Kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlashning yangi bosqichi. Erishilgan natijalar va mavjud muammolar

26.05.2023 17:02

Prezidentimiz raisligida joriy yilning 15-may kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida soʻnggi 3 yilda mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish va yangi ish oʻrinlari yaratish borasida butunlay yangi va alohida tizim yaratilgani qayd etilgandi. Eng avvalo, kambagʻallikni kamaytirish davlatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri ekani taʼkidlangandi.

2023-yilning boshida bu masalada yana bir oʻta muhim yangilik hayotga tatbiq etila boshlandi. Barcha tumanlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga qarab 5 toifaga ajratildi. Tumanning qaysi toifaga kiritilganidan, yaʼni sharoitidan kelib chiqib, turli darajada yengilliklar berish tartibi joriy etildi.

Bugun kambagʻallikni qisqartirish va yangi ish oʻrinlari yaratishda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu soha davlat tomonidan chuqur qoʻllab-quvvatlanmoqda. Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida yiliga 13 trillion soʻm kredit va 1,5 trillion soʻm subsidiya ajratilmoqda. Buning natijasida 2022-yili 1 million, joriy yilning birinchi choragida 210 ming aholini kambagʻallikdan chiqarishga erishildi.

Ehtiyojmand aholini aniqlashning mamlakatimizda yaratilgan va yuqori samaradorligi tegishli xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilgan tizimlari – “Temir daftar”, Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” hamda 2023-yilda yangi joriy etilgan “Ijtimoiy himoya reestri” orqali 2 million 300 ming oila, xotin-qizlar, yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan aholi moddiy yordam bilan toʻla qamrab olindi.

Kambagʻallikni qisqartirish va yangi ish oʻrinlari yaratish jarayonida yangi korxonalarni tashkil etish oʻta muhim ahamiyatga ega. Shu bois, barcha hududlarda, ayniqsa, uzoq va chekka qishloqlarda bu ishga alohida eʼtibor qaratilmoqda va jarayon davlat tomonidan barcha vositalar bilan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Natijada yiliga minglab yangi va zamonaviy katta-kichik korxona ish boshlamoqda. Ularda ishlash uchun zamonaviy texnologiyalarni egallagan kamida 300-400 ming malakali mutaxassis kerak boʻlishi tabiiydir.

Lekin ochigʻini aytish kerak, kasb-hunar maktablari, kollej, texnikum va monomarkazlarda buncha malakali mutaxassisni tayyorlashga imkoniyat hali mavjud emas. Demak, ularning potensialini oshirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni koʻrish taqozo etiladi.

Yurtimizda yaratilayotgan sharoitlar tufayli tadbirkorlar soni tobora koʻpaymoqda. Jumladan, oxirgi 5 besh yilda tadbirkorlar soni 285 mingdan 590 mingtaga koʻpaydi. Bu esa har bir tumanda 2,5 mingdan ortiq yoki bir mahallada oʻrtacha 50 nafardan tadbirkor paydo boʻlganini bildiradi. Bu juda yaxshi natija. Lekin bu borada ham hali amalga oshirishimiz lozim boʻlgan ishlarimiz juda koʻp. Masalan, barcha hokimliklar, tegishli vazirlik va idoralar hamjihatlik bilan ishlasa, joylarda tadbirkorlar bilan manfaatli hamkorlik qilinib, qoʻllab-quvvatlansa, tumanda, mahallada bandlik masalasini hal qilish uchun imkoniyatlar hozirgidan ancha koʻpayishi aniq. Yoki yana bir misol. Aholini kasb-hunarga oʻqitishga davlat tomonidan yiliga 200 milliard soʻm ajratilyapti, lekin bu mablagʻ tadbirkorlik subyektlarining mutaxassislarga boʻlgan ehtiyoji bilan yaxshi bogʻlanmagani tufayli kutilgan natijani bermayapti.

Oʻz biznesini tashkil etgan tadbirkorlar ham katta-katta xarajatlar qilib, oʻzi uchun mutaxassislar tayyorlashi kerak. Bu masalani oʻz holiga tashlab qoʻyib boʻlmaydi. Negaki, bir fuqaroni munosib ish bilan taʼminlashga harakat qilayotgan tadbirkorni davlat organlari moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashi mantiqan toʻgʻri boʻladi.

“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish boshlanyapti

Prezidentimiz 15-may kuni oʻtkazgan yigʻilishda aholini ish bilan taʼminlash va malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida tadbirkorlikka yanada keng imkoniyatlar yaratish va moliyaviy ragʻbatlar taqdim etish zarurligini qayd etdi. Shu maqsadda 2023-yil 1-iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish boshlanadi. Mazkur dasturni bajarish uchun barcha manbalardan 1 milliard dollarga teng mablagʻ ajratiladi.

Bu mablagʻ hisobidan quyidagi oʻta muhim 2 tadbirni amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Birinchisi, kambagʻal oilalar aʼzolarini kasbga oʻqitib, ishli qilish boʻyicha loyiha uchun ahamiyatiga qarab amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi. Ikkinchisi, tadbirkorning amaliy monomarkaz tashkil qilish, jihozlash hamda kasbga oʻqitish xarajatlari toʻla qoplab beriladi.

Bundan tashqari, mazkur dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar taqdim etiladi. Yaʼni kamida 20 foiz kambagʻal oila aʼzosini bir yil davomida ish bilan taʼminlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi, shuningdek, kambagʻal oila aʼzosi ham daromad soligʻini toʻlamaydi. Qolaversa, 5 million soʻmgacha ish haqi toʻlayotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 barobar kamaytiriladi.

Dasturda qatnashadigan tadbirkor soliq va bojxona maʼmuriyatchiligida ham katta yengilliklar oladi. Jumladan, ular faoliyatida soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi, qoʻshilgan qiymat soligʻi, shuningdek, ortiqcha toʻlangan soliqlar tekshiruvsiz qaytarib beriladi, qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha guvohnoma muddatidan ilgari bekor qilinmaydi, barcha soliqlardan qarzdorlikni bir yilgacha kechiktirib toʻlash imkoni beriladi, bojxona toʻlovlarini sugʻurta kafolatisiz olti oyga boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat etiladi. Shuningdek, dasturda ishtirok etayotgan tadbirkorlarga bojxona rasmiylashtiruvi paytida “yashil yoʻlak” tartibi qoʻllaniladi.

Mazkur dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarni infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan taʼminlashda ham qoʻshimcha yengilliklar beriladi. Yaʼni yer, bino-inshootlarni auksion orqali xususiylashtirishda boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi, qiymati 50 milliard soʻmdan yuqori loyihalar boʻyicha infratuzilma xarajatlari toʻliq qoplab beriladi.

Mazkur qoʻllab-quvvatlash va yengilliklarning oʻz vaqtida taqdim etilishi va soʻzsiz bajarilishini kafolatlash mexanizmi oʻrnatiladi. Bunda soliq va bojxona imtiyozlari toʻliq berilishini, past foizli kreditlar oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlamagan rahbarlarga nisbatan javobgarlik choralari koʻriladi.

Kambagʻallikni kamaytirish va aholi bandligini taʼminlashning yangi bosqichi bir martalik kampaniya emas, davomli jarayon boʻlishi zarur. Shuning uchun Vazirlar Mahkamasi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Iqtisodiyot va moliya vazirliklari masʼullari joylarga chiqib, tadbirkorlar koʻtargan muammo va takliflarni doimiy ravishda oʻrganishi va ularga koʻmaklashishi lozim.

Yigʻilishda Prezident tomonidan tegishli vazirlik va idoralar oldiga 2023-yil yakuniga qadar ushbu yangi tizim asosida birgalikda 550 ming aholini oʻqitib, kambagʻallikdan chiqarish choralarini koʻrish vazifasi qoʻyildi.

Kambagʻallikni tugatishning Xitoy tajribasi

Prezidentimiz yigʻilishda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Xitoy tajribasini oʻrganish masalasiga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi. Davlatimiz rahbari joriy yilning 10-may kuni kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha tayyorlangan chora-tadbirlar bilan tanishish chogʻida ham bu haqda aytgan edi. Oʻtgan davr mobaynida shu maqsadda Xitoydan tajribali ekspertlar jalb etildi, mutasaddi idoralar vakillari Xitoyga borib, masala qay tartibda amalga oshirilganini koʻrib keldi.

Kambagʻallikni kamaytirishda nima uchun Xitoy tajribasidan foydalanmoqchi ekanimiz koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy. Eʼtibor qarating: 1978-yilda Xitoy aholisining 97,5 foizi kambagʻal boʻlgan. 2019-yilga kelib kambagʻallar ulushi 0,4 foizga tushgan, 2021-yilda esa umuman kambagʻal qolmagan. Kambagʻallikni tugatishning Xitoy usulida ikki omil asosiy rol oʻynagan. Yaʼni iqtisodiyotni jadal rivojlantirish orqali kambagʻallikni qisqartirish hamda unga qarshi kurashning manzilli strategiyasi ishlab chiqilib, izchillik bilan amalga oshirilgan. Kambagʻallarning asosiy qismi qishloqda istiqomat qilgani uchun dastlab agrar sohani jadal rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Qishloq xoʻjaligida 1 foiz oʻsish qishloqlarda kambagʻallikni 1,4 foiz qisqartira boshlagan.

Kambagʻallikka qarshi kurashish strategiyasi esa toʻrt bosqichni bosib oʻtgan. Strategiyaning birinchi bosqichida mavjud 2100 ta okrug chuqur tahlil qilingan va ulardan 700 tasi eng kambagʻal okruglar ekani aniqlangan. Aynan shu kambagʻal okruglarga alohida eʼtibor qaratilgan. Keyingi ikki bosqichda umummilliy yondashuvlardan hududiy va mahalliy (okrug va qishloq) strategiyalariga oʻtilgan. Toʻrtinchi bosqichda esa bevosita kambagʻal uy xoʻjaliklari bilan maxsus shugʻullanilgan.

Shu tariqa turli bosqichlarda kambagʻallikni kamaytirishning samarali vositalari ishlatilgan. Jumladan, ilk bosqichda subsidiyali kredit, “oziq-ovqatni ishga almashtirish” sxemasi va tadbirkorlik uchun subsidiyalar berish usullaridan keng foydalanilgan. Keyinroq esa aholisining katta qismi kambagʻal boʻlgan qishloqlarga ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmalar barpo etishga koʻmak berilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, Xitoyda kambagʻallikka qarshi kurash umumxalq harakatiga aylantirilgan. Bu jarayonda davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda xususiy sektor va jamoat tashkilotlari ham faol ishtirok etgan.

Xitoyning ana shunday ilgʻor tajribasi asosida kambagʻallikni kamaytirish boʻyicha 18 yoʻnalishda manzilli loyiha tayyorlandi. Ular yordamida kambagʻallikni kamaytirish boʻyicha umumxalq harakatining yangi bosqichida Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi. Bunda kambagʻallik yuqori boʻlgan tumanlarda yoʻl-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va oʻrta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Mutasaddilarga xitoylik ekspertlar bilan birga tanlab olingan 14 tumanni kambagʻallikdan chiqarish uchun kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Har bir tumanda yangi ish oʻrinlari yaratish imkoniyati boʻlgan 10-15 tadbirkor ajratib olinadi va ularga kamida 1000 ta ish oʻrni yaratishi uchun koʻmak beriladi. Jumladan, ularga mutaxassislarni tayyorlash orqali yangi ish oʻrinlari yaratishi uchun mablagʻ ajratiladi, infratuzilma, kredit, soliq va boshqa masalalarda preferensiyalar taqdim etiladi.

Barcha viloyatlarning bittadan tumanida aholini kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqiladi. Ularda yoʻl-transport, energetika, kommunikatsiya va turistik infratuzilmalar, kichik va oʻrta shaharlarni rivojlantirish, kambagʻallar koʻp boʻlgan tumanlarda mahallalarni sanoatlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Kambagʻallikni kamaytirish boʻyicha Xitoy markazlari bilan hamkorlikda hokim yordamchilarini oʻqitish, yaxshi natijaga erishgan kamida 200 nafar salohiyatli hokim yordamchisini Xitoyga amaliyot oʻtash uchun yuborish vazifasi ham qoʻyildi.

Kyeng qamrovli ishlar eʼtirof etilmoqda

Yurtimizda kambagʻallikka qarshi kurashish tadbirlari yaxshi natija bermoqda. Bu xalqaro jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilyapti. Jumladan, Kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha global tadqiqot markazining Yevropa byurosi (J-PAL) Oʻzbekistonni joriy yilning may oyida kambagʻallikni kamaytirish boʻyicha dunyoning eng yaxshi mamlakati, deb tan oldi.

Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlash mumkinki, 2022-yilning may oyida Nobel mukofoti sohiblari Abxijit Banerji va Ester Duflo asos solgan J-PAL bilan birgalikda kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha davlat dasturlari samaradorligini oshirishda innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish va sinovdan oʻtkazishga koʻmaklashish maqsadida hamkorlik boshlandi.

Ayni paytda esa J-PAL va Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi kambagʻallikka qarshi kurashga qaratilgan birinchi davlat dasturlarining samaradorligini va ularning real daromadlar oʻsishi va kambagʻallikni kamaytirishga potensial taʼsirini baholash boʻyicha tadqiqotni boshlamoqda. Bunda “mahallabay” tizim orqali tatbiq etiladigan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi va “Ishga marhamat” monomarkazlari faoliyati, shu jumladan, tashqi migratsiya yoʻnalishi samaradorligini zamonaviy ilgʻor vositalar (metodologiya) bilan baholash masalalari koʻrib chiqiladi.

Davlat dasturlari samaradorligini baholashning bunday shakli Oʻzbekistonda ilk bor joriy etilmoqda. Bu esa kambagʻallikning koʻplab jihatlarini hal etishga qaratilgan istiqboldagi dastur va strategiyalarni ishlab chiqishda muhim qadamdir.

Oʻtgan haftada Toshkentda Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ilgʻor tajribalarni tatbiq etish II xalqaro forumi boʻlib oʻtdi. Forum Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining forum ishtirokchilariga qutlov murojaatida taʼkidlanganidek, kambagʻallikni qisqartirish borasida boshlagan keng koʻlamli ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqib, bundan buyon ham barcha yoʻnalishlarda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida islohotlarni qatʼiy davom ettiramiz!

Kambagʻallikni qisqartirishga bagʻishlangan II xalqaro forumda 200 dan ortiq delegat, kambagʻallikka qarshi kurash boʻyicha J-PAL global tashabbusi, BMT, BMT Taraqqiyot dasturi, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki, YUNICEF, Osiyo taraqqiyot banki, Germaniya hamkorlik tashkiloti (GIZ), Fransiya taraqqiyot agentligi va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari, jumladan, iqtisod boʻyicha Nobel mukofoti laureati Abxijit Banerji kabi jahonga mashhur olim va ekspertlar qatnashdi.

Xalqaro forumning maqsadi kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha ilgʻor jahon tajribasi va usullarini oʻrganish, kambagʻallikka barham berishda koʻp oʻlchovli kompleks yondashuvni qoʻllash, qoʻshma tadqiqotlar uchun ustuvor yoʻnalishlarni shakllantirish, inson kapitalini takomillashtirish orqali mehnat bozorida oʻqitish dasturlari sifatini oshirish, kichik korxonalar oʻsishini qoʻllab-quvvatlash, yuqori sifatli taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat boʻldi.

Ishtirokchilar rivojlanayotgan mamlakatlarda toʻplangan tajribani yanada ommalashtirish maqsadida kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston erishgan yutuqlar omilini, jumladan, ularning samaradorligini koʻrib chiqdi.

Forum doirasida hamkorlikka oid qator hujjatlar, jumladan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda J-PAL oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Abxijit Banerji oʻz chiqishida bunday dedi: “Dunyo hukumatlari koronavirus pandemiyasiga javoban ijtimoiy himoya dasturlarini kuchaytirmoqda, xususan, bugungi kunga qadar 3860 ga yaqin dastur rejalashtirilgan yoki amalga oshirilgan. Oʻzbekiston haqida gapiradigan boʻlsak, mamlakatingiz oʻz namunasi bilan boshqa davlatlarga kambagʻallikka qarshi qanday kurashish kerakligini namoyon etayotganidan mamnunman. Bu yerda turib mamlakatdagi oʻzgarishlar ruhini his qilmoqdaman va keling, “buni birgalikda amalga oshiramiz", deb ayta olishimdan faxrlanaman!”

Mashhur olim Oʻzbekistonda kambagʻallikni kamaytirish boʻyicha hamkorlikda tadqiqotlar oʻtkazish mumkin boʻlgan qator yoʻnalishlarni taklif etdi.

Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimiz tomonidan olgʻa surilgan chora-tadbirlar dasturi umumdavlat ahamiyatiga ega boʻlgan juda katta va keng qamrovli hujjat boʻlib, uning amalga oshirilishi tadbirkorlikni keng rivojlantirish orqali mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish darajasini yanada jadallashtirish imkoniyatini yaratadi. Bu esa, oʻz navbatida, kambagʻallikni keskin kamaytirish va yuz minglab yangi ish oʻrinlari yaratish hamda aholi turmush darajasini oshirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.

Xurshid Asadov,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar

va islohotlar markazi direktori oʻrinbosari

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net