OʻZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI ENЕRGЕTIKA VAZIRLIGI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA

05.02.2019 14:41

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi yoqilgʻi-energetika tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5646-son Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 80 birlikdan iborat tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) boshqaruv xodimlari, birinchi navbatda, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda – “Oʻzneftgazinspeksiya”) va Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda – “Oʻzenergoinspeksiya”) hamda davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarining shtatlar sonini qisqartirish hisobidan taʼminlanadi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziriga:

zarur boʻlganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni
va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Vazirlikning markaziy apparati, “Oʻzneftgazinspeksiya” va “Oʻzenergoinspeksiya” tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish;

Vazirlikning byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Vazirlik, “Oʻzneftgazinspeksiya” va “Oʻzenergoinspeksiya” xodimlarining qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish;

Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida davlat organlari va tashkilotlari, loyiha institutlari, ilmiy-taʼlim muassasalari, shuningdek, energetika sohasida yetakchi xalqaro va xorijiy kompaniyalar mutaxassislarini konsultant sifatida jalb qilish;

yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni belgilangan tartibda ishga qabul qilish, shuningdek, ularga Vazirlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan, jumladan, erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada ish haqi va boshqa toʻlovlar miqdorini belgilash huquqi berilsin.

3. Belgilansinki:

Vazirlikning oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir;

Vazirlik, “Oʻzneftgazinspeksiya” va “Oʻzenergoinspeksiya” faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq Vazirlik, “Oʻzneftgazinspeksiya” va “Oʻzenergoinspeksiya” xodimlarining lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,5 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi;

ushbu bandning toʻrtinchi xatboshida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Vazirlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Oʻzbekenergo” AJning:

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda “Oʻzbekneftgaz” AJning mahsulotlar taqsimotiga oid amalga oshirilayotgan bitimlar boʻyicha funksiyalarini Vazirlikka oʻtkazish;

Vazirlik huzurida mahsulotlar taqsimotiga oid bitimlarni amalga oshirish boʻyicha faoliyat olib borayotgan guruhlarni birlashtirish yoʻli bilan notijorat tashkilot shaklida yuridik shaxs tashkil qilish va unga ushbu guruhlarning huquqlari va majburiyatlarini oʻtkazish;

“Oʻzbekenergo” AJ maʼmuriy binosi joylashgan yer uchastkasida xorijiy investorlarni jalb qilgan holda, zamonaviy mehmonxona kompleksi qurish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari E.M.Gʻaniyev va A.A.Abduhakimov bir oy muddatda “Oʻzbekenergo” AJ maʼmuriy binosi joylashgan hududda zamonaviy mehmonxona kompleksini qurish boʻyicha hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahar hokimligi va “Oʻzbekenergo” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlik va “Oʻzbekenergo” AJni joylashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

6. Vazirlik huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda byudjetdan tashqari Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etilsin.

Quyidagilar Jamgʻarmani shakllantirish manbalari etib belgilansin:

“Oʻzneftgazinspeksiya” va “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlar, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolardan energetika sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun belgilangan tartibda undiriladigan jarimalar summasi toʻliq hajmda;

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklarning depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar.

7. Belgilab qoʻyilsinki, Jamgʻarma mablagʻlari:

Vazirlik, “Oʻzneftgazinspeksiya” va “Oʻzenergoinspeksiya” moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

Vazirlik, “Oʻzneftgazinspeksiya” va “Oʻzenergoinspeksiya” xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish;

Vazirlik, “Oʻzneftgazinspeksiya” va “Oʻzenergoinspeksiya” xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkasi, shu jumladan, xorijiy davlatlarga safarlarini tashkil qilish, xalqaro konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish;

Vazirlik faoliyatini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan boshqa tadbirlar uchun sarflanadi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmogʻini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3981-son qarori bilan tashkil etilgan Elektr energetika tarmogʻini isloh qilish boʻyicha komissiyaga (keyingi oʻrinlarda – Komissiya) Vazirlik faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklansin.

9. Vazirlik:

a) Komissiya bilan kelishgan holda:

2019 yil 1 martga qadar Jahon bankining texnik koʻmagida elektr energetika tarmogʻini isloh qilish (restrukturizatsiya) modellarini ishlab chiqsin va taklif etilayotgan islohotlarni amalga oshirish boʻyicha batafsil “yoʻl xaritasi”ni tayyorlasin;

2019 yil 15 martga qadar elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni tashkil qilishning zamonaviy sxemasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekenergo” AJni restrukturizatsiya qilish toʻgʻrisidagi qarori loyihasini kiritsin;

2019 yil 1 aprelga qadar boshqaruvning samarasiz tuzilmalarini maqbullashtirish, neft va gaz sohasi korxonalarini faoliyat yoʻnalishidan kelib chiqib qayta tashkil qilish, ularni rivojlantirishga xususiy hamda xorijiy, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb qilishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekneftgaz” AJni restrukturizatsiya qilish toʻgʻrisidagi qarori loyihasini kiritsin;

b) “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Oʻzbekenergo” AJni restrukturizatsiya qilishda magistral gaz-transport tizimi va magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish hamda ularni rivojlantirish boʻyicha alohida davlat korxonalarini tashkil etishni nazarda tutsin;

v) 2019 yil 1 martga qadar yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi kompleks kamchiliklar, shuningdek, maqsadli koʻrsatkichlar (indikatorlar) va ularga erishishning qadam-baqadam mexanizmlarini koʻrsatgan holda 2019 yilda Vazirlik faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;

g) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi toʻgʻrisida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining byudjetdan tashqari Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

d) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Vazirlikning shtat jadvalini tasdiqlasin;

energetika tarmogʻi tashkilotlari bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlikni unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirishni taʼminlasin;

e) ikki oy muddatda “Elektron hukumat” tizimiga taqdim etilishi va kiritilishi shart boʻlgan maʼlumotlar tarkibi boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga belgilangan tartibda kiritsin, shuningdek, Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimidan platforma shaklida belgilangan protokol asosida majburiy foydalanilishini taʼminlasin;

j) Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Fanlar akademiyasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

2019 yil 1 mayga qadar – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga Oʻzbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning 2019-2023 yillarga moʻljallangan konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) loyihasini;

2019 yil 1 oktyabrga qadar – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalari portfelini kiritishni taʼminlasin.

Konsepsiya loyihasini ishlab chiqishda quyidagi masalalarni hal etishga alohida eʼtibor qaratilsin:

Oʻzbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha kompleks yondashuv va strategik vazifalar;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish;

zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda, sanoat va ekologik xavfsizlikning yuqori darajasini taʼminlaydigan qayta tiklanuvchi energiya manbalari obyektlari hamda tegishli infratuzilmani barpo etish;

Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy oliy taʼlim muassasalarida mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi yetakchi xorijiy kompaniyalarda ularning stajirovkasini tashkil qilish.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Oʻzneftgazinspeksiya” va “Oʻzenergoinspeksiya” faoliyatini, shu jumladan, energetika sohasida davlat nazoratini amalga oshirish vakolatlarini kengaytirish hamda shtat birliklarini maqbullashtirish orqali takomillashtirish toʻgʻrisida hukumat qarorini qabul qilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

ushbu qarorni 2019 yilda amalga oshirish boʻyicha Vazirlik xarajatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablagʻlar ajratsin, 2020 yildan boshlab esa har yili zarur byudjet mablagʻlarini nazarda tutsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019 yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasiga ushbu qaror qoidalaridan kelib chiqib tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;

asoslantirilgan hisob-kitoblarga binoan Vazirlik markaziy apparatini zarur inventarlar, orgtexnika bilan jihozlash uchun mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin hamda 7 ta, shu jumladan, 5 ta shaxsiy biriktirilgan xizmat avtotransport vositalarini saqlash uchun limitlar belgilasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Vazirlikni telefon aloqasi, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan belgilangan tartibda taʼminlasin.

13. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining statistika maʼlumotlari tarqatilishi majburiy boʻlgan tashkilotlar roʻyxatiga kiritilsin.

14. Vazirlik Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                          Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri,
2019 yil 1 fevral

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net