PREZIDENT FRANK-VALTER SHTAYNMAYERNING O?ZBEKISTONGA RASMIY TASHRIFI GERMANIYA OAVLARIDA KENG YORITILMOQDA

27.05.2019 10:52

Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning 27-29 may kunlari O‘zbekistonga amalga oshirayotgan rasmiy tashrifi Germaniya OAVlarida keng yoritilmoqda.

 

 

Xususan, “Bundesdeutsche Zeitung” gazetasi e’lon qilgan maqolada Prezident Frank-Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollarini o‘rganish maqsadida unga Germaniya biznes doiralari va madaniy muassasalari vakillari hamrohlik qilayotgani ta’kidlangan.

Maqola muallifining ta’kidlashicha, 2016 yildan boshlab O‘zbekistonda mamlakat iqtisodiyotining barcha yo‘nalishlarini liberallashtirish boshlangan. Nashr «Germany Trade & Invest» (GTAI) agentligining Markaziy Osiyo bo‘yicha eksperti Uve Shtrobaxning quyidagi so‘zlarini keltiradi:

«Xususiy sektor uchun ishbilarmonlik muhiti sezilarli darajada yaxshilangan. Qabul qilingan yangi qonunlar huquqiy bazani optimallashtiradi va byurokratik to‘siqlarni kamaytiradi. O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni misli ko‘rilmagan jadallikda olib bormoqda. Mahsulotlarni sotib olish va bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish jarayoni ancha soddalashtirilgan. Ko‘plab sohalar xususiy biznes uchun ochiq. Turli-tuman litsenziyalar va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi ruxsatnomalar bekor qilingan. Eksport va import litsenziyalarining qisqartirilishi hisobiga tijoriy kelishuvlarni amalga oshirishdagi byurokratik amallar tartibga solingan».

Jurnalist O‘zbekistondagi islohotlarning izchillik bilan olib borilayotgani xorijiy davlatlar bilan hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirishga zamin yaratayotganini qayd etadi. Turli sohalar bo‘yicha 2018–2020 yillarga mo‘ljallangan dasturlarning umumiy qiymati 30 milliard dollardan ziyodni tashkil qiladi. Maqolada nemis kompaniyalariga barcha sohalar bo‘yicha rejalashtirilgan loyihalarda faol ishtirok etish tavsiya etilgan.

"dpa-AFX" axborot agentligi, "Handelsblatt" nashri, "Finanznachrichten.de", "Wallstreet-Online.de", "Boerse.de" portallari o‘z sahifalarida e’lon qilgan maqolalarda Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti rasmiy tashrifi chog‘ida 2016 yil davlat rahbarligiga kelgan Prezident Shavkat Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlash istagida ekani haqida ta’kidlangan.

«Shavkat Mirziyoyev shu yil yanvar oyida rasmiy tashrif bilan Berlinda bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga Belvyu saroyida faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, shuningdek, kansler Angela Merkel bilan ham uchrashdi. Ekspertlar Germaniyada juda qisqa muddatdagi javob tashrifini amalga oshirish odatiy tajribaga kirmasligini, ushbu tashrif esa O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning Germaniya tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishidan darak ekanini ta’kidlashmoqda», deyiladi nemis jurnalistlari maqolalarida.

Xabar qilinishicha, Frank-Valter Shtaynmayer Toshkentda fuqarolik jamiyati vakillari va ziyolilar bilan ham uchrashadi. Tashrif yakunida turli sohalar bo‘yicha hamkorlikka doir kelishuvlar imzolanadi.

 

 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net