
Malayziyaning Osiyo va Tinch okeani texnologiya va innovatsiyalari universitetida bo'lib o'tgan "Xalqaro madaniyatlar kechasi" doirasida O'zbekistonning madaniy, ta'lim va turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tashkil etildi
Tadbirda 500 dan ortiq qatnashchilar, jumladan Malayziya oliy ta'lim vazirligi rahbariyati, mamlakat universitetlari vakillari, professor-o'qituvchilari, talabalar, Kuala-Lumpur shahridagi diplomatik korpus vakillari hamda O'zbekiston umumjahon yoshlari assotsiatsiyasi koordinatorlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga O'zbekistonda turli jabhalarda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, oliy ta'lim va turizm sohalarida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida batafsil ma'lumot berildi. Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridagi islom dunyosiga oid bir qator ziyoratgohlar haqidagi videroliklar taqdim qilindi.
Taqdimotda 90 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan, Malayziya fuqarolari mamlakatimizga vizasiz kirishi mumkinligi, "Uzbekistan Airways" va "Batik Air Malaysia" aviakompaniyalarining Toshkent va Kuala-Lumpur o'rtasidagi to'g'ridan-to'g'ri reyslari haftasiga 5 marta amalga oshirilishi ta'kidlandi. Yaratilgan sharoitlar ikki mamlakat va ularning xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirish, sayyohlar oqimini ko'paytirish, o'zaro ishonch va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganiga urg'u berildi.
Tadbir doirasida o'zbek xalqining boy madaniy merosi va an'anaviy raqs san'ati namoyish qilindi. Xususan, dasturdan YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro'yxatiga kiritilgan "Lazgi" Xorazm raqsi, milliy urf-odatlar, o'zbek milliy liboslari namoyishi joy oldi. Shuningdek, o'zbek milliy hunarmandchilik, amaliy san'at, yengil sanoat va ipak mahsulotlari ko'rgazma-savdosi o'tkazildi.
Malayziyaning Osiyo va Tinch okeani texnologiya va innovatsiyalar universiteti vakili Muhammad Ali "Dunyo" AA uchun intervyusida fikrlarini bildirdi:
- Biz ushbu "Xalqaro madaniyatlar" madaniy-ma'rifiy tadbiriga mezbonlik qilayotganimizdan mamnunman. Uning doirasida 30 dan ortiq xorijiy mamlakat vakillari o'zlarining boy madaniyati va urf-odatlarini namoyish etishdi.
Universitetimiz O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari bilan axborot kommunikatsiyalari, raqamli texnologiyalar, kiberxavfsizlik yo'nalishlarida hamkorlik aloqalari o'rnatgan. Hozirgi kunda universitetimizda bir qator o'zbekistonlik talabalar ta'lim olib, ular ushbu tadbirda faol ishtirok etmoqda.
Bu yerda biz o'zbek xalqining nihoyatda boy madaniyati, tarixi, an'analari va urf-odatlari bilan yaqindan tanishdik. O'zbekistonning ziyorat turizm salohiyati ishtirokchilar orasida katta qiziqish uyg'otdi. O'zbekistonda ziyoratchi sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklar va sayyohlik infratuzilmalari yangilab borilayotgani bizni quvontirmoqda. 2025-yilda Imom Buxoriy yurtiga sayohat qilishni reja qildim.
Shu kabi tadbirlar O'zbekiston va Malayziya o'rtasida madaniyat, oliy ta'lim va turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun xizmat qiladi, deb hisoblayman.