ABDULLA QODIRIYNING "O?TKAN KUNLAR" ROMANI AQSHDA TARJIMA QILINDI

30.12.2019 11:58

VASHINGTON, 30 dekabr. /"Dunyo" AA/. AQSh poytaxtida Abdulla Qodiriyning ingliz tiliga tarjima qilingan "O‘tgan kunlar" romanining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Kitob Janubiy Karolina shtatining Kolumbiya shahrida nashr etilgan, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

 

 

Tarjima amerikalik olim, AQSh harbiy-dengiz akademiyasi Mintaqaviy tadqiqotlar markazining sobiq direktori Mark Riz tomonidan amalga oshirilgan. U 1994-1996 yillari Tinchlik korpusining O‘zbekistondagi birinchi ko‘ngillilaridan bo‘lgan. M.Riz mamlakatimizda ko‘p vaqtini Farg‘onada o‘tkazgan, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, vodiyga tashrif buyurgan birinchi amerikaliklardan hisoblanadi.

 

 

 

M.Riz AQSh Mudofaa vazirligi va Davlat departamentida xizmat qilgan, Afg‘onistonga tarjimon sifatida yuborilgan, Davlat departamentining qiyosiy diniy tadqiqotlar dasturlariga rahbarlik qilgan, shuningdek, AQSh hukumat dasturlariga Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis sifatida jalb etilgan.

 

 

 

Romanni tarjima qilish o‘n besh yildan ko‘proq vaqt davom etdi. Kitobni nashr etish jarayoni O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi, yurtdoshlarimiz va o‘zbekistonlik mutaxassislarning faol ko‘magi bilan sezilarli darajada tezlashdi. Asarning tarjimasi 2019 yil dekabr' oyida sotuvga chiqarildi va kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi. Shuni ta'kidlash joizki, tarjima sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha "besh yulduzli" reytingga ega.

 

 

 

 

Kitobning tarjimasi 660 betni tashkil qilgan. Nashr A.Qodiriy tomonidan "O‘tkan kunlar"da ishlatilgan turli atama va frazeologizmlar bo‘yicha 400 dan ortiq izoh, o‘zbek xalqining XIX asr birinchi yarmidagi madaniyati, an'analari, urf-odatlari va hayotining o‘ziga xos xususiyatlari haqidagi sharhlarni ham o‘z ichiga olgan.

 

 

 

Tarjimon o‘zbek va rus tillarini yaxshi biladi. U romanni, asarning asosiy qahramonlarini hamda Abdulla Qodiriyning hayot yo‘lini chuqur o‘rgangan. Buning samarasida “O‘tkan kunlar”ning mazmun-mohiyatini amerikalik kitobxonlarga yetkazishga muvaffaq bo‘lgan.

 

 

 

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov taqdimot marosimida davlatimiz rahbariyati tomonidan taniqli o‘zbek ziyolilari xotirasini abadiylashtirishga qaratilayotgan katta e'tibor, mamlakatimizda o‘zbek romanchiligi asoschisi, jadidlar harakatining yorqin vakili, yozuvchi Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi keng nishonlangani haqida so‘zlab berdi.

 

 

 

 

M.Riz O‘zbekistonda o‘tkazgan yillari haqidagi iliq xotiralari bilan o‘rtoqlashdi, olib borgan tadqiqotlarining natijalari, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va ochiqligi to‘g‘risida gapirdi. U, shuningdek, yig‘ilganlarni boy tarixiy meros, betakror me'morchilik obidalari bilan yaqindan tanishish, oliyjanob insonlarni kashf qilish uchun O‘zbekistonga sayohat qilishga chaqirdi.

 

 

 

Amerikalik tarjimon oddiy o‘zbek maktabida o‘qituvchi sifatida o‘tkazgan yillari uning hayotini beqiyos tarzda boyitishga xizmat qilgan qulay imkoniyat bo‘lganini alohida ta'kidladi.

 

 

 

- "O‘tkan kunlar" romanini ingliz tiliga tarjima qilish men uchun sharafdir. Ushbu kitob Markaziy Osiyo va jahon adabiyotida o‘xshashi yo‘q asardir, - deb qayd etdi tarjima muallifi. - Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodini o‘rganish men uchun o‘quv mashg‘uloti emas edi. Uning asarini tarjima qilish mening qat'iy qarorim bo‘ldi. Men uchun Otabek, Kumush yoki men yoqtirib qolgan Hasanali xayolda to‘qilgan adabiy personajlar emas, balki ular Toshkent, Qo‘qon va Vashingtonda men bilan birga ishlagan, hamkorlik qilgan insonlarning timsolidir.

 

 

 

 

Uning fikricha, A.Qodiriy o‘z asarini o‘sha davrda ushbu tarixiy roman qahramonlari kabi hayotiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan o‘quvchilar uchun bitgan.

 

 

 

- Yozuvchi o‘tmish saboqlarini 1917 yilgi voqealardan keyin keskin siyosiy davrni boshdan kechirayotgan zamondoshlariga ogohlantirish sifatida taqdim etgan. Kitobda ko‘tarilgan mavzular jamiyatning bugungi muammolariga ham tegishli, O‘zbekistondagi dolzarb masalalarni hal qilishda fuqarolik jamiyati institutlarini faol bo‘lishga chaqiradi, - deydi M.Riz.

 

 

 

Tadbir doirasida M.Riz bilan "O‘tkan kunlar" kitobi tarjimasi taqdimotini 2020 yil bahorda O‘zbekistonda o‘tkazish va Abdulla Qodiriyning "Mehrobdan chayon" romanini tarjima qilish bo‘yicha loyihani muhokama qilishga kelishib olindi.

 

 

 

 

 

 

 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net