KONSTITUTSIYADA INSON HUQUQLARINI HIMOYA QILISHNI MUSTAHKAMLAYDIGAN NORMALAR NAZARDA TUTILGAN

20.04.2023 16:06

Eldor TULYAKOV,

 «Taraqqiyot strategiyasi» markazi

ijrochi direktori

 

Bugun dunyoda koʻplab mamlakatlar chinakam demokratik davlat qurishning ilgʻor tajribalarini hayotga tadbiq etishga harakat qilmoqda. Har bir davlatning oʻz modeli boʻlib, demokratik davlat qurish uchun kompleks choralarni koʻrish talab etiladi. Jamiyatning siyosiy madaniyatini oshirish, aholining davlat va jamiyat hayotida faol ishtirokini taʼminlash, mahalliy urf-odatlar va anʼanalarni hurmat qilish, milliy qadriyatlar va diniy erkinliklarni eʼzozlash, inson huquqlari hamda erkinliklarini taʼminlash, boshqa mamlakatlarga hurmat bilan qarash chinakam demokratik davlat barpo etish yoʻlida amalga oshirilishi lozim boʻlgan baʼzi saʼy-harakatlardir.

Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston ham samarali davlat va jamiyat boshqaruvi boʻyicha ilgʻor xalqaro tajribalarni joriy etib kelmoqda. Eng muhimi, bu jarayonlar Oʻzbekistonning koʻp yillik davlatchilik tarixi, mamlakatda yashab kelayotgan xalqlarning koʻp asrlik umumiy qadriyatlari va anʼanalari asosida amalga oshirilmoqda.

Aholining davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash maqsadida yoʻlga qoʻyilgan xalq bilan muloqot, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohot va oʻzgarishlarning poydevoridir. Shu bois, muhim qarorlar, jumladan qonunlar va strategik hujjatlarni qabul qilish faqat jamoatchilik bilan maslahatlashilganidan keyingina qabul qilinmoqda. Eʼtirof etish joizki, Oʻzbekistonda jamoatchilik muhokamalarini samarali tashkil etish uchun turli muloqot maydonlari va mexanizmlar mavjud. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, jamiyat islohotlarning asosiy tashabbuskori boʻlishi, xalq davlat idoralariga, davlat idoralari esa xalqqa xizmat qilishi kerak.

Demokratiyani taʼminlash uchun vazirlik va idoralar ochiq va oshkora faoliyat yuritishi shart. Binobarin, barcha darajadagi davlat idoralari endi jamiyat va parlament oldida hisobot beradi. Vazirlik va idoralar oʻz qarorlarini elektron platformalarga joylashtirib borishlari lozim. Bu, oʻz navbatida, mansabdor shaxslarning jamiyat hamda fuqarolar oldidagi masʼulligini oshiradi.

Soʻnggi yillarda mamlakatda mansabdor shaxslarni xalqqa yanada yaqinlashtirish va hokimiyatni nomarkazlashtirish maqsadida, fuqarolar istiqomat qilayotgan mahallalarida oʻz muammolarini hal qilishlari uchun qator maʼmuriy islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Shuningdek, Oʻzbekistonda byurokratiyani kamaytirish maqsadida davlat apparati ham qisqartirilmoqda.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarda ham faol boʻlib, insoniyat uchun muhim tashabbuslarni oʻrtaga tashlamoqda.

Oʻz navbatida, oʻzbek jamiyati mazkur ijobiy demokratik oʻzgarishlarning davom etishini istaydi va huquqiy kafolatlarni eng yuqori darajada kafolatlanishini muhim, deb hisoblaydi. Shu bois, xalq Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar tashabbuskori boʻlib, bir necha bor tashkil etilgan jamoatchilik muhokamalari doirasida yangilanayotgan Konstitutsiya boʻyicha 220 mingdan ortiq fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi. Natijada Konstitutsiyaning 65 foizi oʻzgarmoqda.

 kr1  

Ushbu islohotlarning asosiy tamal toshi, bu inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, inson qadr-qimmatini himoya qilish, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shu bois, inson huquqlari bilan bogʻliq normalar 3 barobardan ortmoqda. Masalan, Konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgartirishlar barcha gumon qilinuvchilar va ayblanuvchilar uchun aybsizlik prezumpsiyasini kafolatlaydi va shu bilan ularga sukut saqlash huquqidan foydalanish imkonini beradi. Bundan tashqari, har kimning oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik bermaslik huquqi ham taʼminlanadi. Yangi tuzatishlar, shuningdek shaxsning aybiga iqror boʻlishi unga qarshi keltirilgan yagona dalil boʻlsa, aybdor deb topilishi yoki jazolanishining oldini olish imkoniyatini ham nazarda tutadi.

 kr2  

Maʼlumki, soʻz va eʼtiqod erkinligini himoya qilish koʻpmillatli Oʻzbekistonda ham muhim ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. Shu bois, yangilanayotgan Konstitutsiyada Oʻzbekiston qonunlariga muvofiq faoliyat yuritayotgan barcha diniy tashkilotlar uchun faoliyat erkinligi kafolatlarini mustahkamlash koʻzda tutilgan. Shuningdek, shaffoflik va oshkoralikni oshirish maqsadida yangilanayotgan Konstitutsiya ommaviy axborot vositalarining axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirishlarida koʻproq faoliyat erkinligini taʼminlashni ham nazarda tutadi.

Undan tashqari, mamlakatda fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash ham ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Yangilanayotgan Konstitutsiyada ilk marta fuqarolik jamiyati institutlariga taʼrif berilmoqda. Bu, ularning muloqotni taʼminlash va ishonchli jamoatchilik nazoratini oʻrnatish orqali jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashdagi rolini oshiradi.

 kr3  

Shuningdek, yangilanayotgan Konstitutsiyada munosib taʼlim va sogʻliqni saqlash, uy-joy va atrof-muhitni muhofaza qilish huquqlari, mehnat huquqlari va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish huquqlarini mustahkamlash ham nazarda tutilgan.

Demokratiyaning muhim namunasi shundaki, amaldagi Konstitutsiyaga muvofiq Konstitutsiyaga parlament tomonidan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin edi, ammo Prezident, bu masalada Oʻzbekiston xalqi qaror qilishi kerak, degan taklifni berdi. Shu tariqa, 30 aprel kuni Oʻzbekistonda umumxalq referendumini oʻtkazishga qaror qilindi. Bu qadamlar demokratik tamoyillarni, yaʼni fuqarolarning boshqaruvdagi ishtirokini ham kafolatlaydi.

Umuman olganda, yangilanayotgan Konstitutsiya «davlat – jamiyat – inson» tamoyilini «inson – davlat – jamiyat» tamoyiliga oʻzgartirib, inson manfaatlarini ustuvor deb hisoblagan holda, aholi farovonligi uchun muhim huquqiy asos va poydevor yaratmoqda. Qolaversa, u Oʻzbekistonda demokratik jarayonlarni faollashtirishga, mamlakatning ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyoti va samarali boshqariladigan davlatga aylanishiga yordam beradi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net