Oʻzbekistonda sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy-huquqiy kafolatlari

11.08.2023 18:04

Oʻzbekistonda sud hokimiyatining alohida mustaqil hokimiyat tarmogʻi sifatida faoliyat yuritishida uning mustaqilligi kafolatlarining qonun darajasida belgilanishi muhim ahamiyatga egadir. Binobarin, sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlovchi normalarning konstitutsiyada belgilanishidan asosiy maqsad – fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan huquqini amalda kafolatlash, jamiyatda qonun ustuvorligi va adolatni taʼminlashdan iboratdir.

Sud hokimiyatining alohida hokimiyat tarmogʻi sifatida asosiy qonunda belgilanishi xalqaro huquq normalariga ham toʻliq mos boʻlib, muayyan davlatni huquqiy-demokratik davlat tuzumiga ega ekanligidan, inson huquqlari va erkinliklari davlat tomonidan kafolatlanishidan dalolat beradi. Zero, Birlashgan Millatlar Tashkilotining sud organlari mustaqilligiga oid Asosiy prinsiplarida sud hokimiyatining mustaqilligi har bir davlatning Konstitutsiyasi yoki qonunlarida mustahkamlanishi lozimligi belgilab qoʻyilgan.

Demak, sud hokimiyati mustaqilligining huquqiy kafolatlari deganda konstitutsiya, qonunlar hamda qonunosti hujjatlarida belgilangan sudlar faoliyatini tashkil etish va sud ishlarini yuritishda sud organlari va sudyalarning mustaqilligini taʼminlovchi normalar tushuniladi. Xususan, sud hokimiyati mustaqilligining asosiy kafolati, avvalambor, Oʻzbekiston Konstitutsiyasida mustahkamlanib, unda Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish yuritishi belgilangan. Konstitutsiyaning ushbu normasi sud hokimiyatining mustaqilligi uning alohida hokimiyat boʻgʻini sifatida maqomga egaligi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ ekanligidan dalolat beradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida sud hokimiyatiga oid normalar alohida bobda belgilangan boʻlib, “sud”, “sudya” soʻzlari 60 dan ortiq marta qoʻllanilgan. Xususan, Konstitutsiyamizda sud hokimiyati – alohida davlat hokimiyati organi (11, 98, 130-140-moddalar), fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari daxlsizligini taʼminlovchi kafolat (20-modda), jamiyatda adolatni qaror toptiruvchi, odil sudlovni amalga oshiruvchi maxsus organ (27-31-moddalar), inson huquqlari va erkinliklarining kafolati (55-modda) sifatida belgilangan. Misol uchun, Konstitutsiyamizning 131-moddasida favqulodda sudlar tuzilishiga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisidagi qoidaning belgilanganligi odil sudlov faqat Konstitutsiyada belgilangan vakolatli sudlar tomonidan amalga oshirilishi kafolati hisoblanadi. Bu bilan sud hokimiyatining ham institutsional, ham funksional mustaqilligi kafolatlangan.

Sud hokimiyatining konstitutsiyaviy vazifalaridan kelib chiqib, uni ikkita asosiy xususiyatini ajratish mumkin.

Birinchidan, konstitutsiyaviy boshqaruvning alohida predmeti boʻlmish sud hokimiyati davlat hokimiyatining tarkibiy qismi, uning alohida tarmogʻi hisoblanadi. Bu esa sud hokimiyati mustaqilligining asosiy huquqiy kafolatidir.

Jumladan, sud hokimiyatining institutsional mustaqilligi asoslari Konstitutsiyaning 131-moddasida aks ettirilgan. Unda sud hokimiyati muayyan tizimga ega ekanligi, sudlarni tashkil etish hududiylik (respublika, viloyat, tuman, shahar) va sud ishlarining toifasiga (konstitutsiyaviy, fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy, iqtisodiy, harbiy) qarab amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Konstitutsiyada Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Oliy sudining huquqiy maqomi, uni tashkil etish tartibi va vakolatlari alohida belgilangan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishi (133-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi esa fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va maʼmuriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanishi qayd etilgan (134-modda).

Taʼkidlash lozimki, Konstitutsiyaning 132-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan siyosat va huquq sohasidagi mutaxassislar orasidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakilini qoʻshgan holda saylanishi qayd etilgan boʻlsa, sudlarni tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatish tartibi qonunda belgilanishi (131-modda) qayd etilgan.

Bundan tashqari, Konstitutsiyada sud hokimiyatining asosiy funksiyasi va mutlaq vakolati sifatida unga odil sudlovni amalga oshirish orqali fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish vazifasining yuklatilganligi uning funksional mustaqilligini belgilab beradi.

Bu borada sudyalarning mustaqilligi va faqat qonunga boʻysunishlari toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy prinsip muhim ahamiyatga ega, chunki adolatli sud qarori faqat har tomonlama mustaqilligi taʼminlangan sudya tomonidan qabul qilinishi mumkin. Shuning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 136-moddasida sudyalar mustaqil ekanligi, faqat qonunga boʻysunishlari, sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi kabi muhim normalar mustahkamlab qoʻyilgan.

Sud hokimiyatining mustaqilligi uning tomonidan qabul qilingan qarorlarning boshqa organlar tomonidan qayta koʻrib chiqilmasligi hamda majburiy ijro etilishi bilan ham kafolatlanadi. Xususan, Konstitutsiyaning 134-moddasi ikkinchi qismida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qabul qilingan hujjatlar qatʼiy va Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududida bajarilishi majburiyligi, 138-moddasida esa sud hokimiyatining hujjatlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar uchun majburiyligi belgilab qoʻyilgan.

Sudlar faoliyatining sudyalar hamjamiyati tomonidan tashkil etilishi, boshqarilishi va nazorat qilinishi sud hokimiyati mustaqilligini amalda taʼminlashning asosiy kafolatlaridan hisoblanadi. Cudyalar manfaatlarini ifodalovchi sudyalar hamjamiyati organlari sudyalar mustaqilligini taʼminlovchi muhim institut hisoblanadi, zero, sudyalar hamjamiyati oʻzining organlari orqali sudlarni tashkil etish va faoliyat yuritishiga faol taʼsir koʻrsatadi. Yevropa Ittifoqi Vazirlar Qoʻmitasining SM Rec(2010)12-sonli tavsiyalari hamda Yevropa sudyalari Maslahat Kengashining 10-sonli xulosasida ham sudyalar hamjamiyati organlarini tuzishdan asosiy maqsad sudlar va alohida sudyalar mustaqilligini taʼminlash va bu orqali sud tizimining samarali faoliyat koʻrsatishini ragʻbatlantirish ekanligi taʼkidlangan.

Oʻzbekiston Respublikasida sudyalar hamjamiyati organi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi eʼtirof etilib, unga sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlashga koʻmaklashuvchi konstitutsiyaviy organ maqomi berilgan. Sudyalar oliy kengashining sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashdagi roli uning faoliyatini mustaqil tarzda olib borishni kafolatlaydigan demokratik prinsiplar asosida tashkil etilganiga bevosita bogʻliq. Bunda Sudyalar oliy kengashi faoliyatini xolis amalga oshirish, uning aʼzolari mustaqilligini taʼminlash boʻyicha zarur huquqiy kafolatlar qonunda belgilanishi muhim hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 135-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining mustaqil organi boʻlib, u sudyalar korpusining shakllantirilishini, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlashi belgilandi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 20-sentyabrdagi OʻRQ-717-son Qonuni bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi Qonunga qoʻshimchalar kiritilib, uning mustaqilligini yanada mustahkamlashga hamda faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan muhim normalar belgilandi. Jumladan, Qonunda Kengash tarkibiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillarining tasdiqlanishi mumkinligi haqidagi norma bekor qilindi, Kengash tuzilmasida Sudyalar daxlsizligini taʼminlash va korrupsiyaning oldini olish boʻyicha sud inspeksiyasi tuzildi. Kengash zimmasiga Kengash hamda sud tizimining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni koʻrish, rahbar sudyalik lavozimlariga koʻrsatish uchun munosib sudya kadrlarni tanlab olish, ularni ragʻbatlantirish va mukofotlash masalasi yuzasidan tashabbus koʻrsatish, sudya lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshini uzaytirish masalasini hal etish, sudyalarga nisbatan xizmat tekshiruvini oʻtkazish tartibini belgilash, Sudyalar oliy malaka hayʼati qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqish, sudyalar faoliyatini ochiq va shaffof elektron reyting dasturi asosida baholash mezonlarini tasdiqlash kabi vazifalar ham yuklatildi.

Sud organlarining institutsional mustaqilligi taʼminlanganidan qatʼi nazar, har bir alohida holatda ishning sudda adolatli va qonuniy koʻrib chiqilishini taʼminlash uchun yetarli asos boʻla olmaydi. Sudyalar ish yurituvidagi ishlar boʻyicha tegishli qarorlar chiqarishda shaxsiy mustaqillikka ega boʻlmasa, ularning odil sudlovni amalga oshirish huquqi buziladi. Shuning uchun sud hokimiyati institutsional mustaqillikka ega boʻlishi, sudyalar esa ichki va tashqi jihatdan shaxsiy mustaqillik kafolatlariga ega boʻlishi muhim shart hisoblanib, ularning majmui qonuniy va xolis odil sudlovni taʼminlashga asos boʻladi.

Sudyalar mustaqilligini taʼminlash, avvalambor, fuqarolarning huquq va erkinliklarini odil sudlovni amalga oshirish orqali himoya qilishni kafolatlash, ularni adolatsiz va oʻzboshimcha sudlovdan muhofaza qilish hamda odil sudlov faoliyatining qonuniyligini taʼminlash maqsadini koʻzlaydi. Demak, sudyalarning mustaqilligi ijtimoiy zarurat boʻlib, davlat va jamiyat manfaatlariga xizmat qiladi. Shunga koʻra sudyalarni tashqi va ichki taʼsirlardan himoyasini taʼminlovchi zarur huquqiy kafolatlarni belgilash, sudlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, barcha organlar va fuqarolar tomonidan hurmat qilinishini taʼminlash davlat zimmasidagi muhim vazifa hisoblanadi. Bunday kafolatlar sudyalarni lavozimga tayinlash, boshqa sudga oʻtkazish, sudyalik lavozimida boʻlish, daxlsizlik, javobgarlikka tortish, lavozimidan ozod etish, ragʻbatlantirish boʻyicha maxsus tartiblarning amal qilishini nazarda tutadi.

Xususan, Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 136-moddasida sudyalar mustaqilligining asosiy kafolatlari belgilangan boʻlib, unga koʻra sudyalar faqat Konstitutsiya va qonunga boʻysunishlari, ularning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi, sudyalar muayyan ishlar boʻyicha hisobdor boʻlmasigi, sudyalar daxlsiz ekanligi, davlat sudyaning va uning oila aʼzolarining xavfsizligini taʼminlashi, sudyani muayyan ishning muhokamasidan chetlashtirishga, uning vakolatlarini bekor qilishga yoki toʻxtatib turishga, boshqa lavozimga oʻtkazishga faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga koʻra yoʻl qoʻyilishi, sudning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi sudyani lavozimidan ozod etish uchun asos boʻlib xizmat qilishi mumkin emasligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Qonuniga koʻra sudyalar mustaqilligi lavozimga saylash (tayinlash) va undan ozod qilish, daxlsizlik, odil sudlovni amalga oshirishdagi qatʼiy taomil, sudyalar maslahatining sir tutilishi va uni oshkor qilishni talab etishning taqiqlanishi, sudga hurmatsizlik yoki sud ishlariga aralashganlik, sudyalar daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik, sudyaga davlat hisobidan munosib moddiy va ijtimoiy taʼminot berish orqali taʼminlanadi.

Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlovchi omillardan yana biri – bu moliyaviy mustaqillik boʻlib, moddiy-texnik jihatdan taʼminlanganlik sudlar faoliyatiga tashqi taʼsirni kamaytirish, odil sudlovni xolis amalga oshirish, sud tizimida korrupsiyaning oldini olish, malakali va bilimli sudyalar korpusini shakllantirish, sud hokimiyati nufuzini oshirish, aholining sudlarga boʻlgan ishonchini mustahkamlashda muhim oʻrin egallaydi. Shu nuqtayi nazardan sud hokimiyatining moliyaviy mustaqilligi oʻz ehtiyojlari uchun yetarli pul mablagʻlariga ega boʻlish, ulardan mustaqil foydalanish, sudyalar maqomiga munosib boʻlgan moddiy-texnik va ijtimoiy taʼminlashni, shuningdek ushbu kafolatlarni qonunda belgilashni nazarda tutadi. Sud organlari mustaqilligining asosiy prinsiplarini samarali amalga oshirish Tartibida ham davlatlarga sud tizimining samarali ishlashi uchun tegishli resurslarni ajratish, zarur texnik xodimlar va jihozlar bilan taʼminlash, sudyalarni tegishli shaxsiy xavfsizlik, ish haqi, toʻlovlar bilan taʼminlash majburiyati yuklangan.

Shu bois, Oʻzbekiston Konstitutsiyasida sud hokimiyati moliyaviy mustaqilligining zarur huquqiy asoslarining belgilangani ushbu sohada sudlar mustaqilligini huquqiy jihatdan kafolatlanishiga zamin yaratadi. Xususan, Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 140-moddasiga muvofiq sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan amalga oshiriladi hamda u odil sudlovni toʻliq va mustaqil amalga oshirish imkoniyatini taʼminlashi kerak.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan oʻzbek davlatchiligini tashkil etishning oʻziga xos xususiyati sud hokimiyati mustaqilligining asosiy poydevori hisoblanadi. Zero, Konstitutsiyada sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlovchi zarur kafolatlarning belgilanishi sud organlarining boshqa davlat organlaridan xoli va mustaqil faoliyat yuritishini, odil sudlovning qonuniy va adolatli amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Dilshod Aripov,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi
Sudyalar Oliy maktabi direktorining ilmiy va
axborot-tahlil ishlari boʻyicha maslahatchisi

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net