“O?ZBEKISTON: ZAMONLARDAN OSHGAN MADANIYAT”

21.06.2019 12:54

Joriy yil 14-30 iyun kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida shu mavzuda ijtimoiy-madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

 

 

Turkiya Prezidenti ma’muriyati shafeligi hamda ushbu mamlakat hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), Istanbuldagi Inson va madaniyat harakati jamiyati bilan hamkorlikda uyushtirilgan mazkur tadbir doirasida O‘zbekistonning boy madaniy merosi, sayyohlik salohiyati, turli sohalarda erishilayotgan yutuqlar, bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning taqdimot marosimi tashkil etildi.

 

Unda Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yuqori baholab, “O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanmoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan muntazam uchrashuv va muloqotlar bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tomonlarning mushtarak intilishi va sa’y-harakatlari tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarildi”, dedi.

 Turkiya Kamonchi-o‘qchilar jamg‘armasi ta’sischilar kengashi vakili, Yoshlar jamg‘armasi oliy maslahat kengashi a’zosi, Dunyo etnosport konfederatsiyasi raisi Najmiddin Bilol Erdo‘g‘an Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa qadim madaniyat o‘choqlari joylashgan O‘zbekiston insoniyat sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shganini ta’kidladi. U, shuningdek, mamlakatimizda boy ma’naviy va madaniy merosni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga alohida e’tibor qaratdi.

 Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari, TIKA raisi Serdar Cham O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanish va jadal taraqqiyot jarayoni haqida so‘z yuritib, Turkiya-O‘zbekiston munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarilganidan ikki mamlakat xalqlari g‘oyat mamnun ekanini qayd etdi.

 Istanbulda, shuningdek, O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga bag‘ishlangan ilmiy simpozium tashkil etildi. Unda turli universitet va ekspert markazlari vakillari ikki mamlakat hamkorligining bugungi holati va istiqbollari xususidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

 Xususan, Anqara strategik tadqiqotlar markazi direktori professor Mehmet Seyfiddin Erol Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekiston ko‘plab sohalarda, jumladan, tashqi siyosat, so‘z, din va vijdon erkinligini ta’minlash, siyosiy va iqtisodiy huquqlarni to‘liq amalga oshirish borasida yangidan-yangi marralarni zabt etayotganini ta’kidladi.

 O‘zbek rassomlarining ijod namunalaridan tashkil etilgan ko‘rgazma istanbulliklar va shahar mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net