Oʻzbekistonda sudlanganlar va mahkumlarning huquqlarini taʼminlash: qonunchilikni takomillashtirish va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish

07.08.2023 17:44

Inson huquqlarini taʼminlash masalasi shaxsning ozodlikda yoki jazo muddatini oʻtayotganidan qatʼi nazar oʻz dolzabligini yoʻqotmaydi. Mahkum va mahbuslar ham qonun hujjatlarida belgilangan muayyan huquqlarga ega. Xususan, Konstitutsiyamizda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar oʻziga nisbatan insoniy muomalada boʻlinishi hamda inson shaxsiga xos boʻlgan qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega ekani belgilangan.

Qolaversa, Asosiy qonunimizga koʻra, “Insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emas. Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas”. Shuningdek, inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi”, yaʼni shaxsni ushlab turish chogʻida unga huquqlari, ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi koʻrsatilgan.

Konstitutsiyamizning yangi tahririga hibsga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga koʻra yoʻl qoʻyilishi va shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi boʻyicha ham alohida norma kiritildi.

Mazkur normalarning bevosita Konstitutsiyada aks etishi mamlakatimizda inson qadri ustuvorligi va qiynoq holatlariga qarshi kurash borasida Oʻzbekiston oʻz qatʼiy pozitsiyasiga egaligini koʻrsatadi. Bu jarayonda hukumat tizimni isloh qilish bilan birga, ular ustidan jamoatchilik nazorati oʻrnatilishini maqsad qilgan.

Aslini olganda qiynoqlarga qarshi kurashish masalasi dunyo miqyosidagi eng ogʻriqli muammolardan sanaladi. Shu sababli dunyo hamjamiyati ushbu illatga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirish, xalqaro miqyosda bajarilishi majburiy boʻlgan normalarni ishlab chiqish yoʻlidan bormoqda.

Maʼlumki, 2002-yil 18-dekabrda BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyasi bilan Qiynoqlar hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi konvensiyaga doir fakultativ protokolida milliy preventiv mexanizm (MPM) tashkil etilishi nazarda tutilgan.

MPM – har qanday qiynoq koʻrinishlari oldini olish maqsadida mustaqil xalqaro va milliy organlarning ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar saqlanadigan joylarga muntazam tashriflari tizimini yaratishdir.

Sir emas, ozodlikda boʻlgan insonlarga nisbatan harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarda  saqlanayotgan shaxslarning huquq va manfaatlarini taʼminlash biroz murakkab jarayon edi. Chunki, avvallari yopiq muassasalarda boʻlayotgan hodisalar doim ham jamoatchilik nazoratida boʻlavermasdi.

2019-yilda Ombudsman huzurida ilgʻor xalqaro tajribalarga asoslangan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizm yoʻlga qoʻyilganidan soʻng penitensiar muassasalar Ombudsman va jamoatchilik vakillarining doimiy nazoratida boʻladigan obyektlarga aylandi. “Ombudsman plyus” modeli asosida tashkil etilgan MPM harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga Ombudsman va jamoatchilik vakillarining muntazam ravishda kirishi va u yerda saqlanayotgan fuqarolar sharoitlarini oʻrganishi, ular bilan muloqot qilishiga zamin yaratdi.

Tashriflarda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash sharoitlari, xususan yashash va ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam koʻrsatish holati va sifati, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda taʼlim-tarbiya berish va boshqa shu kabi holatlar oʻrganilmoqda. Ahamiyatli tomoni, monitoring tashriflarida OAV xodimlari ham ishtirok etib, ularga penitensiar muassasalardagi sharoitlarni oʻz koʻzi bilan koʻrish, mahkum hamda mahbuslar bilan muloqot qilish uchun imkoniyat yaratildi. Monitoring tashriflari davomida aniqlanayotgan kamchiliklar yuzasidan tahliliy maʼlumot va axborotlar, xulosa va taqdimnomalar hamda talabnomalar tayyorlanib, mutasaddi vazirlik va idoralarga koʻrib chiqish uchun yuborilmoqda.

Birgina 2022-yil yakuni boʻyicha 381 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirilgan boʻlsa, 2023-yilning birinchi yarim yilligida bu koʻrsatkich 348 tani tashkil etdi. Raqamlardan ham maʼlumki, Ombudsman jamoatchilik guruhlari bilan birgalikda mahkum va mahbuslarga qonunchilikda belgilangan sharoitlarni oʻrganish va qiynoq holatlarini aniqlash hamda bartaraf etish boʻyicha faoliyatini kuchaytirib bormoqda. Natijada qiynoqqa solish holatlarining oldini olish boʻyicha parlament va jamoatchilik nazorati oʻrnatilishiga erishildi. 2019-yildan to hozirga qadar 25 mingdan ortiq mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy, ularning 6 mingga yaqini bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazilgan.

Harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarda saqlanayotgan shaxslar hamda ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan 2019-2022-yillar va 2023-yilning birinchi yarim yilligida 10 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan va nazoratga olingan. Ushbu raqamlar mahkum va mahbuslarning Ombudsmanga murojaat qilish huquqlari taʼminlanayotganini koʻrsatadi.

Shu oʻrinda jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalariga oʻrnatilgan “Ombudsman quti”lari va ularning ahamiyatiga toʻxtalish zarur. Ushbu qutilar mahkum va mahbuslar murojaat tashlashi uchun qulay joylarga oʻrnatiladi va ularni faqatgina Ombudsman vakili ochish huquqiga ega. Bu murojaat va arizalar har ikki haftada koʻrib chiqish uchun olib ketiladi.

2022-yildan eʼtiboran Ombudsmanning hududlarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari ish boshlashi ham penitensiar muassasalarga amalga oshiriladigan monitoring tashriflari qamrovini yanada kengaytirdi.

Keyingi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan qiynoqqa oid xabarlar ham tezda nazoratga olinib, joyiga chiqib oʻrganilyapti va tegishli choralar koʻrilmoqda.

Qayd etish lozimki, Prezidentimizning 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan Ombudsman huzuridagi MPM faoliyati yanada kuchaytirildi. Jumladan, Ombudsman huzuridagi ekspert guruhi negizida Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha jamoatchilik guruhlari tashkil etildi. Ular zimmasiga qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish boʻyicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish, qiynoqqa solish holatlari toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqishda ishtirok etish kabi vazifalar yuklandi.

Oʻzbekistonda qiynoq holatlariga yoʻl qoʻygan xodimlarga nisbatan jazo choralari ogʻirlashtirilib, hattoki, ularga nisbatan afv qoʻllanilmasligi mumkinligi ham qatʼiy belgilab qoʻyilganini qayd etish lozim. Qolaversa, mansabdor shaxslarni noqonuniy harakatlari uchun javobgarlikka tortish maqsadida qonunchilikka alohida modda kiritilgan va qiynoqni qoʻllagan shaxsga nisbatan ogʻirlashtiruvchi normalar qoʻllanilishi belgilangan. Jinoyat kodeksida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Bu kabi normalar koʻplab davlatlar qonunchiligida mavjud emas.

Prezidentimizning 2019-yil 2-avgustdagi qarori bilan Qoraqalpogʻistondagi Jasliq qoʻrgʻonida joylashgan jazoni ijro etish koloniyasi tugatilishi ham qiynoq holatlarini bartaraf etish borasidagi muhim qadam boʻldi.

Umuman olganda, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalardagi sharoitlarni hozirgi va 5 yil avvalgisi bilan solishtiradigan boʻlsak, juda katta oʻzgarishlarga guvoh boʻlamiz. Ushbu oʻzgarishlar, albatta, tizimdagi islohotlar va jamoatchilik nazoratining oʻrnatilishi mevasidir.

Keyingi yetti yilda mahkumlarning qonuniy huquq va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan 5 ta qonun, Prezidentning 1 ta farmoni, 6 ta qarori, hukumatning 11 ta qarori va farmoyishi, 15 dan ortiq boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Bularning barchasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi prinsiplarini toʻlaqonli amalga oshirish uchun xizmat qiladi, albatta.

BMT Bosh Assambleyasining 2015-yil 17-dekabrdagi rezolyutsiyasi asosida qabul qilingan Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standartlari qoidalari 2019-yilda milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilindi. Unga koʻra, mahkumlarga psixologik yordam olish huquqi berildi, tibbiy yordamga muhtoj mahkumlarni sogʻliqni saqlash muassasalariga joylashtirish, ogʻup kasallikka chalinganlariga telefon orqali qoʻshimcha soʻzlashishga, shifokorning ruxsati boʻlsa, yaqinlari bilan uchrashishga ruxsat berildi, ruhiy holati buzilgan vaqtda mahkum tomonidan sodir etilgan tartibbuzarlik uchun intizomiy jazo choralarini qoʻllash bekor qilindi.

2019-yildan mahkumlarning ish haqidan ijtimoiy sugʻurta ajratilmasligi belgilanib, pensiya taʼminotiga ega boʻlishi taʼminlandi hamda yopiq turdagi koloniyalardagi mahkumlarning telefon soʻzlashuvi, yoʻqlov va uchrashuvlar olish soni qariyb ikki barobarga koʻpaytirildi.

Qonunchilikka 2023-yilda kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, mahkumlarning muassasada ishlagan davrini umumiy mehnat stajiga qoʻshish orqali ularga kelgusida pensiya olish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, Jinoyat-ijroiya kodeksiga kiritilgan tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalarga koʻra, mahkumlarning huquqlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirib, ularga surdotarjimon xizmatidan foydalanish huquqi berildi hamda I va II guruh nogironligi boʻlgan mahkumlarning yashash maydoni 2,5 kvadrat metrdan 3 kvadrat metrgacha oshirildi va ular uchun moʻljallangan umumiy turar joylar maxsus vositalar va moslamalar bilan jihozlanishi belgilandi.

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar jinsi, yoshi, sogʻligʻi holati, mehnat qobiliyati va ixtisosligini hisobga olgan holda ishlashining belgilanishi ham insonparvarlik tamoyilining yorqin ifodasidir.

Saylov kodeksiga muvofiq, ijtimoiy xavfi katta va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyati uchun jazo oʻtayotgan mahkumlarga saylov huquqi berilib, ularning davlat boshqaruvida ishtirok etishiga zamin yaratildi. Maʼlumotlarga koʻra, joriy yil 9-iyuldagi Prezident saylovida penitensiar muassasalarda saqlanayotgan 34 mingga yaqin shaxs ishtirok etdi.

Jazoni ijro etish tizimi faoliyatiga raqamli texnologiyalarni, jumladan, intellektual “Smart” kameralar, videoregistrator, rentgen-skaner qurilmasi, elektron doʻkonlar joriy etish, “onlayn” videouchrashuv xizmatini yoʻlga qoʻyish borasida ham qator ishlar amalga oshirildi. Albatta, tizim faoliyatining raqamlashtirilishi penitensiar muassasalarda ishlovchi xodimlar ishini yengillashtirishi bilan birga ular masʼuliyatini ham oshiradi. Pirovardida, qiynoq holatlarining oldini olish orqali inson huquqlari taʼminlanishiga zamin yaratiladi.

Feruza Eshmatova,

Oliy Majlisning

Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net