YETTI USTUVOR YOʻNALISH ULARDA OʻZ AKSINI TOPGAN VAZIFALAR IJROSI XALQIMIZGA MUNOSIB HAYOT, JAMIYATIMIZGA ULKAN QANOT BAXSH ETADI

03.03.2023 13:07

YETTI USTUVOR YOʻNALISH ULARDA OʻZ AKSINI TOPGAN VAZIFALAR IJROSI XALQIMIZGA MUNOSIB HAYOT, JAMIYATIMIZGA ULKAN QANOT BAXSH ETADI

YETTI USTUVOR YOʻNALISH

ularda oʻz aksini topgan vazifalar

ijrosi xalqimizga munosib hayot, jamiyatimizga ulkan qanot baxsh etadi

Mamlakatimizda xalqimizning hayot darajasini yanada yuksaltirish, taʼlim sifatini ilgʻor jahon standartlariga muvofiqlashtirish, barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish hamda kambagʻallikni qisqartirish borasidagi islohotlar yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Prezidentimizning 2023-yil 28-fevraldagi “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal hujjat boʻldi.

Davlat dasturida inson qadrini ulugʻlash va erkin fuqarolik jamiyatini yanada mustahkamlash, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash, iqtisodiyotni jadallashtirish, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishga qaratilgan yettita ustuvor yoʻnalish oʻrin olgan.

Dastur bilan tanishib, uning xalqchil va hayotiy ekaniga guvoh boʻlamiz. Jumladan, 2023-yil 1-iyuldan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlarida aholi va tadbirkorlarga servis sifatini oshirish chora-tadbirlari belgilanadi. Buning natijasida masofadan turib, mobil ilovalar yordamida davlat xizmatlari soni koʻpayadi, undiriladigan toʻlovlar miqdori esa kamayadi. Shu bilan birga, talab qilinadigan ortiqcha hujjatlar bekor qilinib, koʻrib chiqish jarayoni va muddatlari keskin qisqaradi. Natijada koʻrsatiladigan davlat xizmatlari soni 300 taga, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatiladigan xizmatlar soni esa 570 taga yetkaziladi.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlarini doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali koʻrsatilgan xizmat uchun qoʻshimcha toʻlov undirilmagan holda koʻrsatish yoʻlga qoʻyilyapti. Elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari fuqaro murojaatini kutmasdan amalga oshiriladi. Bu, oʻz navbatida, fuqarolar ortiqcha vaqt va mablagʻ sarf qilishining oldini oladi.

Yana bir eʼtiborga molik jihat, 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab aholi va tadbirkorlik subyektlariga subsidiya ajratish bilan bogʻliq barcha xizmatlar bosqichma-bosqich Aholi va tadbirkorlik subyektlariga subsidiya ajratishning yagona elektron platformasiga oʻtkaziladi. Subsidiyalarni ajratishning maqsadga muvofiqligini elektron platforma orqali onlayn tekshirish tizimi ishga tushiriladi. Bunda subsidiyalar ajratish toʻgʻrisidagi arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki istalgan tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari orqali topshirilib, ortiqcha byurokratik toʻsiqlar va boshqa korrupsiyaviy omillar bartaraf etilishi taʼminlanadi.

Islohotlar bosh maqsadi inson qadrini taʼminlashga qaratilgani bilan xalqchillik kasb etadi. Shu bois, har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etish, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ushbu ezgu maqsadlarga erishish uchun dunyodagi noyob demokratik tuzilma boʻlgan mahalla institutining katta imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, natijada mahallani jamiyatning hal qiluvchi boʻgʻiniga aylantirish dolzarb vazifa hisoblanadi.

Fuqarolarning oʻz mahallasi hayotidagi ishtirokini kuchaytirish hamda davlat organlari va mahallalar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish borasida dasturdan joy olgan rejalar hayotiyligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Jumladan, “Raqamli mahalla” markazini tashkil etish va “Ijtimoiy mahalla” axborot tizimini joriy qilish orqali mahalladagi aholi va tadbirkorlarning mavjud muammolarini “xonadonbay” oʻrganish boʻyicha soʻrovnomalar oʻtkazish natijalarini tegishli davlat organlari va tashkilotlariga yuborish hamda koʻrilgan choralar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar axborot tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar, xotin-qizlar va yoshlarga koʻrsatilgan yordam haqidagi maʼlumotlar ham mazkur tizimga kiritib boriladi.

Mahallalarning hududi, maydoni, infratuzilmasi, chegarasi aks etgan xaritasi, xonadonlarning joylashuvi, raqamlari va koʻcha nomlarining yagona bazasi yuritiladi. Fuqarolar duch kelayotgan muammolarni muntazam oʻrganib borish orqali real yechimlarga ega takliflar ishlab chiqiladi va mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi. “Ijtimoiy mahalla” axborot tizimi hamda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali 40 turdagi maʼlumotlarning yagona bazasi yuritiladi.

2023-yil 1-iyuldan boshlab “Mahalla byudjeti” tizimini barcha tuman va shaharlarda joriy etish orqali mahallalarga oʻz muammosini mustaqil hal etish hamda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun 800 milliard soʻmgacha mablagʻ yoʻnaltiriladi. Eksperiment tariqasida 14 tumanda, 1-iyuldan esa barcha tuman (shahar)larda “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi. Hayotiy tajriba va xalq hokimiyatchiligi nuqtayi nazaridan joylarda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda mahalla rolini oshirish dolzarb vazifadir. Shu bois, mahallalarga mahalliy vakillik organlarining kengashlari sessiyalari kun tartibiga koʻrib chiqish uchun taklif kiritish, tegishli qarorlar loyihalarini ishlab chiqish va muhokama qilishda ishtirok etish huquqi taqdim etilyapti.

Hududiy muammolarni hal etish mamlakat miqyosidagi keng koʻlamli islohotlar samaradorligiga ijobiy taʼsir qiladi. Shu sababli mahalliy vakillik organlarida sifat menejmentini yoʻlga qoʻyish zaruratdir. Tajriba tariqasida Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri kengashlarining komissiya raislari doimiy asosda faoliyat yuritishini tashkil etish taklifi oʻz oʻrnida qabul qilinyapti. Shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda va uni amalga oshirishda viloyatlar va Toshkent shahri kengashlarining doimiy komissiyalari ishtiroki taʼminlanishi xalq manfaatlariga mos qarorlar qabul qilishda muhimdir.

Fuqarolarning pensiya taʼminotini yaxshilash va pensionerlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab pensionerga hisoblangan, lekin oʻz vaqtida olinmagan pensiyani toʻlash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytiriladi. Nogironlikni belgilash esa fuqarolarga qoʻshimcha yengilliklar yaratish maqsadida 2023-yil 1-apreldan boshlab nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlari boʻlgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarda fuqarolarning ishtirokisiz hal etiladi. Bunda nogironlik idoralararo elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida aniqlanadi. 2023-yil 1-aprelga qadar nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich oʻtish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqiladi. Unda jahon standartlari asosida nogironlikni belgilash hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning hayotga ijtimoiy moslashuvi va sogʻligʻini qayta tiklash tizimi aks ettiriladi. Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay formatlardagi axborot texnologiyalaridan, imo-ishora tilidan hamda muloqotning boshqa muqobil shakllaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.

“Tashabbusli byudjet” amaliyotini va mahallalarning moliyaviy mustaqilligini kengaytirish maqsadlari dolzarbligi bilan alohida ahamiyatga ega. 2023-yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan 8 trillion soʻm, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun 4 trillion soʻm yoʻnaltirilishi belgilanyapti. 2023-yilda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan 4 trillion soʻm ajratiladi. Natijada mazkur tadbirlarga ajratilayotgan mablagʻlar miqdori qariyb 2 barobar koʻpaytirilishiga erishiladi. Yakunlangan 2022-yilda ushbu tadbirlar uchun 4,3 trillion soʻm mablagʻ ajratilgan edi.

Aholining uy-joyga talabini qondirish maqsadida “Yangi Oʻzbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmi 1,6 barobar oshirilib, 90 mingga yetkaziladi. Bunda uy-joy hamda ijtimoiy va savdo obyektlarini loyihalashtirish va qurishda avtotransport vositalari turargohlari, jumladan, koʻp qavatli va yer osti avtoturargohlar majburiy ravishda barpo etilishi taʼminlanadi. Fuqarolarning 32 ming nafariga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka krediti, shuningdek, 11 ming fuqaroga boshlangʻich badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar uchun davlat byudjetidan mablagʻ ajratiladi. Shuningdek, aholini uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi doirasida mulk huquqi asosida uy-joyga ega boʻlmagan fuqarolar uchun Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida “Mening birinchi uyim” dasturi ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.

2024-yil uchun ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturidan boshlab, davlat organlari tomonidan taklif etilgan ijtimoiy hamda muhandislik infratuzilma obyektlarini ushbu dasturga “Ochiq byudjet” portalida ovoz berish jarayonida toʻplangan ovozlar soniga koʻra kiritish amaliyoti joriy etilishi belgilanyapti. Buning natijasida tashabbusli byudjet jarayoni orqali taqsimlanadigan mablagʻ miqdori 15 trillion soʻmga oshib, 8 trillion soʻmdan 23 trillion soʻmga yetadi. Loyihalarni jamoatchilik fikri va “Ochiq byudjet” portalida toʻplangan ovozlar asosida moliyalashtirishning mutlaqo yangi tizimi yaratilib, amaliyotga kiritiladi. Bunda ovoz berish jarayonlarini xolis va maʼmuriy aralashuvlarsiz tashkillashtirishning aniq mexanizmlarini joriy qilishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Taraqqiyotga erishishning muhim ­omili boʻlgan taʼlim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirish islohotlarimizning bosh maqsadlaridan biridir. Shu bois, taʼlim sifatini oshirish, sohani ilgʻor xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadlari ham davlat dasturi bilan belgilab olinmoqda. Unga koʻra, 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy oʻrta taʼlim muassasasida oʻquvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga oʻrgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi. Jumladan, 76 maktabda fransuz tili, 76 tasida nemis, 37 tasida ingliz, 10 tasida koreys, 6 tasida xitoy va 3 tasida yapon tili ikkinchi xorijiy til sifatida oʻqitiladi. Shuningdek, oʻquvchilar 10-sinfdan boshlab 64 ishchi kasb, 21 sohada tadbirkorlikka, 10 ta IT va “kreativ industriya” yoʻnalishidagi kasblarga oʻrgatiladi. Ushbu jarayonga yoshlar yetakchilari va hududdagi taniqli tadbirkorlar jalb qilinadi.

2023/2024 oʻquv yilidan boshlab barcha viloyatlar va Toshkent shahrida boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyiladi. Bu maqsad uchun 2,7 trillion soʻmga yaqin mablagʻ ajratilib, 2,5 million oʻquvchi qamrab olinadi. 2022-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida ushbu tizim bilan 273 ming oʻquvchi qamrab olingan edi.

Professional taʼlim tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va ish beruvchilarning talablariga mos boʻlgan malakali oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash maqsadida 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab davlat grantlari kollej va texnikumlarning dual taʼlim shakli boʻyicha ham ajratiladi. Natijada joriy yilda dual taʼlim shakli boʻyicha davlat granti asosida kamida 5,7 ming oʻquvchi qabul qilinadi. Yevropa mamlakatlari tajribasidan maʼlumki, dual taʼlim shaklida oʻquvchi professional taʼlim muassasasida nazariy bilim oladi va bir vaqtning oʻzida ishlab chiqarish korxonasida mehnat faoliyatini amalga oshirib, koʻnikmalarini mustahkamlaydi.

Dastur doirasida adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash borasida ham ustuvor yoʻnalishlar belgilab olingan. Jumladan, jinoyatlarni tergov qilish jarayonida “Xabeas korpus” institutini qoʻllash amaliyotini yanada kengaytirish maqsadida tintuv oʻtkazish, telefon soʻzlashuvlarini eshitib turish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudlarga oʻtkazishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi. Shuningdek, qonun loyihasida jinoyat ishini sudlarga ayblov xulosasi (ayblov dalolatnomasi) va himoyachi fikri bilan birga taqdim etish tartibini joriy etish, advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlish talabini bekor qilish kabi normalar aks ettiriladi.

2023-yil 1-sentyabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida malakali xorijlik ekspertlarni jalb qilgan holda, Yevropa kasbiy taʼlim va kasbga oʻqitish sifatini taʼminlash tizimi talablariga toʻliq javob beradigan 1 tadan namunaviy professional taʼlim muassasasi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Natijada namunaviy proftaʼlim muassasalari Yevropa Ittifoqi komissiyasi, Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), KFV banki, Shveysariyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi, Janubiy Koreyaning YEDSF fondi bilan birgalikda tashkil etiladi. Ushbu muassasalarga zamonaviy standartlarni joriy qilish uchun oʻquv reja va dasturlarni, taʼlim shakli va muddatini mustaqil belgilashga ruxsat etiladi. Shuningdek, har bitta muassasaga 4 nafardan xorijiy ekspert jalb etilib, har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy oʻrta taʼlim muassasasida oʻquvchilarni ikkita xorijiy tilga oʻqitish amaliyoti bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi.

Bugungi yuzaga kelgan vaziyat energiya resurslaridan toʻgʻri va samarali foydalanish boʻyicha qilinadigan ishlar hamon dolzarb ekanini koʻrsatib berdi. Iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda energiya taʼminoti va energiya resurslaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga egaligini hisobga olgan holda, muqobil energiya manbalaridan foydalanish tizimini joriy qilish uchun sharoit yaratish boʻyicha maqsadlar belgilab olinmoqda. Unga koʻra, quvvati 20 kVt. va undan past boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarini past (0,23-0,4 kVt.) kuchlanishli elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik shart olish talab etilmasligi belgilan­yapti. Quvvati 20 kVt.gacha boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalarini tarmoqqa ulash uchun texnik shartlar olinib, shartnoma tuzish tartibotlari mavjud. Ushbu tartib ishga tushgandan soʻng qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatmoqchi boʻlgan jismoniy shaxslarga qulaylik yaratiladi.

2023-yil 1-sentyabrdan boshlab yillik hajmi ikki ming tonnadan ortiq shartli yoqilgʻi yoki ming tonnadan ortiq motor yoqilgʻisiga teng energiya resurslarini sarflaydigan tashkilotlar uchun oʻz energiya isteʼmolining kamida 30 foizini qayta tiklanuvchi energiya hisobiga taʼminlash majburiyati yuklatiladi. Buning natijasida kamida 1,2 milliard kVt/soat elektr energiyasi tejalishiga erishiladi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga olinadigan minimal energiya miqdori boʻyicha talablarni bajarmagan tashkilotlar tomonidan yetishmagan energiya ulushiga mutanosib miqdorda “yashil” sertifikatlarni sotib olish talabi kiritiladi. Bunday talab tashkilotlarni energiya samaradorligini oshirishga ragʻbatlantiradi, sertifikat sotuvidan tushgan mablagʻ esa “yashil” texnologiyalarni rivojlantirishga yoʻnaltiriladi. Umumiy isteʼmolining 30 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oʻtkazish talabi bajarilmagan taqdirda mazkur tashkilot ushbu maqsadga erishish uchun yetishmagan energiya ulushiga mutanosib miqdorda har 1 MVt. uchun bitta “yashil” sertifikatni sotib oladi.

2023-yil 1-iyuldan boshlab tabiiy gazni yoqilgʻi quyish shoxobchalariga gaz hajmining onlayn hisobini yuritish tizimi, sotilgan gaz miqdorining aniq hisobini yuritishni taʼminlovchi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilingan dastur mavjud boʻlgan hollardagina yetkazib berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Natijada onlayn hisobni yuritish tizimi orqali obyektlarda tabiiy gazning behuda sarflanishi, ulardan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish boʻyicha tizimli monitoring shakllantiriladi.

2023-yil 1-sentyabrdan boshlab byudjet tashkilotlariga quyosh paneli va issiq suv kollektorini oʻrnatish majburiyati yuklatilib, 2026-yilga qadar ularning binolari energiya isteʼmolining 60 foizi “yashil” energiyaga bosqichma-bosqich oʻtkazilishi taʼminlanadi. Buning natijasida davlat organlari va tashkilotlarida 2023-yilda energiya isteʼmolining 30 foizini “yashil” energiyaga oʻtkazish hisobiga 448,7 million kVt/soat, 2026-yilda esa 60 foizini oʻtkazish hisobiga oʻrtacha 897,4 million kVt/soat elektr energiyasini iqtisod qilish imkoniyati yaratiladi.

Resurslar haqida soʻz ketganda suv masalasiga ham alohida toʻxtalib oʻtish joiz. Dastur doirasida qishloq xoʻjaligini suv resurslari bilan barqaror taʼminlash maqsadida suv resurslarini boshqarishda uzluksiz tizimni yoʻlga qoʻyish hamda tejamkor raqamli texnologiyalarni joriy qilish hisobiga suv yetkazib berishdagi tabiiy yoʻqotishlar hajmini 10 foizgacha kamaytirish boʻyicha alohida chora-tadbirlar belgilab olingan. Suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, zarur irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirish orqali kamida 7 milliard metr kub suv iqtisod qilish va uni 300 ming gektar maydonda takroriy ekinlarni sugʻorishga yoʻnaltirish mumkin.

Qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish va baliq yetishtirish uchun foydalaniladigan suv hajmi boʻyicha soliq stavkasini oshirish orqali suv soligʻi boʻyicha tushumlarning bir qismi tumanlarda sugʻorish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yoʻnaltirilishi taʼminlanadi.

Suv hisobini yuritish tizimini joriy etish va uning ochiqligini taʼminlash maqsadida 13 mingta suv xoʻjaligi obyektini raqamlashtirish bilan bogʻliq barcha xarajatlar davlat byudjeti mablagʻlari va xalqaro moliya institutlari grantlari hisobidan moliyalashtiriladi. 16 ta yirik nasos stansiyasini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish chora-tadbirlari ishlab chiqilib, tasdiqlanadi.

Biz dasturdan oʻrin olgan ayrim yoʻnalishlar haqida toʻxtalib oʻtdik. Umuman olganda, keng muhokamalar natijasida xalqimizning munosib turmush kechirishi va mamlakatimizning taraqqiy etishi uchun zarur boʻlgan takliflar asosida qabul qilingan davlat dasturining amaliy ijrosi umumiy rivojlanishimizga xizmat qiladi va xalqimiz hayotiga farovonlik olib keladi.

 

Nodir Jumayev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net