Konstitutsiyada oʻqituvchi maqomi: uchinchi renessansning mustahkam zamini

16.03.2023 12:50

Bugun dunyoning turli nuqtalarida roʻy berayotgan tahlikali voqealar insoniyatdan ogohlik va hushyorlikni yanada oshirishni, tinchlik va taraqqiyot yoʻlida hamjihatlikni kuchaytirishni talab etayotir. Tabiiyki, bu global masalalarni hal etishda yoshlar siyosati va taʼlim islohotlarining oʻrni muhim.

Taʼlimning inson kamolotidagi oʻrni haqida soʻz borar ekan, jadid bobolarimiz oʻgitlari tasavvurimizda qayta-qayta jonlanadi. Mahmudxoʻja Behbudiy bu borada toʻxtalib, “Sizlargʻa vasiyat qilaman. Maorif yoʻlida ishlaydurgʻon muallimlarning boshini silangizlar! Oʻrtadan nifoqni koʻtaringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qoʻymangizlar”, degan edi.

Vatanparvar ajdodlarimizning bu boradagi chaqiriqlari, daʼvatlari bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda muhim dasturulamal boʻlmoqda. Prezidentimiz konstitutsiyaviy islohotlar zaruriyati haqida gapirganda, taʼlim, ilm-fan va innovatsion rivojlanish, ayniqsa oʻqituvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratishi zamirida ham shu maqsad mujassam.

Davlatimiz rahbari bu borada Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida alohida toʻxtalib, “Taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir”, deya taʼkidlagan edi. Oʻqituvchilarning maqomini, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarurligi qayd etilgandi.

Nega aynan oʻqituvchilar maqomi Konstitutsiya darajasida muhofaza qilinishi kerak, boshqa kasblar shunday eʼtiborga loyiq emasmi, degan savollar tugʻilishi tabiiy. Oʻqituvchi va murabbiylar hurmatini Konstitutsiya darajasida mustahkamlash aslida inson hurmati, inson qadri masalasi hisoblanadi. Zero, taʼlim sifatini zamonaviy bilimlarga ega hayotdan rozi oʻqituvchisiz taʼminlab boʻlmaydi. Buning uchun esa oʻqituvchining ijtimoiy va moddiy farovonligi haqida gʻamxoʻrlik qilish, uning hurmatini joyiga qoʻyish talab etiladi.

Bu borada xalqaro tajribaga nazar soladigan boʻlsak, Yaponiya, Xitoy kabi Osiyo davlatlaridagi iqtisodiy moʻjiza taʼlim islohoti bilan bogʻliq. Yoki Koreya va Singapur tajribasini olaylik. Ular oʻtgan asrning 60-yillarida qoloq mamlakatlar boʻlgan. Invesititsiyani taʼlimga juda oqilona sarflash natijasida bugungi kunga kelib bu davlatlar Osiyoning eng ilgʻor mamlakatlariga aylandi.

Tan olishimiz kerak, ilgarii Konstitutsiya, deganda aksariyat hollarda davlat organlari maqomi tushunilsa, endilikda har birimiz va farzandlarimizning kelajagi uchun suv va havodek muhim boʻlgan masala – oʻqituvchining maqomi ham mustahkamlanmoqda. Yangi norma davlat organlari va boshqa tashkilotlarning maktablar va oʻqituvchilar faoliyatiga asossiz aralashuvga, pedagog kadrlarning shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularning mehnatga majburlanishiga, taʼlim-tarbiya jarayoniga toʻsqinlik qilishga, oʻqituvchilarning huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha kompleks choralarni koʻrishga xizmat qiladi.

Koʻp yillar xalqimizni tashvishga solib kelgan majburiy mehnat holatlari ham oʻqituvchilarning huquqiy maqomi boʻyicha boʻshliqlar natijasi boʻlgan, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Huquqiy boʻshliq oqibatida ijro organlari tomonidan oʻqituvchilar shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi turli kampaniyabozlik holatlari davom etaverdi. Bunda oʻqituvchilar aholi qarzdorligini undirish, turli roʻyxatlarni shakllantirish, zerikarli tadbirlarda boʻsh zallarni toʻldirish kabi mantiqsiz faoliyat bilan band etilgani ham ayni haqiqat.

Bu borada Prezidentimiz 2018-yilda xalq taʼlimi xodimlarini xizmat vazifalariga bogʻliq boʻlmagan ishlarga, majburiy mehnatga, jumladan, tuman va shaharlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishga, mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlariga va boshqa turdagi ishlarga jalb qilishni taqiqlash toʻgʻrisidagi farmonni imzolab, keng jamoatchilik ham oʻqituvchilar qadrini koʻtarish ishlariga astoydil bel bogʻlaganini alohida eslab oʻtish joiz.

Oʻqituvchi maqomi Konstitutsiya darajasida belgilanishi davlatning ilm-fan, maʼrifat va taʼlim boʻyicha tub islohotlar qilishga chogʻlanganini koʻrsatadi. Oʻqituvchining huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari Asosiy qonun orqali mustahkamlanishi ularni har qanday tarzda cheklashning oldini oladi.

Taʼkidlash joizki, mazkur konstitutsion norma oʻqituvchilarning ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanishi, oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirishi, ularning ijtimoiy maqomi va obroʻsini oshirish uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishi, shuningdek, oʻz huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun kafolatlar berishga xizmat qiladi. Shuningdek, yangi tizim oʻqituvchilik kasbini nafaqat moliyaviy, balki intellektual jihatdan ham jozibador qilishga asos boʻladi. Bu esa, oʻz oʻrnida, oʻqituvchilarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish boʻyicha barcha kuch va resurslar, saʼy-harakatlar safarbar etilishini anglatadi.

Alohida taʼkidlash lozimki, biz yashayotgan shiddatli axborot zamonida kechagi bilim bugungi kunga toʻgʻri kelmayapti. Xususan, 20 yil oldin savodxonlik asosan faqat kitob yoki matnni oʻqish, deb tushunilgan boʻlsa, bugungi kunda bilim bilan birgalikda uni amaliyotga joriy eta olishingiz lozim. Oʻquvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantirish oʻqituvchining tinmasdan oʻz ustida ishlashi, har kuni zamonaviy bilimlarni egallashini taqozo etadi. Yangi norma shu maʼnoda oʻqituvchilar kasbiy va shaxsiy rivojlanishiga katta motivatsiya va impuls beradi.

Taʼkidlash joizki, YUNESKOning 1966-yil 5-iyuldagi “Oʻqituvchilar maqomi toʻgʻrisida”gi tavsiyasining 7-bandida pedagogning erkinlik prinsipi mustahkamlangan. Shuningdek, mazkur normaga oʻxshash qoidalar Germaniya, Portugaliya, Urugvay, Ekvador, Misr konstitutsiyalarida ham belgilab qoʻyilgan. Mazkur norma davlat organlari va boshqa tashkilotlar pedagog kadrlar shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ular mehnatga majburlanishiga, taʼlim-tarbiya jarayoniga toʻsqinlik qilishning har qanday shakllariga, oʻqituvchilar huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni koʻrishga xizmat qiladi.

Shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 685 mingdan ortiq oʻqituvchining davlat tomonidan professional oʻsishi hamda ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlanishi kuchaytirilishi, pirovardida, ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obroʻsini yanada oshirishga xizmat qiladi.

 

Ixtiyor Bekov,

Toshkent davlat yuridik universiteti professori

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net