KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLARDA JAMOATCHILIK ISHTIROKI: MILLIY VA XALQARO TAJRIBA

03.10.2022 10:04

“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi “Xalq – qonunlarning yagona manbai va muallifidir” hamda “Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida va jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qabul qilinadi” degan tamoyillarga asoslangan holda oʻtkazilmoqda.

Yangilanayotgan Konstitutsiya – Yangi Oʻzbekistonni
barpo etishning huquqiy poydevori

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning iyun oyida Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim ekanini alohida taʼkidlab oʻtdilar.

Qayd etish lozimki, Prezidentimiz ilgari surgan “Inson qadri uchun” gʻoyasi, shuningdek, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning bosh tamoyili boʻlgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirish “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini yaratishning ustuvor vazifasiga aylandi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Konstitutsiyamiz yillar davomida yashayotgan davrimiz, islohotlar talabi va xalqimiz ehtiyojidan kelib chiqib takomillashtirib borildi. Hozirda esa, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng koʻlamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali taʼminlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Shuningdek, hozirda dunyoda kechayotgan global ziddiyatli muammolar va kun sayin oʻzgarib borayotgan halqaro hayot mamlakatimizni yanada modernizatsiya qilish, tinchlik, barqaror taraqqiyotni taʼminlash, tashqi siyosatning huquqiy asoslarini takomillashtirish kabi keng koʻlamli masalalar borasida yechimini kechiktirib boʻlmaydigan, yangi va oʻta muhim hayotiy vazifalarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.

Bugun Yangi Oʻzbekiston – maqsadi demokratik tamoyillar, inson huquq va erkinliklari borasida umumeʼtirof etilgan prinsip va normalarga asoslangan va pirovard maqsadi xalq uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat boʻlgan davlatga aylandi.

Qayd etish kerakki, har qanday islohot kuchli konstitutsiyaviy-huquqiy asosga tayansagina, koʻzlangan ezgu maqsadga va ulugʻvor vazifalarga, samarali natijalarga erishadi. Darhaqiqat, Oʻzbekiston va dunyo tajribasiga nazar tashlansa, tub burilish davrida konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilgani hamda islohotlar xalq tomonidan qoʻllab-quvvatlangani va xalqning orzu-umidini roʻyobga chiqarishga xizmat qilgandagina ortga qaytmas tus olishini kuzatish mumkin.

Yangilanayotgan Konstitutsiya – chinakam xalq Konstitutsiyasidir

Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda “Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qoʻllab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirsak, bu tom maʼnoda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi boʻladi”.

Oʻzbekiston Respublikasining yangilanayotgan Konstitutsiyasining asosiy muallifi va ijodkori tom maʼnoda Oʻzbekiston xalqi hisoblanadi. Ushbu xulosa, quyidagilarga asoslanadi:

Birinchidan, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish gʻoyasi va uning davlat va jamiyat rivojidagi ahamiyati ilk marotaba aynan “Yangi Oʻzbekistonga – Yangilangan Konstitutsiya lozim”, deb bilayotgan aholi va saylovchilar tomonidan taklif etildi.

Zero, 2021-yilning oktyabr oyida Oʻzbekiston Prezidenti saylovi jarayonida nomzodlarning elektorat vakillari bilan uchrashuvlari chogʻida hayotiy talabdan kelib chiqqan va mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi boʻlgan muhim taklif – konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirish masalasi kun tartibiga qoʻyildi.

Bu, bir tomondan, Prezidentimizning Yangi Oʻzbekiston strategiyasi doirasidagi demokratik islohotlar siyosati keng qoʻllab-quvvatlanayotgani, ikkinchi tomondan – saylovchilar mamlakatdagi tub oʻzgarishlardan manfaatdor ekanidan dalolat beradi.

Ikkinchidan, xalq tomonidan ilgari surilgan gʻoyalarni umumlashirish, tizimlashtirish, chuqur tahlil etish hamda mamlakat taraqqiyotining ushbu bosqichida Yangi Oʻzbekistonni va Uchinchi Renessans asoslarini yaratish, jamiyat va davlat boshqaruvi sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish maqsadida Oʻzbekistan Respublikasi Prezidenti tomonidan konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari aniqlab berildi.

Uchinchidan, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish ishlariga bevosita xalq tomonidan saylangan Oliy Majlis deputatlari va senatorlari boshchilik qilmoqdalar. Parlament tomonidan shakllantirilgan Konstitutsiyaviy komissiya tarkibiga, shuningdek, akademik hamjamiyat, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ham kiritilgani ham konstitutsiyaviy islohotlarda xalq vakillarining ishtirokini taʼminlash bilan bir qatorda, uning xalqchilligini hamda jahonda tan olingan demokratik tamoyillar va qoidalarga mosligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Toʻrtinchidan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha oʻtkazilgan umumxalq muhokamasida koll-markazi, fuqarolarning bevosita qabuli orqali, “Meningkonstitutsiyam.uz” platformasi, anʼanaviy murojaatlari hamda jamoaviy takliflari asosida 150 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Bu 1992-yildagi umumxalq muhokamasiga qaraganda 25 barobardan koʻpdir. Ushbu takliflarning 56 foizi erkaklar, 40 foizi ayollar tomonidan, 4 foizi esa anonim tarzda bildirildi. Unda xorijdagi vatandoshlar tomonidan yuborilgan takliflar ham inobatga olingan va ilmiy hamjamiyat ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etildi.

Beshinchidan, joylardagi uchrashuvlarda fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, tashabbus va takliflar tahlili ham xalqning Yangi Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarga befarq emasligi, balki islohotlarning, xususan konstitutsiyaviy islohotlarning faol va manfaatdor ishtirokchisiga aylanayotganidan dalolat beradi.

Oltinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, huquqshunos olimlar, akademik hamjamiyat, “aql markazlari”ning konstitutsiyaviy islohotlardagi faol ishtirokini eʼtirof etish lozim. Fuqarolik jamiyati institutlar Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatiga ham yaqindan koʻmak koʻrsatdilar:

• BMT, YEXHT, SHHT, YEI, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida qabul qilingan 400dan ortiq butundunyo va mintaqaviy konvensiyalar, deklaratsiyalar, rezolyutsiyalar hamda konstitutsiyaviy rivojlanish borasidagi xalqaro tajriba oʻrganib chiqildi, 193 mamlakat konstitutsiyalari, konstitutsiyaviy islohotlari tizimli ravishda tahlil etildi;

• xalqaro va xorijiy tajribani chuqur tahlil etish va oʻrganishlar asosida “Shanhay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar konstitutsiyalari”, “Jahon konstitutsiyalari”, “Konstitutsiyaviy islohotlar: dunyo mamlakatlari tajribasi” (5 jildlik) kabi 10dan ziyod asarlar yaratildi. Ular asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi va islohotlarga oid fikr mulohazalar, takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Fuqarolik jamiyati institutlarining takliflari, jumladan, “inson shaʼni va qadrini” ulugʻlash, yangi “inson – jamiyat – davlat” paradigmasini hayotga izchil tatbiq etish, xalqchil, adolatli va ijtimoiy davlat barpo etish, fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va maqomini konstitutsiyaviy mustahkamlash, bolalar, xotin-qizlar va nogironligi bor shaxslar erkinliklari, huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ekologik muammolarni hal etish kabi yoʻnalishlarni oʻz ichiga qamrab oldi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba fuqarolik institutlarining bevosita ishtiroki va tashabbusi asosida jamoatchilik, gender, bola huquqlari, inson huquqlari, xususan nogironligi bor shaxslarning, qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini himoya qilish, ijtimoiy davlat qurish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va xususiy mulkni himoya qilish kabi qator yoʻnalishlar hamda aksilkorrupsiya va lingvistik ekspertizalardan oʻtkazildi. Jamoatchilik ekspertizalarida 300dan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirok etdilar.

Ochiqlik va oshkoralik – konstitutsiyaviy islohotlarning muhim tamoyili

Konstitutsiyaviy komissiya oʻz faoliyatini ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga qatʼiy tayangan holda olib bordi. Xususan, mazkur Komissiyaga konstitutsiyaviy islohotlarga ilmiy-tadqiqot muassasalari, tegishli davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar, mahallalar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, sohaning milliy va halqaro ekspertlari faol jalb etildi.

Bunda Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmatining faoliyati alohida oʻrin tutdi. Xususan, Matbuot xizmati oddiy fuqaro uchun sodda va tushunarli tilda konstitutsiyaviy islohotlarning, Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangiliklarnining fuqarolarimiz uchun naqadar ahamiyatli ekanini ustuvorliklari va asosiy yoʻnalishlarini yetkazishda alohida faollik koʻrsatmoqda. Aholiga Konstitutsiyaviy qonun loyihasini keng tanishtirish, ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda har bir moddani keng jamoatchilik muhokamasini tashkillashtirish, fuqarolar fikrini oʻrganish, bu borada aholi turli qatlamlari va Konstitutsiyaviy komissiya oʻrtasida mustahkam aloqalarni taʼminlash ishlarida jurnalistlar va blogerlarning ishtiroki taʼminlanmoqda.

Bunda Matbuot xizmati oʻz faoliyatini ikkita yoʻnalishda olib bormoqda:

birinchidan, konstitutsiyaviy islohotlarni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritish:

• davlat va nodavlat telekanallarda 13 824 ta lavhalar, intervyular, informatsion va maxsus koʻrsatuvlar efirga uzatildi, radiokanallarda – 3 730 informatsion va maxsus eshittirishlar tashkil qilindi;

• bosma nashrlarda 1 303 ta maqolalar chop etilgan boʻlsa, internet nashrlarida – 7 122 ta, “Telegram”, “Facebook”, “Instagram”, “YouTube” kabi ijtimoiy tarmoqlarda 49 545 ta axborot materiallari eʼlon qilindi. Birgina internetda eʼlon qilingan axborot materiallari foydalanuvchilar tomonidan 245 mln martadan ortiq koʻrilgan va 109 mingdan ortiq izohlar qoldirilgan.

Shuningdek, Matbuot xizmatining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari va www.meningkonstitutsiyam.uz internet portaliga Komissiya faoliyati hamda Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan axborotlar joylashtirilmoqda. Shu kungacha jami 1000 dan ortiq axborot materiallari (oʻzbek, qoraqalpoq, rus va ingiliz tillarida) joylashtirildi. Bugungi kunda ushbu portaldan foydalanuvchilar soni keskin ortib, 73 600 nafarni tashkil etmoqda. Fuqarolardan kelib tushayotgan takliflarga portal foydalanuvchilari tomonidan 15 872 ta izoh hamda 384 ta qoʻshimcha takliflar qoldirilgan;

ikkinchidan, Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlashga koʻmaklashish:

•  Konstitutsiyaviy komissiya va ishchi guruhlar faoliyatiga bagʻishlangan brifing va matbuot anjumanlari tashkil etilishi tizimli ravishda yoʻlga qoʻyildi;

• konstitutsiyaviy islohotlarni targʻib qilishga qaratilgan 490 dan ortiq reportaj, videoroliklar tayyorlanib, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishi taʼminlanmoqda. Shuningdek, Komissiya faoliyati, komissiya huzuridagi guruhlarning ish jarayonlari, fuqarolardan takliflar kelib tushishi jarayonlari aks etgan maxsus oʻzbek va rus tillarida jami 77 taBackstage” reportajlar suratga olinib, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻib qilinmoqda;

• konstitutsiyaviy islohotlar, ularning mazmun mohiyati bu boradagi soha mutaxassislarining, komissiya aʼzolarining qolaversa faol jamoatchilik vakillari tomonidan bildirilgan fikr mulohazalari bilan gazetalar mushtariylarini tanishtirib borish maqsadida “Konstitutsiyaviy islohotlar gazetalar nigohida” sarlavhali gazetalar tahliliy sharhlarning 14 ta soni tayyorlandi va keng yoritilishi tashkil qilindi;

• barcha mobil aloqa operatorlari orqali fuqarolarga oʻz takliflari bilan Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faol boʻlishga qaratilgan SMS-xabarnomalar yuborilishi tashkil qilindi. Mazkur “SMS”lar 30 mln. ta abonentlarga yuborildi.

Oʻzbekiston Respublikasida Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida siyosiy partiyalar sermahsul faoliyat olib borayotganlarini alohida taʼkidlash joiz. Tahlillarga koʻra, 5 ta siyosiy partiya tomonidan 17 mingdan ortiq tadbirlar oʻtkazilib, ularda 657 ming fuqarolar ishtirok etishgan va Konstitutsiyaviy qonun loyihasini yanada takomillashtirish, mamlakatimizdagi demokratik islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan 24 mingdan ziyod takliflar yigʻilgan.

Eng muhimi, muhokamlarda “eng qiyin”, “noqulay”, avval “oʻta nozik”, deb atalgan turli masalalar ham – bu iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy sohaga yoki ekologiya, gumanitar va boshqa sohalarga taalluqlimi, undan qatʼi nazar oʻrtaga tashlandi, muhokama markaziga qoʻyildi. Jamiyatdagi fikrlar va gʻoyalar xilma-xilligi, udar orasidagi raqobat yaqqol namoyon etildi.

Soʻzsiz, bularning barchasi oʻziga xos demokratik indikator boʻlib, Oʻzbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasi haqiqiy xalq Konstitutsiyasi ekanligini taʼminlashga hamda har bir moddani aholi fikrini inobatga olib sayqallashga xizmat qilmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi – xalqaro hamjamiyat eʼtirofida

Konstitutsiyaviy qonun loyihasini yaratishda Birlashgan Millatlar Tashkilotining konstitutsiyaviy islohotlarni oʻtkazish borasidagi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida xalqaro paktda qayd etilgan tavsiyalar, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining “Yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi”, Yevropa Ittifoqining “Asosiy huquqlar boʻyicha Yevropa Ittifoqi xartiyasi”, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida jamiyatning barcha qatlamlari vakillarini davlat va jamiyat boshqaruvi jarayonlariga jalb etish boʻyicha qabul qilingan xalqaro va mintaqaviy huquqiy hujjatlar alohida hisobga olindi.

Davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar, akademik hamjamiyat, xalqaro va xorijiy noxukumat tashkilotlar bilan hamkorlikda konstitutsiyaviy islohot hamda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining turli yangiliklariga bagʻishlangan 100 dan ortiq milliy va 40 dan ziyod xalqaro forumlar, jumladan xorijiy mamlakatlarda ham (AQSH, Buyuk Britaniya, Koreya, Polsha, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Shveysariya, Yaponiya, Hindiston kabi davlatlar) oʻtkazildi.

Ularda 500dan ziyod xalqaro va xorijiy ekspertlar, parlament aʼzolari, davlat va jamoat arboblari, siyosatshunoslar ishtirok etib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi va islohotlar borasida oʻzlarining ijobiy fikr-mulohazalari va amaliy tavsiyalarini berdilar.

Birgina BMTning Nyu-York shahridagi qarorgohida Oʻzbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga bagʻishlangan xalqaro davra suhbatida 40 dan ortiq aʼzo davlatlarning Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika mintaqalaridagi missiyalarining doimiy vakillari va ekspertlari, shuningdek, BMTning turli tuzilmalari xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda Oʻzbekiston tarixidagi noyob tajriba – Konstitutsiyaviy qonunni umumxalq muhokamasidan oʻtkazilayotgani, konstitutsiyaviy islohotning millati, dini, yoshi, jinsi, ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, har bir fuqaroning manfaatlarini taʼminlashga qaratilgani, islohotning inklyuzivligini taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlar alohida eʼtirof etildi.

Xususan, Ozarbayjonning BMTdagi doimiy vakili Ya.Aliyev va Yaponiyaning BMTdagi missiyasi eksperti Sh.Mitsuta konstitutsiyaviy qonun ijodkorligi sohasidagi ilgʻor xalqaro tajribani chuqur oʻrganish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatini yuqori baholadi. U referendum orqali xalqning har tomonlama qoʻllab-quvvatlagan holda konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli yakunlanishiga qatʼiy ishonch bildirdi.

Germaniyaning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi maslahatchisi M.Koll Konstitutsiyani yangilashda Oʻzbekiston tomonidan qoʻllanilayotgan yondashuv islohotlarning inklyuziv va keng qamrovliligini taʼminlash, davlat oldida turgan vazifalarni samarali hal etishning yorqin namunasi ekanini taʼkidladi.

Shu munosabat bilan mazkur xalqaro davra suhbati ishtirochilari – yangi Oʻzbekistonning Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgartishlar BMTning 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish boʻyicha kun tartibi maqsadlari bilan uygʻun ekanini alohida qayd etdi.

Parlamentlararo ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong taʼkidlashicha, BMTning Jenevada (Shveysariya) joylashgan shtab-kvartirasida tashkil etilgan “Konstitutsiyaviy islohotlar: inson qadr-qimmati va huquqlarini taʼminlash” mavzusidagi xalqaro davra suhbatida ishtirok etgan 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar tomonidan mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlar ijobiy baholangan va qoʻllab-quvvatlanmoqda.

M.Chungong konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri ayollar va qizlarning qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni taʼminlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish ekaniga alohida eʼtibor qaratdi. Konstitutsiyamizga taklif etilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiyasi, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi norma va tamoyillariga toʻliq mosligiga urgʻu berdi.

Alohida taʼkidlash joizki, mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari boshqarmasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga rasmiy sharhlari va takliflari olindi.

Qator halqaro tashkilotlar va ekspertlar Konstitutsiyaviy qonunning umumxalq muhokamasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining konstitutsiyaviy islohotlarni oʻtkazish borasidagi tegishli tavsiyalari, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning tegishli hujjatlari, dunyoda zamonaviy konstitutsiyaviy rivojlanishning ustuvor tendensiyalari, shuningdek “Xalq – qonunlarning yagona manbai va muallifidir” ustuvor tamoyiliga toʻla-toʻkis rioya qilingan holda amalga oshirilgan, deb hisoblamoqda. Shuningdek, ushbu Konstitutsiyaviy qonunni umumxalq referendumi asosida qabul qilinishi maqsadga muvofiqligini taʼkidlamoqda.

 

Akmal Saidov,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik
palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari


 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net