Yurtimiz musulmonlari uchun muhim ahamiyatga ega bo?lgan tarixiy tashrif...

25.08.2022 21:27

MUNOSABAT

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi yurtimiz musulmonlari uchun muhim ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Sababi, Islom dinining markazi bo‘lgan, Allohning uyi – muqaddas Baytulloh, ikki muborak shahar – Makkai mukarrama va Madinai munavvara joylashgan ushbu diyorga O‘zbekiston rahbariyatining 30 yildan keyingi ilk tashrifidir.

Davlatimiz rahbari tashrifni islom olamining eng muqaddas shaharlaridan bo‘lmish Madinadan, Masjidun Nabaviyni ziyorat qilish bilan boshlagani o‘ziga xos ramziy ahamiyat kasb etdi. Madina islom tarixidagi eng muhim shaharlardan biri. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasalam 622 yilda bu yerga ko‘chib kelganlar. Qur’oni karimning eng katta suralari shu yerda nozil bo‘lgan.

Bu yerda Shavkat Mirziyoyevni muqaddas shaharda ziyoratda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar xursandchilik bilan kutib olishgani barchamizni to‘lqinlantirdi. Yurt rahbariga vatandoshlarimizning bu darajada samimiy munosabatiga boshqalar ham havas qilgan bo‘lishsa kerak. Ziyorat asnosida Prezidentimiz Vatanimiz tinchligi, obodligi, farovonligi, yurtdoshlarimizning go‘zal hayotini Allohdan so‘rab duo qildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga millionlab xalqimizning salomini yetkazdi.

Allohning inoyati, muborak ziyoratning fazilati sabab ikki tomonlama manfaatli aloqalarga xizmat qiluvchi qator hujjatlar imzolandi.

Xususan, O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qilindi. Ikki mamlakat hukumatlari va vazirliklari o‘rtasida hamkorlikka doir 15 ta hujjat qabul qilindi. Inshoolloh, ushbu sa’y-harakatlar samarasi sifatida mamlakatlarimiz hamkorligi ravnaq topib, xalqlarimiz uchun har jihatdan manfaatli bo‘lishiga ishonch hosil bo‘ldi.

Prezidentimiz davlat tashrifi davomida Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha bilan uchrashib, ko‘plab masalalarni muhokama qilishdi. Bilamizki, Islom hamkorlik tashkiloti 1 milliard 700 million aholi yashaydigan 57 ta davlatni birlashtirgan dunyodagi eng yirik xalqaro tuzilmalardan biridir. O‘zbekiston IHTga 1996 yilda a’zo bo‘lganidan buyon tashkilot bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy, madaniy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.

Husayn Ibrohim Toha O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkilotida alohida o‘rin tutishi, mamlakatimiz ilgari surayotgan loyiha va dasturlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini qayd etar ekan, IHT mamlakatlari turizm vazirlari tomonidan Xiva shahri 2024 yilda «Islom dunyosining turizm poytaxti» deb e’lon qilingani bilan tabrikladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi doirasida Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Muhammad bin Sulaymon Al-Jassirni qabul qildi. Uchrashuv mazkur bankning Toshkentdagi to‘laqonli vakolatxonasini tez fursatda tashkil etish, yangi moliyalashtirish vositalarini joriy qilish masalasi tilga olingani quvonarli bo‘ldi.

Albatta, safar chog‘ida Saudiya Arabistoni podshohining mamlakatimiz rahbariga yuksak ehtirom ko‘rsatgani O‘zbekistonga, xalqimizga nisbatan ulkan hurmatning in’ikosi bo‘ldi. O‘z navbatida, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudni mamlakatimizning yuksak mukofoti – «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan mukofotladi. Ma’lumki, bu orden yaqinda O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 15 avgustdagi qonuniga muvofiq ta’sis etildi. U bilan ilm-ma’rifatni rivojlantirish, islom olami mutafakkirlari merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilishdagi alohida xizmatlari uchun olimlar, tadqiqotchilar, adiblar, shuningdek, xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari mukofotlanadi. Salmon bin Abdulaziz ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan birinchi inson bo‘ldi.

Safar davomidagi muhim voqealardan yana biri – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida muqaddas Makka shahrida ham bo‘lib, umra amallarini bajarganidir. Davlatimiz rahbari dinimiz arkonlariga muvofiq ehromga kirib, namoz o‘qidi, talbiya aytib, Masjidul Haramga bordi.

Ma’lumki, Ka’batullohning ichiga kirish musulmonlar orzu qiladigan ulug‘ sharafdir. Prezidentimiz ana shunday sharafga muyassar bo‘lib, Ka’batullohning ichida namoz o‘qidi. So‘ng, Baytulloh atrofida yetti bor tavof, Safo va Marva tepaliklari orasida yettita sa’y qilindi. Ulug‘ ibodatni amalga oshirish chog‘ida mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari, ulamo va ziyolilar bilan birgalikda yurtimizga tinchlik va taraqqiyot, xalqimizga salomatlik va farovonlik tilab duolar o‘qildi.

Shu ma’noda mazkur tashrif O‘zbekiston va ko‘p asrlik aloqalarga ega bo‘lgan Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan nafaqat siyosiy yoki savdo-iqtisodiy ahamiyatga ega, balki islom ziyoratgohlariga tashrif bilan bog‘liq ma’naviy voqea ham bo‘ldi. Chunki ziyorat chog‘ida Islom diniga e’tiqod qiluvchi xalqimizning qalb to‘ridagi duolari, tilaklari yangradi. Barcha yurtdoshlarimizga ushbu muborak ibodatni bajarish nasib etishi so‘raldi. Zotan, so‘nggi davrda, xususan, bu yil yurtimizdan Umra va Haj ziyoratini ado etgan insonlar soni bir necha marta oshgani dilimizda ulkan shukronalik paydo qildi. Nasib etsa, kelgusi yillarda ziyoratchilarimiz bundan ham ko‘payishiga shubha yo‘q.

Ibrohimjon INOMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net