O‘zbekistonda mahalla instituti - inson qadrini yuksaltirishning muhim platformasidir

02.12.2024 01:51

Mahalla – xalq bilan mamlakat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi sifatida xizmat qiladigan, insonni jamiyatning bir qismi bo‘lishga o‘rgatadigan, uni bag‘rikenglik va xalqparvarlik ruhida tarbiyalaydigan makondir. Mamlakatimizda 9 435 ta mahallalar bo‘lib, ularning o‘ziga xos nomlari bizga tarixdan so‘zlaydi. Chunki ularda xalqimizning uzoq va shonli tarixi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayoti, madaniy merosi aks etadi.
Bugun mahalla ijtimoiy hayotimizning barcha jabhalarida faol ishtirok etyapti. Tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish, barcha-barcha masalalarda mahallaning ishtiroki katta ahamiyatga ega bo‘lib boryapti. Mahalla institutini isloh qilishning bosh maqsadi aholiga munosib turmush sharoitini yaratish va aholiga xizmat ko‘rsatishni sifat darajasini oshirishdir.
Mahalla va undagi boshqaruv – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari siymosida bugun faqat bir jamoa yoki yashash maskanigina emas, balki aholining ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-madaniy faolligini oshirish, o‘zbek xalqining tarixan qaror topgan qadriyatlariga bo‘lgan hurmat, o‘zaro munosabatlarda odob, axloq, jamiyat oldidagi majburiyatlarni so‘zsiz bajarish va mas’ullikning o‘ziga xos bo‘lgan tamoyillari asosida boshqariladigan tashkilotdir.
Hozirgi kunda mamlakatimizning obro‘yi, nufuzi va davlat yaxlitligi, xalqning birdamligini ta’minlash bir qator davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakolatlarini mahalla institutiga olib berish, aholini davlat boshqaruviga yaqinlashtirish orqali, ularning davlatga ishonchi va umidini oshirish bilan inson qadrini ulug‘lash imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida muhim ustuvor yo‘nalishlar qatorida xalq xizmatidagi davlat tashkil etish va jamoatchilik boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli sa’y-harakatlar belgilangani e’tiborga molik. Uning 74-maqsadi aholi farovonligini ta’minlash va hududlarda kundalik masalalarni hal etishda mahallani jamoatchilik hamda davlat organlari o‘rtasidagi “tayanch ko‘prik”ka aylantirilishi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘z navbatida, moliya, soliq, bandlik kabi idoralarning kamida
30 foiz vakolatlarini mahalla darajasiga tushirish, mahallalarda
100 dan ortiq davlat xizmatlarini “bir qadam”da ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutildi.
Yangi shakllantirilgan tizimning ahamiyatli jihati, “mahalla ettiligi” tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish uchun safarbar etishda ko‘maklashiladi. Mahallalardagi muammolarning o‘z vaqtida va samarali echilishida davlat organlari va tashkilotlarining mahallalardagi vakillari sa’y-harakatlari birlashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasida mahalla institutini huquqiy tartibga soluvchi qonunchilik tizimi yaratilgan. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 127-moddasida “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari .... mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy o‘ziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli” deb ko‘rsatilgan. 2013 yil 14 aprelda O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonuni mahalla faoliyatini tartibga soluvchi maxsus qonun hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini hududiy ommaviy jamoa deb e’tirof etish mumkin. O‘zbekiston Respublikasida mahalla instituti ommaviy-siyosiy hokimiyat tarkibiy qismi sifatida e’tirof etilishi ularni nodavlat notijorat tashkilotlaridan tabiatan mutlaqo farq qilishini ko‘rsatadi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ma’muriy hududiy birliklar negizida hududiylik printsipiga tayangan holda tashkil etiladi.
Hozirgi kunda mahalla faoliyatini va boshqaruvini isloh qilish borasida bir qancha qonun osti hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar etakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori faoliyat yuritadigan “mahalla ettiligi” tashkil qilindi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab barcha tuman va shaharlarda “Mahalla byudjeti” tizimi amaliyotga joriy etildi. Har bir mahallaga jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va er solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning (noturar joylar bo‘yicha undiriladigan mol-mulk solig‘i va er solig‘i bundan mustasno) 10 foizi; mahalla idoralari orqali ko‘rsatilgan davlat xizmatlari uchun undirilgan yig‘imning 10 foizi; mahalladagi hududi 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini hokimi yordamchisi onlayn-buyurtmanomasiga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auktsion savdolari orqali sotishdan tushadigan mablag‘lar (baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda); mahallaning mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olinadigan mablag‘lar yo‘naltiriladigan bo‘ldi.
Mahallalarning “o‘sish nuqtalari” va “drayver” loyihalarni aniqlash orqali aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etish, mahalla hududida davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘lab, mahallabay ishlash tizimining asosiy maqsadi bo‘lgan kambag‘allikni qisqartirish va daromadlarini oshirishga qaratilgan. Shu bois, Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimiz turmushini yaxshilash yo‘lida juda katta vazifalarni amalga oshirishga kirishildi. Jumladan yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Prezidentining 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Kambag‘allikdan faravonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqdi.
Shu bilan birgalikda, O‘zbekistonda mahallalarni ijtimoiy va iqtisodiy rivojlantirishning Sayxunobod, Uychi, G‘ijduvon va Zarbdor tumani tajribalari ham aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha O‘zbekistonning noyob milliy tajribasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan hujjatlarda, avvalo, faqat moddiy qo‘llab-quvvatlash emas balki, komleks iqtisodiy, ma’naviy, ijtimoiy va tarbiyaviy tadbirlar evaziga maqsadga erishish mumkinligi mustahkamlanmoqda. Ushbu hujjatlarda aholini bozor iqtisodiyoti sharoitida psixologik-motivatsion qullab quvvatlash mexanizmlarning mavjudligi diqqatga sazovordir.
Rejalashtirilayotgan tadbirlarni asosiy jihatlari mamlakatimizda 2024-2025 yillarda aholini kambag‘allikdan chiqarishning yo‘nalishlari va hududlar kesimida maqsadli ko‘rsatkichlar asosida tizimli ishlarni amalga oshirish bo‘lmoqda. Eng og‘ir ahvoldagi 1000 ta mahalla negizida infratuzilmasini yaxshilash, ushbu mahallalardagi xonadonlarning tomorqa erlarini sug‘orishni yaxshilash, elektr energiyasini barqarorligini saqlash, ichki yo‘llarini ta’mirlash, internet sifatini yaxshilash ishlari rejalashtirilmoqda. “Yashil mahalla” loyihalarini amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi.
Kambag‘al oilalar yagona savolnomasi asosida baholanishi va ularning ijtimoiy portreti shakllantirilishi, ijtimoiy xodim va hokim yordamchisi tomonidan ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, uy-joy, bandlik, ta’lim, xulq-atvor yo‘nalishlarini qamrab oluvchi oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual reja ishlab chiqilishi va rejani samaradorligi va natijadorligi monitoring qilinishi ishlari boshlandi. Kambag‘al oilalarga 50 ming gektar er maydonlari 30 yilga ijaraga berish kuzlanmoqda. Hududlardagi 14 ming rahbarlar va ularning o‘rinbosarlarini kambag‘al oilalarga biriktirish amaliyoti joriy etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi farmoni bilan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashkil etildi.
Uyushmaning vazifalari qatoriga: mahallalardagi muammolarning o‘z vaqtida va samarali echilishida davlat organlari va tashkilotlarining mahallalardagi vakillarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, muvofiqlashtirish va yo‘naltirish;
mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish, kambag‘al oilalarga ajratilayotgan byudjet mablag‘lari va boshqa mablag‘larning maqsadli va manzilli yo‘naltirilishini ta’minlash;
mahallalarning moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash, ularga ajratiladigan mablag‘larni markazlashgan tarzda taqsimlash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
mahalla mas’ullarining malakasini oshirish, ularda zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalari shakllanishiga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.

O‘zbekistonda o‘tgan yillarda 3,5 million nafar odamni daromadli qilish orqali 2023 yil yakuni bilan kambag‘allik darajasi 11 foizga tushdi.

Shavkat Asadov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi “Davlat tuzilishi va boshqaruvining huquqiy asoslari” kafedrasi professori, yu.f.d.
(shavkatasadov1980@gmail.com,
+99893 595 28 61)

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net