O?ZBEK BADIIY VA XUNARMANDCHILIK SAN’ATI NA’MUNALARI GERMANIYADA NAMOYISHGA QO?YILDI

18.02.2019 15:49

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarining rivojlanishida madaniy sohadagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqlarimiz madaniyatlari va an’analarining o‘ziga xos mushtarakligi, tarixiy ahamiyati hamda bugungi kundagi taraqqiyoti, ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning yanvar oyidagi Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifidan so‘ng yangi bosqichga ko‘tarildi.

 Buning yaqqol misoli sifatida joriy yilning 15 fevral kuni Germaniyaning Manxaym shahrida ochilgan “O‘zbekiston – Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab: asrlar qa’ridan jilolar” rasmlar ko‘rgazmasini ko‘rsatishimiz mumkin.

 Joriy yilning 15 apreliga qadar nemis jamoatchiligi uchun ochiq bo‘lgan mazkur ko‘rgazmada yurtimizda yashab ijod qilayotgan tarixiy va avangard badiiy asarlar mualliflari Murod va Muxammad Foziliylar, Mariya Korovina, Lola Sayfi va Aleksey Arapov, shuningdek, Human Haus san’at galereyasi xunarmadchilik maxsulotlari namoyishga qo‘yilgan.

 O‘zbekiston Respublikasining Berlin shahridagi elchixonasi va Frankfurt Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi, shuningdek, Germaniyaning OPASCA German Oncology Solutions GmbH va Alfa Western Star GmbH kompaniyalari qo‘llab-quvvatlashi bilan tashkil etilgan ko‘rgazmaning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimiz tarixi, madaniyati va sayyohlik salohiyati, iqtisodiyotni yuksaltirish bo‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida yig‘ilganlarni tanishtirdilar.

 Jumladan, O‘zbekistonning Germaniyadagi diplotmatik vakolatxonalari vakillari yurtimizda iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni isloh qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar, maxalliy va xorijiy tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda turizmni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.

 Mayxaym shahri meriyasi vakili, maxalliy kengash deputati Kladius Krans o‘z chiqishida yig‘ilganlarni O‘zbekistonga bag‘ishlab ochilgan ko‘rgazma bilan tabriklab, madaniy hamkorlik siyosiy va iqtisodiy sohalardagi aloqalarni rivojlantirishda, o‘zbek va nemis xalqlarini o‘zaro yaqinlashtirishda muhim omil ekanligini aytib o‘tdi.

 K.Krans, shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda olib borilayotgan sud-huquq va iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar mamlakatning xalqaro doiradagi jozibadorligini oshirganligi va buning natijasi o‘laroq yurtimizga xorijiy tadbirkorlarning qiziqishi ortayotganligi ta’kidladi.

 O‘z navbatida, Buxoro shahrida nemis an’analari asosida tashkil etilgan Café Wishbone Bukhara restorani rahbari, germaniyalik tadbirkor va rassom Gertrud Shrenk tadbir ishtirokchilariga asarlari namoyishga qo‘yilgan o‘zbekistonlik san’atkorlar haqida ma’lumot berib, yurtimizda biznes qilish tartib-qoidalari, buning afzalliklari va o‘ziga xos tomonlari bilan tanishtirdi.

 Tadbir davomida mamlakatimiz turistik salohiyatiga bag‘ishlangan tarqatma materiallar burchagi tashkil etildi, video- va fotoprezentatsiyalar namoyish etildi.

 Ko‘rgazma ochilish marosimi yakunida o‘zbekona dasturxon yozilib, milliy shoh taomimiz – palov tortildi.

 Tadbir davomida bir qator ishtirokchilar “Dunyo” AA muhbiriga intervyu berishdi.

 Germaniyaning OPASCA German Oncology Solutions kompaniyasi rahbari Aleksey Sverdlov:

 - O‘zbekistonlik rassom va san’atkorlar asarlarining Germaniyada namoyish etilishi meni juda quvontirdi.

 O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga rasmiy tashrifi arafasida bizning kompaniya o‘zbekistonlik hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvga erishgan edi. Mazkur kelishuv doirasida OPASCA German Oncology Solutions Toshkentda nemis texnologiyalari asosida onkologiya klinikasini tashkil etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.

 Biz o‘zbek hamkorlarimiz bilan aloqalarimizni nafaqat tibbiyot sohasida, shuningdek, madaniy sohada ham rivojlantirishdan mamnunmiz. Shu doirada bugungi ko‘rgazmaning ochilishi, aynan, o‘zbek rassomchilik san’ati bilan nemis jamoatchiligini keng tanishtirish, xalqingizning boy tarixi va an’analarini namoyish etish biz uchun sharafdir.

 Aytishim kerak, ko‘rgazma ochilishida berilgan ma’lumotlardan shuni bildimki, tibbiyotning rivoji bir necha asrlar avval xozirgi O‘zbekiston hududida sodir bo‘lgan va keyinchalik Yevropaga keltirilgan ekan.

 Bizning bugungi kundagi vazifalarimizdan biri aynan Yevropadagi rivojlangan tibbiyotni O‘zbekistonga qaytarish va bu orqali insonlar hayotini yaxshilashga xizmat qilishdir.

 Ritterhaus advokatlik firmasi a’zosi, advokat Verena Ayzenlor:

 - Bir necha yildan buyon xizmat vazifam doirasida O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan nemis kompaniyalari bilan hamkorlik qilaman. O‘tgan yilning oktabr oyida Toshkent viloyatida tashkil etilgan birinchi Markaziy Osiyo radioonkologlar kongressida qatnashib, yurtingiz bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldim.

 Aytishim kerak, shunga qadar menda O‘zbekiston haqida umuman boshqacha tasavvur mavjud edi. Yurtingizga kelib, bir necha kun davomida O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab sayohat qildim, natijada tasavvurlarim ijobiy tomonga o‘zgardi: insoniyat rivojiga ulkan xissa qo‘shgan o‘rta asr qomusiy olimlari, YuNYeSKO madaniy yodgorliklari sirasiga kiruvchi tarixiy shaharlar, mehmondo‘st va ochiqko‘ngil o‘zbek xalqi bilan yaqindan tanishdim.

 Buyuk Ipak yo‘lining gavhari hisoblangan Samarqand kabi shaharlar odamni o‘ziga jalb etishi, ko‘chalarning tozaligi-yu turli milliy ovqatlarning mazasi, shaharlarda yolg‘iz sayohat qiluvchilar uchun xavfsizlik ta’minlanganligi menda katta ta’surot qoldirdi.

 Bugungi ko‘rgazmaning ochilishi mening ta’surotlarimni qayta jonlantirdi. Albatta, kelajakda O‘zbekistonga yana tashrif buyuraman va Toshkent, Buxoro shaharlari bilan kengroq tanishaman”.

 O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, rassom Mariya Korovina:

 - Men uchun yurtimizni xorijda namoyish etish katta sharafdir va men bundan juda xursandman. Germaniyaning turli doiralari vakillari ishtirok etayotgan bugungi ko‘rgazmada o‘zbekistonlik mashxur san’at ustalari – Muxammad Foziliy, Lola Sayfi va Aleksey Arapovlar bilan bir qatorda mening asarlarimning namoyishi men uchun katta baxt, albatta.

 Aminman, biz tanlagan “Buyuk Ipak yo‘li” mavzusi barcha ishtirokchilar uchun qiziq, chunki mazkur fenomen Yevropa va Osiyoni asrlar davomida bog‘lab kelgan qadimiy tushunchadir hamda shu kunga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

 Ta’kidlash kerak, bugungi tadbir davomida o‘zbek madaniyati har tomonlama namoyish etilmoqda: milliy palovimizdan tortib, turli tekstil maxsulotlarigacha. Bu, albatta, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni faollashtirishga, mamlakatimizda biznes va turizmni rivojlantirishga ulkan xissa qo‘shadi.

 Shu sababli ham men o‘z ishlarim bilan bu kabi tadbirlarda faol ishtirok etishga har doim tayyorman”.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net