O?ZBEKISTONDA SURATGA OLINGAN HIND FILMI XALQARO SOVRINGA MUNOSIB TOPILDI

25.02.2019 15:31

Joriy yilning 22-23 fevral kunlari Hindistonning Mumbay shahrida Hindiston Xalqaro film va turizm kengashining (IIFTC) navbatdagi taqdirlash marosimi hamda “IIFTC-2019” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda 2018 yil davomida hind kinoijodkorlari tomonidan xorijda suratga olingan kino ustalari taqdirlandi.

Tadbirda Hindistonning turli shtatlaridan kelgan ijodkorlar bilan bir qatorda 20 dan ortiq xorijiy mamlakat vakillari, shu jumladan, Shri Lanka, Fiji, Shvetsiya, Serbiya, Ozarbayjon, Rossiya, Norvegiya va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan prodyusserlar hamda kino sanoati mutaxassiclari ishtirok etdi.

“IIFTC-2019” tadbiri davomida 2018 yilda respublikamiz hududida suratga olingan “Hoichoi Unlimited” filmining prodyuseri va bosh rol ijrochisi Dev Adxikari ishtirok etib, ushbu filmi uchun “eng yaxshi prodyuser” sovrinini qo‘lga kiritdi.

Tadbir chog‘ida Dev Adxikari o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

- Filmlarni suratga olishda joy tanlash masalasi juda muhim hisoblanadi, - dedi u. - Men bu masalaga doimo o‘zgacha yondashishga harakat qilaman. O‘tgan yili o‘z faoliyatimda birinchi marta O‘zbekistonda film suratga oldim. U yer juda ham go‘zal mamlakat, turfa xil tabiat manzaralari va betakror mislsiz tarixiy obidalarga ega. Bu yurt insonlarining mehmonlarga va ayniqsa hind kinoijodkorlariga bo‘lgan o‘zgacha mehri hamda samimiy munosabatini alohida ta’kidlashni istardim. Filmni suratga olish jarayonida jamoamiz bilan bu mehrni doimo his qilib turdik va bu o‘z navbatida loyihamiz yanada muvaffaqiyat qozonishiga sabab bo‘ldi deb o‘ylayman. Fursatdan foydalanib, filmni suratga olishda yaqindan yordam bergan O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi, “O‘zbekkino” milliy agentligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Shu yerda jam bo‘lib turgan barcha film prodyuserlariga O‘zbekistonda film suratga olishni tavsiya qilaman.

Ma’lumot uchun qayd etish kerakki, IIFTCning asosiy maqsadi yil davomida xalqaro turizm aloqalarini yanada kengayishiga hissa qo‘shgan filmlarni aniqlash va rag‘batlantirish, rejalashtirilayotgan hind film loyihalarini suratga olish uchun o‘ziga hos hamda yangi joylarni topish va bu jarayonlarni samarali amalga oshirishda turli mamlakatlardan kelgan hamkorlar va hindistonlik kinoijodkorlar o‘rtasida aloqa o‘rnatishdan iboratdir.

 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net