Tadbirkorlar murojaati doimiy e’tiborda

14.08.2022 22:01

Ijtimoiy hayotda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq muammoli holatlar yuzaga kelishi tabiiy. Bunda ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqali muammolarini o‘rganish va hal etish zimmamizdagi asosiy vazifalardan hisoblanadi.

Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalari tomonidan tegishli mutaxassislar ishtirokida kompleks yondashuv yo‘lga qo‘yilgan.

Shunday tadbirlardan navbatdagisi parlament quyi palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi, yuridik firma – “Alizam Consult Group” MCHJ tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga xususiy bandlik agentliklari manfaatlari himoyasini ko‘zlab yozilgan murojaat yuzasidan jamiyat vakili Rustam Mirzayev Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavludaxon Xo‘jayeva boshchiligida qo‘mita a’zolari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov hamda vazirlik ekspertlari, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Foziljon Otaxonov va institut ilmiy xodimlari ishtirokida bevosita qabul qilindi.

M.Xo‘jayeva ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet elga yuborish yuridik shaxslar tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi.

Xususiy bandlik agentliklariga litsenziya berish tartibi O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 16 oktyabrdagi «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi hamda 2021 yil 14 iyuldagi «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunlarida, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan «Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizom»ning 17-ilovasida belgilangan.

Shu bilan birga, mazkur murojaat bilan bevosita shug‘ullangan Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi Adham Narziqulovning ham mulohazalari tinglandi. Muhokamalar jarayonida xususiy bandlik agentligini tashkil etish, jumladan bunda litsenziya olish, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasiga zaxiradagi mablag‘lar sarflangan taqdirda mablag‘larni to‘ldirish sharti bilan muayyan to‘lovlarni amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, murojaatchi vakili Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan tuziladigan litsenziya bitimiga asosan xususiy bandlik agentligi tomonidan Jamg‘armaga bazaviy hisoblash miqdorining 8 500 barobari hajmida to‘langan summadan tashqari bazaviy hisoblash miqdori ko‘tarilgan taqdirda oshgan summa bilan avvalgi to‘langan summa o‘rtasidagi farqni yana to‘lashi kerakligi muammosini o‘rtaga tashladi.

Munozaralarda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E. Muhitdinov, Vazirlar Mahkamasining Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti bosh mutaxassisi Azamat Rajapov fikrlari eshitildi.

Jumladan, E.Muhitdinov bu vaziyatda bazaviy hisoblash miqdori oshgan taqdirda Jamg‘armaga yana to‘lov amalga oshirilishi bilan bog‘liq Litsenziya bitimidagi tegishli bandni chiqarib tashlash haqida qo‘shimcha kelishuv tuzish taklifini ilgari surdi.

Jarayonda so‘z olgan F.Otaxonov xususiy bandlik agentligini tashkil etish uchun letsenziya olish shartlaridan biri bo‘lgan Jamg‘armaga ma’lum to‘lovlarni amalga oshirish masalalariga to‘xtalib, bu to‘lov kim tomonidan va qancha miqdorda to‘lanishi, mablag‘lar qaysi hollarda qaytarilishi, ushbu jarayonni amalga oshirish mexanizmi bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalar bildirdi.

Xususan, murojaatda ko‘rsatilgan vaziyatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan xususiy bandlik agentligi o‘rtasida tuzilgan Litsenziya bitimidan kelib chiqadigan munosabatlar, predmetiga ko‘ra, fuqarolik huquqiy munosabat hisoblanishi va taraflarning tengligiga asoslanishini, shu o‘rinda vazirlik bildirgan taklifni qo‘llab-quvvatlashi, murojaatchi tomon bu taklifni o‘ylab ko‘rishi maqsadga muvofiqligi, bu borada institut tomonidan xorijiy tajriba o‘rganilib, tegishli takliflar qo‘mitaga taqdim etilishi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Qabulda har bir masala yuzasidan xalqaro hujjatlar, milliy qonunchilik va xorijiy tajriba bo‘yicha fikr almashildi. Qabul qilinuvchiga deputatlar tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, ko‘tarilgan masalalar taalluqli bo‘lgan sohalardagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida ilmiy asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish haqida xulosaga kelindi.

Uchrashuv yakunida murojaatchi tomonidan ochiq muloqot tashkil etilgani, bevosita barcha mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan masala yechimi bo‘yicha aniq va amaliy takliflar berilganligi uchun Qonunchilik palatasiga minnatdorlik bildirildi. Palata tomonidan tadbirkorlar murojaatlariga alohida e’tibor qaratilayotganligi Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan «Inson qadri uchun» tamoyilining hayotiy isboti ekani e’tirof etildi.

O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net