SHANXAY HAMKORLIK TASHKILOTI MINTAQAVIY AKSILTERROR TUZILMASI – 15 YOSHDA

16.03.2019 15:43

Toshkent shahrida 15 mart kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (SHHT MATT) tashkil etilganining 15 yilligi munosabati bilan tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda SHHTga aʼzo davlatlar vakolatli organlari, diplomatik korpus, SHHT MATT Ijroiya qoʻmitasi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda tuzilmaning ekstremizm, separatizm, mintaqada mavjud muammolarga yechim topish, shu maqsadda xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish, SHHTga aʼzo davlatlar xavfsizligini mustahkamlash yoʻlidagi faoliyati muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tuzilma Ijroiya qoʻmitasining xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashdagi ishini yanada samarali tashkil etish va zarur sharoit yaratish maqsadida Toshkentda SHHT MATTning yangi bir zamonaviy binosi barpo etildi. Tuzilma tashkil etilganining 15 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbir doirasida u tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Shu kuni SHHT MATT Kengashining navbatdagi, oʻttiz toʻrtinchi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Hindiston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organlari va SHHT MATT Ijroiya qoʻmitasi vakillari ishtirok etdi.

Rossiya Federatsiyasi raisligida oʻtgan majlisda SHHT MATT Kengashining SHHT Davlat rahbarlari kengashiga taqdim etiladigan 2018 yilgi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobоti maʼqullandi. SHHTga aʼzo davlatlar vakolatli organlari va SHHT MATT Ijroiya qoʻmitasining 2016-2018 yillarda terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashda SHHTga aʼzo davlatlarning hamkorlik dasturi ijrosi boʻyicha faoliyati yakunlari muhokama qilindi.

Tadbirda SHHT MATT Kengashi qarorlari ijrosiga doir maʼlumotlar koʻrib chiqildi. SHHTga aʼzo davlatlar vakolatli organlari ekspertlaridan iborat qoʻshma ishchi guruhi hamda SHHT MATT Ijroiya qoʻmitasi vakillarining 2017-2018yillarda internet tarmogʻidan terroristik, separatistik va ekstremistik maqsadlarda foydalanish holatlarini aniqlash, ularning oldini olish, bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishga doir faoliyati ijobiy baholandi.

2019 yilda SHHTga aʼzo davlatlar vakolatli organlarining hamkorlikdagi “Sari-Arka – Aksilterror – 2019” mashgʻulotlari, “Birdamlik – 2019-2021” chegara amaliyotining birinchi bosqichi, SHHTga aʼzo davlatlar chegara xizmatlari rahbarlarining yettinchi majlisi hamda tashkilotga aʼzo davlatlar mutaxassislari uchun internet tarmogʻidan terroristik, separatistik va ekstremistik maqsadlarida foydalanish holatlarini aniqlash, ularning oldini olish, bartaraf etish boʻyicha seminar-trening oʻtkazish yuzasidan qarorlar qabul qilindi.

SHHT MATT Ijroiya qoʻmitasining oʻtgan davrdagi faoliyatiga ijobiy baho berildi.

SHHT MATT faoliyatini rivojlantirish va tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlashga qoʻshgan hissasi uchun SHHT MATTda oʻz faoliyatini yakunlagan Xitoy Xalq Respublikasi vakili Li Vey hamda Pokiston Islom Respublikasi vakili Tasnim Aslamga “SHHTga aʼzo davlatning SHHT MATT Kengashidagi faxriy vakili” unvoni berildi. SHHTga aʼzo davlatlar vakolatli organlari va SHHT MATT Ijroiya qoʻmitasining qator xodimlari Kengashning faxriy yorliq va esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.

SHHT MATT Ijroiya qoʻmitasi faoliyatini tashkiliy, kadrlar va moliyaviy jihatdan taʼminlash masalalari boʻyicha qarorlar qabul qilindi.

SHHT MATT Ijroiya qoʻmitasining navbatdagi majlisini 2019 yil sentabr oyida Rossiya Federatsiyasida oʻtkazishga kelishib olindi.

Kengash majlisi amaliy, konstruktiv va doʻstona ruhda oʻtdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net