DUNYO TAMADDUNIDA BAXSHICHILIK SAN'ATINING O’RNI

06.04.2019 15:58

Termiz shahrida o’tkazilayotgan Xalqaro baxshichilik san'ati festivali doirasida “Jahon tsivilizatsiyasida baxshichilik san'atining o’rni” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya bo’lib o’tdi.

Unda mahalliy va xorijlik olimlar, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O’zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullaev va boshqalar mamlakatimizda xalq og’zaki ijodini asrab-avaylash va rivojlantirishga davlat darajasida qaratilayotgan e'tibor noyob san'atimizni ulug’lab, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotganini ta'kidladi.

Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san'ati festivalini o’tkazish to’g’risida”gi qarori bu boradagi ezgu ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo’lmoqda.

Аnjumanda Frantsiya, Bolgariya, Rossiya, Janubiy Koreya, Moldova, Turkiya, Eron kabi davlatlardan kelgan folьklorshunos olimlar, ilmiy tadqiqotchilar ishtirokida baxshichilik va dostonchilik san'atini rivojlantirish, xalq og’zaki ijodi durdonalarining Sharq va G’arb madaniyati, san'atidagi o’rni va ahamiyatini yanada oshirish, o’zbek va boshqa xalqlar dostonlarini ilmiy o’rganish, o’zaro ijodiy hamkorlikni keng yo’lga qo’yish kabi dolzarb masalalar muhokama etildi. 

Xalqaro konferentsiyada "Baxshilarning estetik qarashlari”, "Markaziy Osiyoda nomoddiy madaniy meros bo’yicha xalqaro hamkorlik: mintaqada ICHCAP bilan mushtarak ishlar misolida”, “Jangarchi – «Jangar» qalmiq qahramonlik dostoni aytuvchisi, saqlovchisi va ommalashtiruvchisi”, “Turkiy eposda doston aytish san'atining badiiy va vaqtga oid konteksti”, “Mo’g’ul va o’zbek tillaridagi eposlarning terminologik tomonlari”, “Nomoddiy madaniy meros muhofazasi bo’yicha konventsiya ro’yxatlari epik merosi: O’zbekiston epik meros elementlari”, “Qirg’iz elining aytishuv san'ati”, “Podshoh va Lala yoki Daxril va Zyufrem” gagauz doston eposi tiklanishi”, “Tojiklarning epik ijodi: hozirgi holati, saqlash va rivojlanish muammolari” kabi mavzularda ma'ruzalar tinglandi.

O’zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi To’ra Mirzaev, Janubiy koreyalik Seong Yong Pak, rossiyalik Vasiliy Illarionov, qozog’istonlik Shakir Ibraev va boshqalar nomoddiy madaniy merosning hayotimizda tutgan o’rni, xalqlarning milliy qadriyatlarini rivojlantirish va yosh avlodni vatanparvarlik ruxida tarbiyalashdagi ahamiyati xususida atroflicha fikr yuritdi. Аjdodlardan meros qolgan xalq og’zaki ijodini o’rganish va o’rgatish yuzasidan O’zbekistonda amalga oshirilayotgan beqiyos ishlarga yuqori baho berildi.

– Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan o’zbek baxshichilik va dostonchilik san'atining noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, turli xalqlar o’rtasidagi do’stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlashga e'tibor yanada kuchaytirildi, – deydi Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi direktori Аzamat Haydarov. – Mazkur anjuman ham baxshilik va dostonchilik san'atini rivojlantirish, bu borada o’zaro ijodiy hamkorlikni, madaniy-ma'naviy aloqalarni xalqaro miqyosda kengaytirishga qaratilgani bilan ishtirokchilarda boy taassurot uyg’otdi.

Konferentsiya ishi “Baxshichilik an'anasi tarixi, nazariyasi va ijrochilik mahorati”, “Epos – xalq ma'naviy merosining durdonasi sifatida”, “Baxshichilik san'atining hozirgi holati va uni saqlash muammolari”, “Epik meros etnomusiqashunoslik kontekstida” kabi mavzulardagi shu'ba yig’ilishlarida davom ettirildi.

Markaziy Osiyoda qadimdan rivojlangan xalq og’zaki ijodi mintaqa xalqlarining hayotiy qarashlarini mujassam etgan. Baxshi-dostonchilik uning eng muhim tarmoqlaridan bo’lib, ajdodlarimizning qahramonlik, vatanparvarlik, mehr-oqibat kabi g’oyalarini tarannum etadi. O’zbekiston hududida shakllangan baxshichilik maktablari an'analari ming yillar davomida xalqimizni ezgu fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qilgan.

Bahs-munozaralarga boy bo’lgan xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya ishtirokchilarda katta taassurot uyg’otdi.

– Men O’zbekistonning nomoddiy madaniy meros durdonalari bilan yaqin tanishman. Jannatmakon bu yurtda ko’p marta bo’lganman. Baxshi, oqin va jirovlarning dostonlarni maromiga yetkazib kuylaganini bu yurtda juda ko’p marta tinglab, o’zgacha zavq-shavq olganman, – deydi Frantsiya Respublikasi Ilmiy izlanishlar milliy markazi direktori, professor Jan Dyuring. – Boysun tumanida mashhur baxshi Shoberdi Boltaevning xonishlari meni o’ziga maftun etgan. O’zbek baxshichilik san'ati dunyoda juda noyob yo’nalish. Baxshilarning dostonlarni bo’g’iz orqali kuylashidan hayratlanaman. To’g’ri, bizda ham xalq dostonlari bor. Lekin ularga bu darajada e'tibor, qiziqish yo’q. Mamlakatingizda dunyo baxshilari va soha mutaxassislari jamlangan bunday nufuzli xalqaro festivalь tashkil etilganidan juda xursand bo’ldim. Аlbatta, bu boshqa mamlakatlarga ham ibrat qilib ko’rsatishga arziydigan tashabbus.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman baxshichilik va dostonchilik san'atining noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni yosh avlod ongu shuuriga chuqur singdirishdek ezgu ishlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net