JIZZAX TAOMLARI XORIJLIKLARNI MAFTUN ETDI

10.04.2019 17:04

Termiz shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida turli anjumanlar, musiqiy loyihalar taqdimotlari, ko‘rgazmalar, ko‘rik-tanlovlar yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.

San’at saroyi hududidagi keng maydonda yurtimiz oshpazlarining milliy va jahon taomlari ko‘rgazmasini ham mahalliy ishtirokchilar va xorijlik mehmonlar katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda.

Bu yerda yurtimizning turli viloyatlaridan kelgan mohir pazandalar o‘z hududlarining tansiq taomlarini tayyorlash jarayonini namoyish qilayotir. Ko‘rgazma ishtirokchilari Samarqandning bo‘rsildoq nonlari, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryoning tandir kaboblari, Andijonning palovxonto‘rasi va boshqa taomlarning tayyorlanish usullarini kuzatish barobarida ularni tatib ko‘rish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqda.

Surxondaryo viloyati pavilonida mahalliy va jahonning 24 davlatida tayyorlanadigan taomlar ko‘rgazmasi namoyish etilmoqda. Surxoncha tandir kabob va uzunligi bir metrdan ziyod bo‘lgan alpomish kaboblar ham ishtirokchilar e’tiborini o‘ziga tortdi.

Ayniqsa, jizzaxlik pazandalar tomonidan milliy taomlarning tayyorlanish jarayoni, ta’mi, ko‘rinishi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

– Bu yerda turli tumanlarda tayyorlanadigan 12 xil taomni namoyish etayapmiz, – deydi Jizzax viloyati oshpazlar uyushmasi raisi Alimardon O‘rolov. – Jizzax jizi, Zomin tandir kabobi, Jizzax oshi, manti, somsa, lochira, qurtava singari taomlarimizning tayyorlanishini nafaqat mahalliy, balki chet elliklar ham katta qiziqish bilan kuzatdi.

Ko‘rgazmada mavjud dunyo taomlari xalqimizning pazandalik mahoratini keng namoyish etayotgan bo‘lsa, milliy taomlarimiz jannatmonand yurtimizda qadimdan oshpazlik san’ati yuksak darajada rivojlanganidan darak beradi. Qo‘li gul oshpazlar tansiq taomlarning tayyorlanish jarayonini ko‘rsatish bilan birga, uning tarixi haqida hikoya qilib berayotgani ishtirokchilar e’tiborini tortayotgani buning dalilidir. Masalan, jizzaxlik pazandalar Jizzax oshi va somsasiga shunday ta’rif berishdiki, beixtiyor bizda ham ulardan tatib ko‘rish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Ishtaha bilan taom tatib ko‘rayotgan chet ellik mehmonlarning fikri bilan qiziqdik.

– O‘zbekiston bilan bizning urf-odat va an’analarimiz, taomlarimizda o‘xshashlik bor, – deydi Hindistonning “JODHPUR RIFF” festivali direktori Devi Bhatiya. – Termizda o‘tayotgan xalqaro festivaldan biz unutilmas taassurotlar olmoqdamiz. Bugun taomlar ko‘rgazmasiga kelganimizdan juda xursandmiz. Biz ko‘proq o‘zbek taomlarining pishirilish usullarini maroq bilan kuzatdik. Ayrimlarini tatib ham ko‘rdik, bir-biridan mazali.

Unutilmas lahzalar va taassurotlarga boy bo‘layotgan Xalqaro festival qizg‘in davom etmoqda.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net