O?zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining delegatsiyasi Malayziyada samarali muzokaralar o?tkazdi

03.03.2023 12:20

/“Dunyo” AA/. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining o‘rinbosari Firdavs Halimov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 1-2 mart kunlari amaliy safar bilan Malayziyada bo‘ldi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.

Safar davomida elchixona ko‘magida Malayziya Tashqi ishlar vazirligi, Milliy birlik vazirligi, Milliy kutubxona va Muzeylar departamenti rahbariyati bilan uchrashuvlar uyushtirildi.

Muzokaralar davomida Malayziya tomoni 2018 yilda tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi, axborot-resurs markazi, ilmiy bo‘limlar, ekspozitsiya, anjumanlar zali va boshqa obyektlarni o‘z ichiga olishi hamda hozirgi vaqtda Markaz intensiv darajada faoliyat olib borayotgani va yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanligi taʼkidlandi.

Shuningdek, xorijiy tomon eʼtiboriga O‘zbekistonda sayyohlik industriyasini, shu jumladan, ziyorat turizmi sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Malayziya Tashqi ishlar vazirligining Xalqaro hamkorlik va rivojlanish departamenti boshlig‘i Hafiza binti Abdulloh O‘zbekistonda islom dinining insonparvarlik mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish, mamlakatimizda dinlararo, madaniyatlararo va konfessiyalararo totuvlikni rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarni yuksak baholadi. «Biz O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Malayziyaning Islom sivilizatsiyasi instituti, Islomni anglash instituti va boshqa bir qator yetakchi tashkilotlari o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlikni olqishlaymiz. Malayziya tomoni islom sivilizatsiyasining boy madaniy va intellektual merosini, xususan, ayni paytda O‘zbekistonda saqlanayotgan nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlarni birgalikda o‘rganishdan manfaatdordir», dedi Hafiza binti Abdulloh.

Malayziya Milliy birlik vazirligi bosh kotibining o‘rinbosari Kang Tong Xum O‘zbekistonda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyati, kutubxonalar faoliyatining samaradorligini oshirish hamda muzeylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni eʼtirof etdi.

Kang Tong Xum Malayziya tomoni O‘zbekiston bilan kutubxona va muzeylar faoliyatini takomillashtirish va ushbu tashkilotlar uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sohalarida hamkorlik o‘rnatish yuzasidan qiziqish bildirdi.

Malayziya Milliy kutubxonasi bosh direktori Salasiya binti Abdul Vahab bilan uchrashuv davomida adabiyot va axborot resurslaridan birgalikda foydalanish, ikki mamlakat kutubxonalari fondida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalarni saqlash va raqamlashtirish, kutubxonachilar malakasini oshirish sohalarida tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi.

Malayziya Muzeylar departamenti bosh direktori Kamarul Baxarin bin Qosim bilan muzeylar menejmenti va axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha tajriba almashish, respublika vakillariga o‘quv mashg‘ulotlar tashkil qilish, qo‘shma ko‘rgazmalarni tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralar natijasida kutubxona menejmenti bo‘yicha tajriba hamda elektron kataloglar va adabiyotlar almashish, 2023-2024 yillarda O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi xodimlari uchun maxsus qisqa muddatli kurslar va treninglar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net