Mannon Uygʻur yaratgan maktab. Oʻzbek milliy teatr sanʼatidagi oʻrni har jihatdan eʼtirofga loyiq

18.08.2023 17:27

Jurnalistlar jamoasi ijodiy hamkorlik, fikr almashish, bahs-munozara masalasiga jiddiy yondashib keladi. Atoqli oʻzbek teatri arbobi, rejissyor, aktyor, tarjimon, dramaturg, pedagog, milliy teatr maktabi asoschilaridan biri, buyuk sanʼatkorlar “Ogʻa”si Mannon Uygʻur haqida maqola tayyorlayotganimdan xabar topgan bir hamkasbimiz maslahat solib qoldi:

– Toshkentda bir paytlar eng uzun koʻchalardan biri Mannon Uygʻur nomi bilan atalgan. Bilishimcha, hozir nomi oʻzgardi, shekilli. Shunga ham aniqlik kiritib ketsangiz, yaxshi boʻlar edi.

1

Oʻylab qarasam, agar rostdan ham shunday oʻzgarish qilingan boʻlsa, buni aniqlash fikri – joʻyali maslahat. Toshkent shahar hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi Akmal Roʻzitoyev bilan bogʻlandim.

– Bu qisman toʻgʻri, – dedi hokimlik vakili. – Bir necha yil avval Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi qarori bilan poytaxtimizdagi yangi koʻchalarga nom berildi, mavjudlaridan ayrimlarining nomi oʻzgardi. Mannon Uygʻur koʻchasining bir boʻlagi Koʻkcha Darvoza nomini oldi, lekin asosiy qismi aslicha qoldirilgan. Hozir poytaxtimizda Mannon Uygʻur nomidagi bitta katta koʻcha, bitta tor va bitta berk koʻchalar mavjud. Bundan tashqari, Shayhontoxur tumanida sanʼat arbobi nomi berilgan mahalla ham bor.

Eshitgan – boshqa, koʻrgan – boshqa. Mannon Uygʻur koʻchasiga tutash shu nomli mahallani ham topdik. Hududning koʻrinarli joyida Mannon Uygʻurga bagʻishlab uning xizmatlari qayd etilgan lavha ham oʻrnatilganiga koʻzimiz tushdi.

– Mahallamizga Mannon Uygʻur vafotidan bir yil oʻtib, 1956-yil uning nomi berilgan, – deydi rais Shokirbek Muzrobekov. – Koʻrib turganingizdek, koʻchalarimiz sarishta, obod, odamlari ahil. Mahallamiz ulugʻ sanʼat arbobi nomiga munosib namunali mahalla hisoblanadi. Turli bayram tadbirlarimizga Oʻzbek milliy drama teatri aktyorlarini ham taklif qilamiz, ular bajonidil ishtirok etib, xalqimizga maʼnaviy zavq ulashadi, ustozlariga hurmat bajo keltirishadi.

Olti mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan mahallaning yoshi ulugʻlari bunday tadbirlarda Mannon Uygʻurning chin shogirdlari qatnashishni kanda qilmaganini yaxshi eslashadi.

– Mahallamiz tadbirlarida el nazaridagi buyuk sanʼatkorlar, aktyorlar bilan koʻp suhbatlashganmiz, dildan gurunglashganmiz, askiyalariga qoʻshilganmiz, – deya xotirlaydi mehnat faxriysi Maqsud ota Sultonov. – Yodimda, 60-yillarning oxiri qaysidir bayram arafasida xalq artistlari Nabi Rahimov, Zikir Muhammadjonov boshchiligida sanʼatkorlar bilan uchrashuv boʻldi. Ular ustozlari Mannon Uygʻur haqida, oʻzlarini u kishining nomidagi mahallaning aʼzosidek his qilishlari haqida gapirishdi. Odamlar xursand, kayfiyat bayramona. Bir payt askiya boshlanib ketsa, deng. Davra bir zumda katta sayl ruhini oldi. Bizdan yoshi ulugʻlar halq artistlari bilan teppa-teng “tashlashib” turishibdi, atrof – kulgu, qahqaha, qiyqiriq. Bunday damlarni esdan chiqarib boʻlmaydi!

Qiziqish tufayli mahalla raisi Shokirbek Muzrobekov va oqsoqol Maqsud ota Sultonovni savolga tutdik:

– “Uygʻur” – buyuk sanʼatkorning taxallusi. Haqiqiy ismlari – Abdumannon Majidov! U kishi oʻziga nega bunday taxallus tanlagan?

Savolimiz javobsiz qoldi va bu tabiiy edi. Chunki...

2

Chunki, maqolani tayyorlash jarayonida ushbu savolga javob izlab qator manbalar bilan tanishishga toʻgʻri keldi. Bu masala nafaqat bizni, oʻz paytida juda koʻpchilikni ham qiziqtirgan ekan. Eng joʻyali javobga Mannon Uygʻurning chin shogirdlaridan biri Oʻzbekiston Qahramoni, xalq artisti Zikir Muhammadjonovning oʻz vaqtida eʼlon qilingan maqolasida duch kelgandek boʻldik. Maqoladan olingan quyidagi parcha masalaga biroz oydinlik kiritsa kerak:

“U kishi Qurʼoni karimni boshidan oxirigacha yod bilgan ekan. Aytishlaricha, oʻsha vaqtdayoq oʻziga taxallus tanlab olgan. Bu taxallus Uygʻur boʻlib, uning maʼnosini oʻzi bilgan-u, boshqalarga aytmagan. Oʻsha vaqtlarda uni baʼzan Uygʻur, baʼzan Ogʻa deb chaqirishar edi.

Keyinchalik oʻzbek sanʼatkorlarining deyarli hammasi uni Ogʻa deb atashavergan. Mannon Uygʻur tavalludining 80 yilligi munosabati bilan Saʼdulla Ahmadning “Guliston” jurnalining 1977-yil sentyabr sonida bosilgan “Sahnamiz sarboni” maqolasida shunday soʻzlar bor: “Oʻzbekistonda birinchi professional teatr tashkilotchisi, atoqli rejissyor Mannon Majidovning nima uchun Uygʻur taxallusini qabul qilganligini bugungi kunda hayot boʻlgan shogirdlaridan soʻrab, aniq javob ololmadik.

“Biz bu nomga shunchalik koʻnikib ketgan edikki, otamdan nega bunday taxallus olganligini soʻrash esimizga ham kelmasdi. Har holda uygʻur xalqi nomidan olmaganligi aniq. Otam soʻz ummonida koʻp va xoʻb soʻzlagan bir gʻavvos edi. Bu soʻzning maʼnosini lugʻatlardan izlash kerak”, – deb javob beradi sanʼatkorning oʻgʻli Qoʻrqmas Majidov. Klassik va boshqa turli xildagi eski lugʻatlarni varaqlab chiqdik. Nihoyat, 1969-yilda nashr etilgan “Qadimgi turk lugʻati” kitobining 362-betida “uygʻur” soʻzining maʼnosi “uygʻotish” deb berilganiga koʻzimiz tushdi. Boshqacha boʻlib chiqishi mumkin ham emasdi. Mannon Uygʻur chin maʼnoda mazlum Sharqni uygʻotuvchilaridan... Uygʻur bundan 80 yil muqaddam oʻzi tugʻilgan Zanjirlik mahallasinigina emas, ulgʻaya borib, Turkiston va Sharq, balki butun jahonni zanjirband koʻrdi.

Teatrshunos, professor Muhsin Qodirov oʻzining bir maqolasida yuqoridagi fikrni davom ettirib, shunday xulosaga keladi: “Shu paytgacha Mannon Majid oʻgʻli nima uchun Uygʻur taxallusini tanlagani va bu soʻz qanday maʼno anglatishi toʻgʻrisida har xil taxminlar yuradi. Hatto bir uygʻurcha roʻznomada “Hamza teatrining tashkilotchisi Mannon Uygʻur ham oʻzimizdan, yaʼni uygʻurlardan”, deb yozishgan. Teatrshunoslar odatda bu masalani chetlab oʻtadilar. Yaqinda Abulgʻoziy Bahodirxonning “Shajarai turk” asarini varaqlab turib, “uygʻur” soʻziga berilgan izohga koʻzim tushdi. “Uygʻur”ning maʼnosi yopishqur demak boʻlur, – deyiladi unda. – Ayturlar: sut uyudi. Sut erkanida biri biridan ayrilur. Uyuganidan soʻng ayrilmas. Uyudi, yaʼni yopishdi”. Mannon Majidov taxallusining maʼnosi aslida ana shunday. U oʻzini uyushqoq, uyushtiruvchi, birlashtiruvchi deb bilgan, sanʼatda u uygʻur boʻlishni orzu qilgan edi, shunday boʻldi, u taxallusini oqladi”.

Maʼlum boʻlyaptiki, Mannon Majidov oʻziga Uygʻur taxallusini atayin tanlagan. Odatda, shoirlar qadim zamonlardan oʻzlariga taxallus qoʻyar edi, sanʼatkorlarda bu kam uchrasa-da, amaliyotda bor hodisa ekan.

3

Zamonaviy shakldagi oʻzbek teatr sanʼati va hozirgi Oʻzbek milliy akademik drama teatri (sobiq Hamza nomidagi teatr) asoschilaridan biri, umrining oxirigacha shu yerda faoliyat yuritgan buyuk sanʼat dargʻasi, Oʻzbekiston xalq artisti Mannon Uygʻur (Abdumannon Majidov) 1897-yil Toshkent shahrida tavallud topgan.

Otasi Toshkentning Shayxontohur dahasida Majid oqsoqol deb nom chiqargan hurmatli nuroniylardan boʻlgan. Oqsoqol Toshkentning “Piyonbozor”, baʼzan “Voskresniy” bozor deb atalgan qismida faoliyat yuritgan. Rus tilini biroz bilgani sabab Toshkent atrofidan kelgan dehqonlar bilan ruslar oʻrtasida tilmochlik ham qilar edi.

Mannon otasini oʻsha vaqtlarda Toshkentga kelayotgan teatr tomoshalariga olib tushar va uning taassurotlarini bilgisi kelardi. Ota bir necha spektakllarni koʻrgach: “Teatr bu – maʼrifat oʻchogʻi ekan-ku” deb, oʻgʻlini quvontiradi. Lekin uning artist boʻlishiga roziligini sira aytmasdi. Majid oqsoqol oʻz farzandining sanʼatkor boʻlishiga dastlab qarshilik koʻrsatsa ham, bora-bora u tanlagan soha millat uchun zarurligini fahmladi.

Mannon Uygʻur sahnadagi ilk faoliyatini 1916-yil Toshkentdagi “Turon” truppasida havaskor aktyor sifatida boshlagan. Oradan uch yil oʻtib, Toshkent shahrida oʻzbek professional truppasini tashkil etib, unga rahbarlik qilgan.

Truppada sahnalashtirilgan spektakllarda oʻzi rollar oʻynagan. 1918-yilda “Turkiston tabibi” asarini yozib, unda Yeshimqul obrazini talqin etdi. 1921-yil Gʻulom Zafariyning “Halima” musiqali dramasini sahnalashtirib, undagi Rahim, soʻng Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Boy ila xizmatchi” asaridagi Gʻofur obrazini yuksak mahorat bilan sahnaga olib chiqadi.

Moskvada Oʻzbek maorif uyi qoshidagi drama studiyasida taʼlim olib qaytgach, Hamza teatrining rejissyori va badiiy rahbari sifatida faoliyat yuritdi. Ozarbayjon va tatar dramaturglarining qator asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildi.

U jamoaning eng yaxshi professional va axloqiy anʼanalarini shakllantirdi. Aktyor va rejissyorlar, ajoyib sahna ustalarining bir necha avlodiga saboq bergan, tarbiyalagan, ularni oʻzbek milliy sahna sanʼatiga shuhrat olib keluvchilar darajasiga olib chiqqan. Shogirdlari qatorida A.Hidoyatov, S.Eshontoʻrayeva, Sh.Burhonov, N.Rahimov, Z.Muhammadjonov, L.Nazrullayev, Z.Hidoyatova, Z. Sadriyeva kabi nomlarning borligiyoq Ogʻaning ulkan isdeʼdodi, mehnatlari samarasini angatadi.

Uygʻur truppasi aktyorlik shaxsiyatining turli qarashlari asosida shakllangan. U truppani “jamlagan” va unga boshqa havaskor, shaxsiy teatrlardan iqtidorli yoshlarni taklif etgan. Jamoani toʻplab, ardoqladi va Hamza nomidagi teatrning birinchi avlodini badiiy choʻqqilarga olib chiqdi. Mannon Uygʻurda rejissyorning uchta asosiy jihati – murabbiy, sahnalashtiruvchi, rahbar kabi sifatlar uzviy ravishda uygʻun edi.

4

Murabbiy sifatida Uygʻur aktyorlarni birin-ketin katta dramaturgiya aylanasiga olib kirdi. Uning eng yaxshi sahna asarlari – Shekspir asarlari hamda tarixiy spektakllar edi. Uygʻur sahna texnikasiga katta ahamiyat qaratgan, har bir imo-ishora sayqaliga, sahnaning jonliligiga – aktyorlar imo-ishorasi, harakati, soʻziga astoydil eʼtibor bergan, sahnada jaranglayotgan har bir soʻzga katta ahamiyat qaratgan. Oʻzbek tilini yaxshi bilgan, juda boy adabiy tilda soʻzlash qobiliyatiga ega boʻlgan. “Agar sahnada tomoshabinlarga teskari tursang, sening yelkang rol ijro etaversin”, der edi shogirdlariga mashgʻulotlar vaqtida.

Uygʻur maktabini oʻtagan aktyorlar ajoyib toza nutqi, boy talaffuz ranglari bilan ajralib turgan va bu sifatlar hamon birlamchidir. Sahna afsonasi Shukur Burxon eslaydi:

“U tunu-kun teatrda band edi. Hatto, boshqalar sahnada asar qoʻygan vaqtida ham, ular bilan birga spektakllarga rejissyorlik qilgan. U arzimas xatolarga ham tanbeh berardi, ehtimol, notoʻgʻri talaffuz qilingan harf orqali u bizga haqiqiy oʻzbek tilini oʻrgatgan. U bizga aktyor oʻzini sahnada qanday tutishi, gapirishi, toʻxtamlarga rioya qilishi kerakligini koʻrsatdi...

Garchi, teatr ilmiga ega boʻlmasam-da, yuzlab rollar ijro etdim. Uygʻurning qoʻlida oʻqiganim, uning maktabini oʻtaganimdan gʻururlanish va xursand boʻlishdan toʻxtamayman”.

5

Shu oʻrinda Zikir Muhammadjonovning maqolasiga yana murojaat qilsak. Unda shunday satrlar bor:

“Mannon Uygʻur oʻzbek tomoshabinlarining ruhini yaxshi oʻrgangan edi. Oxirgi kurslarga kelganda Karlo Gossining “Malikai Turondot” asarini tayyorlashadi. Uygʻurning taklifi bilan milliy xususiyatlarni yorqin aks ettirishga harakat qilinadi. Mazkur asarda buning uchun katta imkoniyatlar bor edi. Asar talqinida har bir rejissyor xalqning turmush tarzi, feʼl-atvori va oʻz koʻnglidagi armonlarini asarga qoʻshishi tabiiy, albatta. Shu bois, Mannon Uygʻur har bir sahnada oʻzbekona milliy urf-odatlarni, mushohadalarni shu spektakl orqali tomoshabinlarga bayon eta olgan. Men oʻzim 40-yillarga kelib qayta tiklangan bu “Malikai Turondot” asarida Shukur Burhonov, Yetim Bobojonov, Mannon Uygʻurlar ijrosidagi rollarni koʻrganman...

...Mannon Uygʻur juda koʻp yillar, aytish mumkin, umrining oxirigacha teatrning bosh rejissyori, badiiy rahbari boʻlib ishladi. U hamkasblariga nihoyatda jonkuyar edi. Deyarli mayda-chuyda ishlargacha aralashar, uning maqsadi teatrni, uning jamoasini pokiza saqlash edi. Odobda, kiyinishda, yurish-turishda ham hammaga namuna boʻlardi.

Yoz kunlari Ogʻa oppoq kiyim kiyar edi. Qishda esa qora kostyum, oq koʻylak kiyib, galstuk taqib yurardi. Qirra burunli, qora sochli, qora magʻiz odam boʻlib, durday oppoq tishlari tabassum qilganda koʻzga tashlanib turardi. U teatr uchun hech narsani ayamagan.

“Muqanna” spektakli repetitsiya qilinayotgan kuni, Ogʻa teatrga yangi qora kostyumda kirib keldi. Sahnada bizning vazifamiz Muqannani koʻrishimiz bilanoq tiz choʻkib, yerga yiqilish edi. Ammo kiyimlarimizni ayab, yiqilmoqchi emasdik. Shunda Ogʻa yangi kiyib kelgan kostyumini yerga tashlab, qanday dumalashimiz kerakligini koʻrsatib berdi. Ana shundan keyin biz ham u kishi qilgan harakatni takrorladik”.

6

– Mening onam Xadicha Boboxonova Mannon Uygʻurning shogirdi boʻlgan, – deydi Oʻzbekiston xalq artisti Gulnora Ravshanova. – U kishining qoʻllarida ikki yil tahsil olgan. Shu davrda onam mohir aktyor nazariga tushgan. Keyinchalik Mannon Uygʻur onam bilan Zebo Gʻaniyevani Moskvaga oʻqishga joʻnatgan. Onamning aytishicha, ul zotni hech kim Mannon Uygʻur, deya atamagan. Uygʻur ogʻa, deyishgan. Xadicha Boboxonovaning taniqli aktrisa boʻlishida ustozi Mannon ogʻaning xizmati juda katta. Ikkinchi jahon urushi boshlangach, onamni Surxondaryo viloyati musiqali drama teatriga joʻnatishgan. Onam shu teatrda uzoq yilllar ijod qilib, sahnada 150 ga yaqin obraz yaratdi. Men ham Oʻzbek teatr maktabining asoschisi, buyuk aktyor Mannon Uygʻur shogirdining shogirdi boʻlganimdan hamisha faxrlanaman. Bir safar uyda Mannon Uygʻurni eslaganlarida onam ustozining soʻzga juda usta boʻlganini aytib, har bir kishidan soʻzni ravon aytishni qatʼiy talab qilganini yodga olgan edi.

7

Joriy yil 5-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida saylovchilar bilan uchrashuvda Mannon Uygʻur hayoti va ijodi, uning milliy sanʼatimiz rivojida tutgan oʻrni, u yaratgan sahna maktabi kabi mavzularni alohida tilga oldi. Mamlakatimizda sanʼat, madaniyatni rivojlantirish, soha vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida soʻz yuritar ekan, jumladan, yosh rejissyorlar uchun Mannon Uygʻur nomidagi mukofot taʼsis etilishi, mukofot bilan har yili 27-mart – Xalqaro teatr kunida musiqali, drama va qoʻgʻirchoq teatri yoʻnalishidagi eng yaxshi spektakllar yaratgan yosh rejissyorlar taqdirlanishi, har bir mukofot miqdori kamida 100 million soʻmdan kam boʻlmasligi haqida fikr bildirdi.

– Prezidentimizning uchrashuvda milliy teatrimiz, sanʼatimiz haqida kuyunchaklik bilan aytgan gaplari, uni yanada yuqori pogʻonalarga olib chiqish uchun oʻylab yurgan rejalari bilan oʻrtoqlashganlari meni qattiq hayajonga soldi, – deydi Oʻzbekiston xalq artisti Rixsi Ibrohimova. – Ayniqsa, ulugʻ inson Mannon Uygʻur hayoti, ijodi, faoliyatiga bergan eʼtiboru eʼtiroflaridan boshim koʻkka yetdi.

Teatr taraqqiyotini rejissyorsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Chunki u ijodiy jamoada yetakchi oʻrin tutadi, aktyorlar murabbiysi, ularga gʻoyaviy fikr beruvchi rahnamo hisoblanadi. Shu bois, rejissyor xuddi kema dargʻasi kabi kishilarni aniq maqsad sari yetaklay olish salohiyatiga ega boʻlmogʻi lozim. U doimo davr talabi va tomoshabinlar maʼnaviy ehtiyojiga hozirjavob boʻlishi kerak. Bu kasb sohibi ana shunday masʼuliyatli va sharafli ijodkordir. Uygʻur ogʻa ana shu talablarning barchasiga javob bera olgan.

Bu insonni koʻrgan sanʼatkorlar bugun oramizda deyarli yoʻq. Afsuski, Uygʻur ogʻani koʻrish, undan saboq olish menga nasib qilmagan. 1955-yili institutning 1-bosqichida oʻqiyotganimda, teatrga ishga kelishimdan ikki hafta oldin u kishi vafot etgan. Teatrda ish boshlagan kezlarim butun teatr jamoasi faqat Mannon ogʻa haqida gapirar, har bir spektakl va repetitsiyalar mobaynida albatta u kishini xotirlar edi. Ustozim Sora Eshontoʻrayeva va ogʻani koʻrgan, hamsuhbat boʻlgan boshqa yoshi ulugʻlardan Mannon Uygʻur shaxsiyati, u kishining ish uslubi haqida koʻp eshitdim, oʻzimga gʻoyibona ustoz, deb bildim.

8

Sanʼat fidoyisi 1955-yil oktyabr oyida 58 yoshida vafot etdi. Mustaqillik yillari boshqa marhum ulugʻ sanʼatkorlar singari Mannon Uygʻurning ham oʻzbek teatr sanʼati rivojidagi xizmatlari alohida eʼtirof etilib, davlatimizning yuksak mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

9

Oʻzbekiston xalq shoiri Gʻafur Gʻulomning “Sanʼatim” sheʼrini xalq artisti Sherali Joʻrayev oʻziga xos talqinda ijro etgan. Unda oʻzbek sanʼatini yuksaklarga koʻtargan ulugʻ sanʼatkorlar nomi keltiriladi, sanʼatimiz buyuk ekani asoslanib, “Shuning uchun dagʻdagʻasi osmonlarcha bor”, deya taʼrif beriladi. Ana shu dagʻdagʻaga ruh bergan, motivatsiya bergan siymo ham Mannon Uygʻurdir!

Fikrimiz quruq boʻlib qolmasligi uchun bir misol keltirsak: Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida XX asrning 30-yillaridayoq “Gamlet” muvaffaqiyatli sahnalashtirilib, tomoshabinlarning yuksak olqishiga sazovor boʻlgan. Bu rejissyor Mannon Uygʻurdek ulkan sanʼatkorning salohiyati tufayli edi. 40-yilga kelib, Mannon Uygʻur rus rejissyori N.Ladigin bilan birgalikda Vilyam Shekspirning “Otello” asarini tayyorlab, teatr dovrugʻini yangi pogʻonaga koʻtarishga muvaffaq boʻladi. Muxlislarning “Otello”ga mehri “Gamlet”dan ham yuqori boʻlgan. Urush yillari shahrimizga tashrif buyurgan ingliz parlamenti aʼzosi janob Jonson “Teatr kitobi”ga shunday soʻzlarni yozib qoldirgan:

“Biz – Shekspir vatanidan kelgan mehmonlar oʻzbek teatri sahnasida “Otello” spektaklini tomosha qilib, hozirgi zamonda oʻzimizning mamlakatda bu qadar yuksak ijroni koʻrmaganimizdan qoyil qolganimizni mamnuniyat bilan izhor etamiz. Bu ijroni butun dunyo koʻrishi kerak!”.

 

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi,

2023-yil 18-avgust

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net