PEKINDA VATANDOSHLAR BILAN UCHRASHUV BO?LIB O?TDI

22.11.2018 13:25

O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi  elchixonasida ushbu mamlakatda yashayotgan vatandoshlar hamda Xitoyning turli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Pekinga amaliy safar bilan kelgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘jayev boshchiligidagi mamlakatimiz olimlaridan iborat  delegatsiya a’zolari ham ishtirok etdilar.

Uchrashuv chog‘ida keyingi yillar mobaynida chet ellarda yashayotgan vatandoshlar bilan doimiy muloqot va hamkorlikni rivojlantirish, ularning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokini rag‘batlantirish, shuningdek, ularning huquq- manfaatlarini to‘laqonli va har tomonlama himoya qilishga ko‘maklashish borasida muhim ishlar amalga oshirilayotgani bilan bog‘liq masalalar muloqotning asosiy mavzusi bo‘ldi. 

Mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari, O‘zbekistondagi Xalqaro press klubning boshlovchisi sifatida teletomoshabinlar e’tiborini qozongan taniqli jurnalist  Sh. Qudratxo‘jayev mamlakatimizda ro‘y berayotgan keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlar haqidagi fikrlarini vatandoshlar bilan o‘rtoqlashar ekan, hozirgi paytga kelib ko‘plab vatandoshlarimiz respublikamiz iqtisodiyoti, ijtimoiy sohasi, ilm-fani, madaniyati va boshqa sohalarini rivojlantirishga, o‘zlarining tarixiy Vatani bo‘lgan O‘zbekistonning xorijiy yurtlardagi obro‘sini oshirish hamda uning chet ellar bilan o‘zaro munosabatlarini mustahkamlash ishiga  munosib hissa qo‘shishayotganini qayd etdi.

U 2018 yil 25 oktabr kuni mamlakatimiz Prezidentining  “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani xususida to‘xtalar ekan, bu yurtimizda vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganidan dalolat ekanligini alohida ta’kidladi.   

Savol-javoblarga boy bo‘lgan vatandoshlar bilan uchrashuv samimiy muloqot ruhida o‘tdi. Xitoyda yashab mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz va o‘zbek talabalari ona diyorimizda kechayotgan o‘zgarishlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdilar. Ular mamlakatimizda ta’lim sohasini rivojlantirish, yosh avlod vakillari kelajagi va ularning har tomonlama barkamol insonlar bo‘lib shakllanishlari uchun juda katta e’tibor qaratilayotganidan mamnuniyat bildirganlari barobarida kelajakdagi rejalari, shu bilan birga,  o‘zlarini o‘ylantirayotgan muammolar, yurtimizdagi islohotlar samaradorligiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan masalalar yuzasidan ham o‘z fikrlarini ochiq-oshkor bildirishdi. Bu, shubhasiz, yurtdoshlarimizning Vatanimizda kechayotgan o‘zgarishlarga nisbatan sira ham befarq emasligidan, aksincha, yurtimiz ravnaqi, uning porloq kelajagi uchun jonkuyar ekanliklaridan dalolat beradi.

-Men xalqimizning madaniy-ma’naviy va ilmiy merosini Xitoyda targ‘ib etishni xalqimizning farzandi sifatidagi burchim deb bilaman, - dedi Pekindagi Markaziy Millatlar universiteti doktoranti Dilsora Mirzaahmedova “Dunyo” axborot agentligi muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida. - Bu ayni paytda bizdek yoshlar uchun sharaf hamdir. Shuning uchun ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish  bilan birga universitetimizda xitoylik yoshlarga o‘zbek tilidan saboq berayotganimdan tom ma’noda faxrlanaman. Bu mubolag‘a yoki shunchaki balandparvoz gap emas. Chunki biz jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga bebaho hissa qo‘shgan juda ko‘plab alloma va mutafakkir bobokalonlarimizning zuryodlarimiz. Buni doimo yodda tutishimiz kerak.

Joriy yil sentyabrida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonini o‘qib juda quvongan edik. O‘tgan oktabr oyida  davlatimiz rahbarining xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga oid qarori ham chiqdi. Ushbu muhim hujjatlarda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi va chet ellarda yashayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlangan. Bularning barchasi biz singari xorijiy yurtlarda yashab mehnat qilayotgan, bilim olayotgan o‘zbekistonliklarni behad quvontiradi. Negaki mazkur hujjatlarda xorijda ta’lim olayotgan O‘zbekiston yoshlari bilan ishlash, yurtimizning iqtisodiy, ijtimoiy, investitsiyaviy, ilmiy-ma’rifiy, madaniy va boshqa yo‘nalishlardagi ravnaqida vatandoshlar bilan yaqin hamkorlik qilishdan tortib to chet ellarda o‘zbek tili, madaniyati va an’analarini ommalashtirishgacha bo‘lgan juda muhim masalalar o‘z aksini topgan.

 

 

 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net