YOSHINORI FUJIYAMA: 2019 YIL YAPONIYA-O?ZBEKISTON MUNOSABATLARIDA YORQIN IZ QOLDIRDI

30.12.2019 12:00

TOSHKENT, 30 dekabr'. /"Dunyo" AA/. O‘zbekistonda akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari Yangi yil bayrami arafasida 2019 yil O‘zbekiston bilan amalga oshirilgan hamkorlik natijalariga sarhisob yasab, mamlakatimiz xalqiga samimiy tabriklarini yo‘llamoqda.

 

Yoshinori Fujiyama, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi:

 

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2019 yil 17-20 dekabr' kunlari Yaponiyaga birinchi marta rasmiy tashrifni amalga oshirdi. Bu muhim voqea yakunlanayotgan yilni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar solnomasida tarixiy va o‘ta ahamiyatli yil sifatida bitilishiga xizmat qildi.

 

Ushbu tashrif natijalari strategik sherikchiligimizni yangi bosqichga olib chiqdi. Bugungi kunda iqtisodiyot va madaniyat sohalaridagi o‘zaro hamkorlik, ayniqsa, izchil rivojlanmoqda. O‘zbekistonga Yaponiya xususiy sektori investisiyalari oqimining ko‘payayotgani, shuningdek, Taraqqiyotga rasmiy yordam doirasida umumiy qiymati 187 milliard 890 million yen bo‘lgan loyihalarni hayotga tadbiq etish bo‘yicha kelishuvga erishilganini iqtisodiy sohadagi munosabatlarning taraqqiy etayotganiga yorqin misol sifatida keltirish mumkin.

 

Madaniyat sohasida erishilgan samaralar haqida ham uzoq gapirish mumkin. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Yaponiya tadqiqotlar tahliliy markazi ochildi. Toshkent davlat sharqshunoslik institutida yaponshunoslik fakul'teti ish boshladi. Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi 43-o‘rta maktabga taniqli yapon arxeologi Kyudzo Kato nomi berildi. O‘zbekistonda ushbu olimning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan muzey tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari mamlakatning 15 ta maktabida yapon tilidan saboq berila boshlanadi.

 

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasi xalqini kirib kelayotgan Yangi yil bilan samimiy qutlayman!

 

Prezident Shavkat Mirziyoev rahnamoligida turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida mamlakat hayoti tobora yaxshilanayotganini mamnuniyat bilan kuzatar ekanman, barchaga yanada farovon turmush, o‘zaro hamkorligimizga esa yanada samaradorlik tilayman.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net