“Raqamli bojxona” tamoyili ham vaqtni, ham xarajatni tejashga xizmat qilmoqda

22.08.2022 16:50

Bugun mamlakatimiz ilg‘or, rivojlangan davlatlar safidan mustahkam o‘rin egallashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar esa xalqimizga munosib turmush sharoitlarini yaratib berish maqsadida qilinmoqda. 

– Hayotimizning har jabhasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida aholi farovonligini ta’minlash, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish kabi bir qator ezgu g‘oyalar mujassam, – deydi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshlig‘i Tolibjon Saidov. – Bu bojxona tizimidagi o‘zgarish va yangilanishlarda ham namoyon bo‘lmoqda. Xususan, tizimga “Raqamli bojxona” tamoyili keng joriy qilinayotgani tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining ham vaqtini, ham xarajatini tejashga xizmat qilmoqda. 

Keng miqyosda joriy qilinayotgan “Xavflarni boshqarish”, “Yagona darcha”, “Ye-tranzit”, “Bojxona va yuk operatsiyalari” kabi bojxona axborot tizimlari va elektron xizmatlar ko‘magida bojxona nazorati hamda rasmiylashtiruviga sarflanayotgan vaqt tobora qisqarib bormoqda.  

Xususan, “Bojxona va yuk operatsiyalari” avtomatlashtirilgan axborot tizimi bu borada alohida ahamiyatga ega. 

Axborot tizimini joriy etishdan asosiy ko‘zlangan maqsad bojxona nazorati ostidagi tovarlarga nisbatan bojxona va yuk operatsiyalarini elektron boshqarish, yuk operatsiyalarida bojxona organi mansabdor shaxsining majburiy qatnashishidan qisman voz kechish, tovarlar harakati hisobining nazorati yo‘qolishini oldini olish, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlariga sarflanadigan vaqtning sezilarli darajada qisqartirilishiga erishish, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga keng qulayliklar yaratishdan iborat.  

Tizimning eng muhim vazifasi esa bojxona nazorati ostidagi tovarlarga nisbatan bojxona va yuk operatsiyalarini elektron boshqarishni joriy etish orqali bojxona ombori egalariga ishonch bildirish hamda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga qulayliklar yaratish, shuningdek tovarning transportda ko‘p vaqt turib qolishini oldini olishdir.  

Ahamiyatlisi, bojxona nazoratiga ilg‘or texnologiyalar tatbiq etilishi natijasida deklaratsiyani rasmiylashtirish vaqti eksportda 1,7 barobarga, importda esa 1,4 barobarga qisqartirildi. Shu bilan birga, 76 foiz bojxona yuk deklaratsiyalari soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan. Bu ko‘rsatkich eksportda 84 foizni va importda 74 foizni tashkil etadi. 

Bojxona sohasida amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar, keng ko‘lamli islohotlar haqli ravishda xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. 

Birgina tadbirkorlik faoliyatini yanada liberallashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksport salohiyatini oshirish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish va tadbirkorlarga qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida muhim islohotlar o‘tkazilyapti. 

Biroq, tahlillar ilg‘or raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Joriy yilning 27 aprel kuni qabul qilingan “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni ayni maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. 

Farmonning asosiy maqsadi bojxona ma’muriyatchiligini yangi bosqichga olib chiqish, bojxona va yuk operatsiyalarini raqamli transformatsiya qilish orqali inson omilini keskin qisqartirish, bojxona sohasini ochiqlik, shaffoflik hamda ishonchlilik tamoyillari asosida korrupsiyadan holi tizimga aylantirish hisoblanadi. 

Farmonga asosan bojxona ko‘rigi jarayonlarini qamrab olgan mobil elektron tizim ishga tushiriladi, bojxona xizmatlari to‘liq raqamlashtirilgan holda “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 40 taga yetkaziladi. 

Bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni birgina Toshkent shahar bojxona boshqarmasi misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, 2022 yilning 7 oyi davomida 194 ming 831 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilib, ular bo‘yicha 11 trillion 304 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlari davlat byudjetiga o‘tkazildi. 

Tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan salkam 1 milliard 211 million AQSH dollaridan ziyod mahsulot xorijga eksport qilindi.  

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularga bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish yo‘nalishida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 10 dan ortiq turdagi ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan xomashyo, texnologik asbob-uskunalar, maishiy texnika va ularning qismlari kabi tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida 8 trillion so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar berildi. 

Bojxona postida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, noqonuniy tovar-moddiy boyliklarning yurtimiz hududiga kirib kelishining oldini olishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, o‘tgan davrda 2019 ta holatda 150 milliard so‘mdan ortiq tovarlarning noqonuniy yo‘l bilan kirib kelishining oldi olindi. Ular bo‘yicha  20 milliard so‘mdan ziyod qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblanib, davlat byudjetiga undirilishi ta’minlandi. 

Bir so‘z bilan aytganda, bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish maqsadida xalqaro me’yor va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga qaratilayotgan muhim e’tibor, sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar mamlakatning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga, uning investitsion salohiyatini oshirishga, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga va bojxona organlari faoliyati shaffofligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.  

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net