“Yashil makon” umummilliy loyihasi “Xorazm tajribasi” asosida davom etadi

22.08.2022 16:54

Ma’lumki, Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangan holda respublika miqyosida amalga oshirilmoqda.

Mazkur umummilliy loyihasi doirasida birgina Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan 209 milliondan ortiq daraxt ko‘chatlari ekildi. 

Ekoharakat tashabbusi bilan Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan “Ko‘kalamzorlashtirish ishlari jamoatchilik e’tiborida” mavzuida jamoatchilik eshituvi tashkil etildi. 

Jamoatchilik eshituvida Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish va O‘rmon xo‘jaligi davlat ko‘mitalari, Ekopartiya hamda Toshkent shahar hokimligi obodonlashtirish bosh boshqarmasi rahbarlarining “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, o‘simliklar olamiga zarar keltirishni oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlari yuzasidan axboroti eshitildi.  

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslaridan oqilona foydalanish sohasida shaharlar va boshqa yirik aholi yashash puktlarida yangi istirohat bog‘lari yaratildi. Nukus, Urganch, Mo‘ynoq va boshqa shaharlar atrofida “yashil belbog‘lar” barpo etish rejalashtirildi. 

Ishtirokchilar tomonidan amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan qator kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilganligi qayd etildi. Daraxt va butalarning zararkunanda va kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlariga yetarli e’tibor qaratilmagan, ayrim hududlarda ko‘chatchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar uchun tanlov asosida ajratish ishlari yakuniga yetkazilmagan. Sug‘orish tizimidan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lmagan maydonlarga ko‘chat ekilishiga yo‘l qo‘yilgan, natijada ayrim hududlarda daraxtlarning qurib qolish holati kuzatilmoqda. 

Shuningdek, Toshkent va boshqa yirik shaharlar hududlarida uy-joy, yo‘llar va muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish jarayonlarida “yashil hudud”larga zarar yetkazish, xususan, daraxtlarni noqonuniy kesish, ularga o‘sishdan to‘xtab qolish darajasida shikast yetkazish  kabi holatlari kuzatilmoqda. 

Jumladan, Toshkent shahrining Chilonzor tumani Chilonzor ko‘chasini qayta ta’mirlash jarayonida 100 dan ortiq eman daraxtlarining ildiz qismiga shikast yetkazilishi aholining keng e’tiroziga sabab bo‘ldi. 

Yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasi hamda hududlarni ko‘kalamzorlashtirish doirasida amalga oshirilgan ishlar, xususan aholi punktlarida qarovsiz qolgan daraxtlarni saqlash va parvarish qilish hamda “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni ko‘kalamzorlashtirish, shu jumladan ularning hududida daraxtlarni ekish, saqlash va parvarish qilish ishlariga birinchi navbatda, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni faol jalb qilinishi yuzasidan mas’ullarning hisobotlarini keng jamoatchilik ishtirokida eshitish lozimligi qayd etildi. 

Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasida “Xorazm tajribasi” tizimidan foydalanish tavsiya etildi. 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net