markazi ustalarimiz gʻayratiga gʻayrat qoʻshdi. Kulollik maktabidagi milliy anʼanalar, oʻziga xoslikni saqlab qolgan holda uni yanada boyitish yoʻlida samarali ishlar olib borilmoqda.

                                               Taraddud amallari

Turkiy xalqlar hunarmandchiligi forumi va “Kulollar sayli” milliy kulollik mahsulotlari koʻrgazma-savdosiga puxta hozirlik koʻrildi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan yangi ustaxona,  mahallalarda, xonadonlarda zarur sharoitlar yaratildi, zamonaviy xizmat koʻrsatish tarmoqlari ishga tushirildi.

Tadbirkor Islomjon Orifjonov tashabbusi bilan “Chinor plyus 2020” turistik majmuasi qurib bitkazildi. Loyiha qiymati 50 milliard soʻmni tashkil etdi. Majmuada mehmonxona, oshxona, hammom, yozgi va qishki hovuz hamda boshqa xizmat koʻrsatish shoxobchalari bunyod etildi. Unga yondosh hududda kulollik markazi qad koʻtarmoqda. Bu yerda oddiy xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonni qamrab oladigan ustaxona  qurilishi  yakuniga yetkazildi.

— Bugungi kunda tumanimizdagi  80 mingdan ortiq  aholi kulollik bilan shugʻullanadi, — deydi tuman hokimi Subxonjon Soliyev. — Xalqaro forum va kulollar sayli Rishton kulollik maktabi tarixida yangi sahifalar ochadi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiyadan vakillar ishtirok etadi. Shuningdek, mamlakatimizdagi kulollik maktablari ustalari ham taklif etilgan. Asosan sayl shaklida boʻlib oʻtadigan anjumanda xorijiy va Oʻzbekiston kulollari oʻz mahsulotlarini namoyish etadi. Shu yerda savdo yarmarkasi ishlaydi. Ishtirokchilar Rishtondagi kulollar oilasi, usta-shogird maktablaridagi mahorat darslarini kuzatish va bevosita ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Forum arafasida “Anʼanaviy Rishton kulolligi” kitobi chop etildi. Unda kulollik tarixi va buguni haqida qiziqarli maʼlumotlar jamlangan. Forumga turkiy davlatlardagi soha olimlarini ham taklif etganmiz. Ular “Rishton kulolligi: kecha, bugun, ertaga” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida qatnashadilar.  

Bunday anjumanlar ota-bobolarimizning sopol buyumlar yasash anʼanasining unutilgan jihatlarini qayta tiklash, oddiy tuproqdan sanʼat asari yaratish yoʻlida olib borilayotgan ezgu ishlar kundan kunga taraqqiy etib borishiga xizmat qiladi.

                                                                    

Rasuljon Kamolov,

                                                             “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net