NAVRO?ZI OLAM” BONNDA NISHONLANDI

25.03.2019 17:25

O‘zbek xalqi madaniyati, urf-odatlari va an’analari bilan xorijliklarni tanishtirish, yurtimizga chet ellik sayyohlarni keng jalb etish hamda Yevropada yashab, tahsil olayotgan vatandoshlarimiz bilan doimiy aloqalarni mustahkamlash va ularni yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan muttasil tanishtirib borish doirasida Germaniyaning Bonn shahrida Olmoniya-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati bilan hamkorlikda “Navro‘z”ga bag‘ishlangan madaniy-axborot tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda Bonn shahri meriyasi, shahar jamoatchiligi va tadbirkorlik doiralari vakillari, shuningdek, o‘zbekistonlik yurtdoshlarimiz ishtirok etishdi.

 Tantanali ochilish marosimida so‘z olgan Bosh konsulxona vakili ishtirokchilarni kirib kelayotgan “Navro‘zi olam” bilan tabriklab, mamlakatimizning zamonaviy rivojlanishi, O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosiy-iqtisodiy islohotlar, ularning natijalari, xususan, tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan huqumat chora-tadbirlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Xorijda yashab tahsil olayotgan o‘zbek vatandoshlar uchun yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlar aytib o‘tildi.

 O‘z navbatida, Bonn shahridagi Olmoniya-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati raisi Kolin Dyurkop o‘zbek-nemis do‘stona munosabatlarining barqaror rivojlanishi hamda mamlakatimizda siyosiy-iqtisodiy sohalarda so‘nggi paytlarda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida gapirib, O‘zbekiston va Germaniya hukumatlarining ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni izchillik bilan rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlari xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganligini ta’kidlab o‘tdi.

 Germaniyalik jamoatchilik vakili yig‘ilganlirni bahor ayyomi bilan tabriklab, O‘zbekiston xalqiga yurtimizda keng miqiyosda olib borilayotgan islohotlarda bardavomlik va ulkan zafarlar tilab qoldi.

 Bayram tadbiri davomida yurtimizda “Navro‘z” bayramini keng nishonlash bo‘yicha an’analarni hamda sayyohlik imkoniyatlarimizni ko‘rsatuvchi foto- va videolavha namoyish etildi, respublikamiz turistik salohiyatiga oid broshyuralar, tarqatma materiallar va xalq amaliy san’ati asarlari burchagi tashkil etildi.

 Bizning Germaniyada muxbirimiz bir qator ishtirokchilar bilan suhbat qildi va ularning ta’suroti bilan tanishdi.

 Gregor Bergxorn, Germaniya akademik almashinuvlar xizmati eksperti, Olmoniya-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati a’zosi:

 - O‘zbek xalqining milliy bayrami – “Navro‘z” munosabati bilan tashkil etilgan bugungi tadbirda ishtirok etish men uchun katta sharafdir.

 Bu kabi tadbirlar biz xorijliklarda katta qiziqish uyg‘otadi. Chunki unda butun xalqlarning tarixi, madaniyati-yu urf-odatlari bilan yaqindan tanishishga imkoniyat mavjud.

 Tadbir davomida berilgan ma’lumotlardan kelib chiqib menda “Navro‘z”ni O‘zbekistonda, bayramning asl vatanida nishonlashga ishtiyoq paydo bo‘ldi. O‘ylaymanki, yaqin kelajakda yurtingizning mashxur shaharlari – Buxoro va Samarqandga tashrif buyurib, ushbu bahoriy bayramni nishonlash menga ham nasib etadi.

 Fursatdan foydalanib, o‘zbek xalqiga yangi yilda omad, sog‘liq va salomatlik tilayman. Ishonamanki, O‘zbekiston hukumatining hozirgi kunda faol olib borayotgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlari yaqin kelajakda, albatta, o‘zining ijobiy natijalarini beradi!.

 Kamoliddin O‘rmonov, Bonn universiteti talabasi, o‘zbekistonlik vatandosh:

 - Bugun biz Olmon-O‘zbek do‘stlik jamiyati va Frankfurt-Mayn shahridagi o‘zbek Bosh konsulxonasi bilan birgalikda milliy bayramimiz – “Navro‘zi”ni nishonlamoqdamiz.

 Mazkur tadbirga ko‘pgina germaniyalik va o‘zbekistonlik ishtirokchilar taklif etilganligi va ularning yurtimiz an’analari, urf-odatlari bilan yaqindan tanishtirilishi tahsinga loyiqdir.

 Aytishim kerak, O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari Germaniyada yashayotgan biz yoshlar uchun doimiy tarzda bu kabi tadbirlar, uchrashuv va axborot kechalari tashkil etib, yurtimizda bo‘layotgan siyosiy-iqtisodiy jarayonlar bilan tanishtirib kelishmoqda.

 Aminmanki, bu kabi sa’y-harakatlar xorijda tahsil olayotgan yurtdoshlarimizning vatanimiz bilan bilan doimiy aloqada bo‘lib turishlari va ertangi kunga bo‘lgan ishonchlarining ortishida muhim omildir.

 Shu o‘rinda barcha yurtdoshlarimizni Germaniyada yashayotgan o‘zbek talabalari nomidan kirib kelayotgan “Navro‘z” bayrami bilan tabriklayman! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net