
Katta avlod vakillari Umarali Normatovning milliy so‘z san’atiga oid saboqlari, darslarni talabalarga qiziqarli, lo‘nda va ravon tarzda tushuntirib berganini, yoshlarni adabiyotning sehrli olamiga oshno eta olish salohiyatini yaxshi eslaydi.
Adabiyotshunos olim, munaqqid Umarali Normatov 1931 yil 3 yanvarda Farg‘ona viloyatining Rapqon qishlog‘ida tug‘ilgan edi.
O‘rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini tugatgan (1952–1957), aspiranturasida ta’lim olgan (1959–1962).
Umarali Normatov ko‘p yillar davomida o‘zbek adabiyoti kafedrasida katta o‘qituvchi, dotsent, professor, mudir bo‘lib mehnat qildi.
Ustoz ijodkor adabiy tanqidchilik faoliyatini 1957 yildan boshlagan edi. Uning 20 dan ortiq kitobi, 500 dan ortiq maqola, taqrizlari nashr etilgan.
Adabiyotshunos olimning faoliyati yaxlit holda zamonaviy adabiy jarayon hamda yangi o‘zbek adabiyoti tarixi, taraqqiyoti masalalari yechimiga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli.
U 1962 yilda filologiya fanlari nomzodi, 1978 yilda filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. “Nasrimiz ufqlari” (1974), “Yetuklik”(1982), “Qalb inqilobi” (1986), “Qodiriy bog‘i” (1996), “Umidbaxsh tamoyillar” (2000) singari asarlarida yangi o‘zbek adabiyoti, uning namoyandalari ijodining muhim tomonlari yoritib berilgan.
Umarali Normatov “O‘zbekiston fan arbobi” (1981), O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti sovrindori edi.