/"Dunyo" AA/. Roppa-rosa bir oydan so'ng, ya'ni 3-5-may kunlari Buxoro shahrida II Xalqaro zardo'zlik va zargarlik festivali o'tkaziladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Uzbektourism.uz" portali ma'lumotiga ko'ra, festivalni o'tkazishdan maqsad, zardo'zlik va zargarlik yo'nalishlarida faoliyat olib boradigan soha taraqqiyotiga salmoqli hissa qo'shayotgan tajribali va iqtidorli hunarmandlarni kashf qilish, nodir va yo'qolib borayotgan san'at asarlarini asrab-avaylash, tiklash, eng ilg'or amaliy dasturlarni targ'ib qilish, yosh avlodga ushbu hunarni o'rgatgan holda viloyatlarda yangi ish o'rinlarini tashkil etish, xalqaro miqyosda milliy brendni yaratish va ommalashtirishdan iborat.
Xalqaro festival dasturidan turli taqdimotlar, ko'rgazmalar, musiqali teatr tomoshalari, ko'ngilochar va madaniy-ma'rifiy tadbirlar o'rin olgan.
Shuningdek, anjuman doirasida qadimiy shaharda "An'anaviy zardo'zlik va zargarlik san'atini rivojlantirishning istiqbollari" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o'tkaziladi.
Eslatib o'tamiz, birinchi festival 2022-yilning 21-25-may kunlari Buxoroda bo'lib o'tgan edi. Unda respublikamizning barcha viloyatlaridan 300 ga yaqin hunarmandlar, shuningdek, 58 davlatdan 100 dan ortiq xorijiy ishtirokchilar qatnashgan.