Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarning yangi bosqichini boshlash arafasida

03.08.2023 17:42

Koʻpgina davlatlarda boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham davlat boshqaruvini tubdan isloh qilish taraqqiyot kaliti sifatida qarab kelinmoqda. 

Oʻzbekistonda 2017-yildan keng miqyosdagi maʼmuriy islohotlar boshlandi. Bu borada  Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Amalga oshirilgan maʼmuriy islohotlarning ilk yutuq va muammolarini toʻgʻri baholash hamda keyingi qadamlarni belgilab olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi “2022-2023-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturini ishlab chiqish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishiga koʻra, maʼmuriy islohotlarni izchil davom ettirish yoʻlida oʻz yechimini kutayotgan masalalarni hal etish, Yangi Oʻzbekiston sharoitida davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati tizimining samaradorligini oshirish, ular faoliyatini natijadorlikka yoʻnaltirish orqali aholi farovonligini taʼminlash va “mobil boshqaruv apparati”ni yaratish ustida tahlillar amalga oshirildi.

Tahlillar quyidagi oltita yoʻnalishni qamrab oldi:

-       davlat boshqaruvi organlarining maqomini belgilash, tuzilmalarini takomillashtirish va shtat birliklarini maqbullashtirish

-       davlat boshqaruvi organlari faoliyatida raqamli texnologiyalar, ochiqlik va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish

-       davlat boshqaruvi organlarining moddiy-texnika taʼminotini takomillashtirish

-       davlat boshqaruvi organlarining kadrlar salohiyatini takomillashtirish

-       davlat boshqaruvi organlarida korrupsiyaning oldini olish

-       mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish.

Tan olish lozimki, yuqorida belgilangan yoʻnalishlar juda keng qamrovli boʻlib, chuqur tahlil va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni talab qiladi.

Dastlabki tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, 2017-yildan bashlangan maʼmuriy islohotlarning eng asosiy yutugʻi shu boʻldiki, Oʻzbekistonda davlat boshqaruvida mavjud boʻlgan kuchli “nazorat”tizimidan sekin-asta voz kechilmoqda, davlat organlari xalq fikrini eshitishni maʼlum bir darajada oʻrgandi.

Biroq, 2017-yil 8-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonida nazarda tutilgan hamma islohotlar ham oxiriga yetkazildi, deb boʻlmaydi.

Misol uchun farmon bilan belgilab berilgan maʼmuriy adliya tizimini takomillashtirish sezilarli oʻzgarishlarga sabab boʻlmadi. Davlat xizmatchilarining huquqiy maqomini kafolatlashga qaratilgan “Davlat xizmatchilari toʻgʻrisida”gi qonun oʻrniga “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.

Biroq, eng katta muammo bu emas. Davlat boshqaruvida hali-hanuz eskicha – maʼmuriy buyruqbozlik, koʻzboʻyamachilik asosida ishlashning keng tarqalgani, davlat xizmatchilarida tahliliy fikrlash, oʻz ustida doimiy ishlash, tanqidiy va konstruktiv fikrlash asosida maʼmuriy boshqaruvning istiqbollarini belgilash yetishmayapti.

Bir haqiqatni toʻgʻri anglashimiz zarur. Oʻzbekistonda maʼmuriy islohotlarning xalq kutgan natijalariga erishish uchun, avvalo, davlat xizmatchilari toʻgʻri va sifatli ishlashga oʻrganishi zarur.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi “2022-2023-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturini ishlab chiqish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishiga koʻra amalga oshirilgan tahlillardan kelib chiqib 2022-yil dekabridan Oʻzbekistonda maʼmuriy islohotlarning yangi bosqichi boshlandi.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-269-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-447-son  qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoni qabul qilindi.

Mazkur normativ hujjatlar asosida Oʻzbekistonda ijro hokimiyati tizimida quyidagi maʼmuriy islohotlar amalga oshirilishi belgilandi.

-       2023-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzosi boʻlgan ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda Bosh vazir bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashi tizimi joriy etildi;

-       Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarining yangi bosqichi doirasida 2023-yil 1-yanvardan boshlab mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining soni 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan vazirliklar sonini 25 tadan 21 tagacha qisqartirildi;

-       Respublika ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari va uning oʻrinbosarlari masʼuliyat doirasi hamda respublika, viloyat va tuman darajasidagi boʻlinmalarning vazifa va funksiyalarini aniq chegaralash;

-       respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari bir vaqtning oʻzida xoʻjalik boshqaruvi organlarining rahbari vazifasini bajarishi taqiqlandi;

-       uyushma va boshqa xoʻjalik birlashmalariga davlat hokimiyati vakolatlarini berish va ularning rahbarlarini Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan lavozimga tayinlash amaliyoti bekor qilindi;

-       Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining qariyb 5 ming funksiyalari xatlovdan oʻtkazilib, 500 ga yaqin takrorlanadigan, oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hamda amalga oshirish mexanizmlari bilan taʼminlanmagan funksiyalar aniqlash;

-       2023-yil 1-sentyabrdan boshlab barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida buyruq, qaror va farmoyishlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va eʼlon qilishni joriy etish nazarda tutildi;

-       hududlarga xizmat safarlarini qisqartirgan holda joylardagi muammolarni aniqlash uchun “onlayn qabul”, “virtual tashrif” kabi hududlar bilan ishlashning zamonaviy texnologiyalarga asoslangan masofaviy usullarini qoʻllash tizimini joriy etish nazarda tutildi.

Oʻzbekistonda amalga oshirilishi kutilayotgan maʼmuriy islohotlar bundan keyin yanada samarali amalga oshirilishi uchun quyidagi fikrlarni eʼtiborga olish foydali boʻlgan boʻlar edi.

Birinchidan, sifatli davlat xizmatchilarini tayyorlash va doimiy ravishda malakasini oshirib borish zarur. Davlat xizmatchilarini yagona tanlov tizimi asosida xizmatga qabul qilish, xizmat boʻyicha oʻsishning aniq mezonlarini belgilash, rotatsiya, intizomiy jazoga tortish va xizmatdan boʻshatish, xizmatga haq toʻlashning aniq shartlari va mexanizmini turli subyektiv omillar taʼsiridan xoli tarzda belgilash zarur.

Tajribali davlat xizmatchilari, jumladan, tibbiyot, taʼlim va boshqa soha vakillari yillar davomida toʻplagan oʻz bilim va tajribalarini oʻzidan keyingi avlod bilan boʻlisha olsin.

Ikkinchidan, vazirlik va idoralar ishini tashkil etishda yaxshi gʻoya va innovatsiyalarni ragʻbatlantirish asosida ishni tashkil etish talab etiladi. Rahbar oʻz rahbarligini gʻoyaviy yetakchilik, liderlik qobiliyatlari, jamoani mushtarak maqsadlar yoʻlida birlashtira olish va qoʻyilgan maqsadlarga erishish va erishilmagan natijalar yuzasidan masʼuliyatni olish bilan tasdiqlashi lozim.

Shunga koʻra, rahbar kadrlar oʻz xodimlarining istiqbolli gʻoyalarini eshitishga oʻrganishlari va ragʻbatlantirishlari ham muhimdir.

Uchinchidan, vazirlik va idoralar soni va koʻlami, funksional vazifalarini toʻgʻri belgilab olishimiz lozim. Shunday sohalar yoki masalalar borki, bir vazifani bir necha idora bajaradi. Bu samarasiz boshqaruv belgisi.

Misol uchun, xalq taʼlimi sohasida qonunlar ijrosi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, adliya organlari, prokuratura organlari va boshqa idoralar tomonidan amalga oshiriladi. Bunday nazoratbozlik kimga va nimaga kerak? Nazoratning maqsadini toʻgʻri belgilash orqali bunday nazoratni bitta organ amalga oshirgani toʻgʻri. Nazoratni amalga oshiradigan organlar davlat byudjetidan moliyalashtirilishini inobatga oladigan boʻlsak, bir masala yuzasidan bir necha marta moliyalashtirish amalga oshirilmoqda.

Biz eskicha ishlash uslubidan voz kechmoqchi boʻlsak, davlat boshqaruvida eskicha yondashuvlardan ham dadil voz kecha olishimiz kerak.

Vazirlik va idoralar soni boʻyicha optimal raqam aytish qiyin boʻlsada, biroq bir narsani aniq aytishimiz mumkin. Davlat oʻzi tartibga solishi kerak boʻlgan sohalar va nodavlat sektorga berishi kerak boʻlgan yoʻnalishlarni aniqlab olishi lozim.

Misol uchun, koʻpgina rivojlangan xorijiy mamlakatlarda oliy taʼlim vazirligi mavjud emas. Chunki akademik erkinlikka asoslangan oliy taʼlim muassasalari oʻzini-oʻzi boshqara oladi.

Misol uchun, Yaponiya tajribasiga nazar tashlaydigan boʻlsak, Yaponiyada ijro hokimiyati oʻzining ixchamligi va samarali faoliyat yuritishi bilan ajralib turadi.

Toʻrtinchidan, vazirlik va idoralarning oʻzaro va bir tizim ichida amalga oshiradigan vazifalarni aniq belgilab olish lozim. Bunda har bir organ oʻzining mustaqil faoliyat yoʻnalishi va masʼul boʻlgan sohasiga ega boʻlishi lozim. Oddiy qilib aytganda har bir sohaning egasi aniq boʻlishi va u  bitta boʻlishi kerak.

Buni amalga oshirish uchun esa maʼmuriy boshqaruvning har bir sohasi kesimida ilmiy-amaliy tahlillar amalga oshirilishi talab etiladi. 

Beshinchidan, 2017-yildagi maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi shuni koʻrsatdiki, maʼmuriy islohotlarni amalga oshirishning umumiy va konseptual yoʻnalishlarini belgilab olishning oʻzi yetarli boʻlmaydi va kutilgan natijani olib kelmaydi. Shunga koʻra, navbatdagi maʼmuriy islohotlarni amalga oshirishda har bir soha kesimida davlat boshqaruvining maqsadli koʻrsatkichlari va unga erishish qadamlari va aniq mexanizmlari imkon qadar batafsil koʻrsatib oʻtilishi lozim.

Oltinchidan, maʼmuriy islohotlar kim uchundir yoki qaysidir idora manfaatlari uchun amalga oshirilmasligini tushunib olishimiz lozim. Qaysi sohani olmang har bir sohada har bir vazirlik va idoraning “oʻrganib qolgan va oʻzi uchun qulay boʻlgan” va aksariyat hollarda “orqada qolgan” boshqaruv amaliyoti mavjud. Vazifalar takrorlanishi esa boshqaruvdagi noaniqlik va samarasizlikka sabab boʻladi.

Shuning uchun ham har bir masalaga idoraviy manfaatlar yuzasidan emas, balki qanday qilsak maʼmuriy boshqaruv samaradorligi va natijadorligiga, xalq roziligiga erishamiz, degan nuqtayi nazardan yondashish talab etiladi.

Yettinchidan, funksional vazifalar tahlilini amalga oshirishda davlat va nodavlat sektori aniqlab olingach, keyingi eng muhim jihat bu mahalliy oʻz-oʻzini boshqarish va markaziy boshqaruvning oʻzaro oltin muvozanatini aniqlab olishda namayon boʻladi.

Yaponiya tajribasida prefektura yoki shahar, bizning tilimiz bilan aytilganda esa viloyatlar va tuman(shahar)lar kesimida maktabgacha taʼlim, oʻrta taʼlim, tibbiyot, politsiya va jamoat tartibini saqlash, yongʻin xavfsizligini taʼminlash, yoʻl qurilishi va kommunal xizmatlarni koʻrsatish, arxitektura va qurilish va boshqa bir qator sohalar tartibga solinadi va mahalliy darajadagi boshqaruvga ishonib topshirilgan. Ushbu masalalar yuzasidan markaziy vazirlik va idoralar mavjud emas.

Mazkur oltin muvozanatni aniqlashning asosiy mezoni shundaki, ularni mahalliy darajada mahalliy shart-sharoitlardan, oʻziga xosliklardan kelib chiqib tezkor hal qilish maqsadga muvofiq.

Mazkur takliflar maʼlum maʼnoda bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilishi boshlangan. Misol uchun, bugungi kunda quyidagi vazirliklar qoldirildi:

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;

Iqtisodiyot va moliya vazirligi;

Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi;

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi;

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi;

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi;

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi;

Tabiat resurslari vazirligi;

Yoshlar siyosati va sport vazirligi;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi;

Suv xoʻjaligi vazirligi;

Raqamli texnologiyalar vazirligi;

Adliya vazirligi;

Transport vazirligi;

Madaniyat va turizm vazirligi;

Mudofaa vazirligi;

Energetika vazirligi;

Sogʻliqni saqlash vazirligi;

Tashqi ishlar vazirligi;

Ichki ishlar vazirligi;

Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Fikrimizcha, birgina maqola doirasida Oʻzbekistondagi maʼmuriy islohotlarning barcha jihatlarini muhokama qilish imkonsiz. Aslida bu masalalar xalqaro va respublika darajasidagi ilmiy-amaliy konferensiyalarda olimlar va amaliyotchi-mutaxassislar ishtirokida puxta tahlil qilinishi talab etiladi. Umid qilamizki, yaqin kunlarda bunday tadbirlar ham navbati bilan oʻtkaziladi.

Yuqorida bildirilgan fikr-mulohazalar amalga oshirilgan ilmiy kuzatuvlar, tahlillar natijasi boʻlib, maqola muallifining shaxsiy qarashlari mahsulidir.

Umid qilamizki, mazkur maqolada bildirilgan fikr-mulohazalar Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturini ishlab chiqishda foydali va manfaatli boʻladi.

 

Joʻrabek Nematov,

Toshkent Davlat yuridik universiteti professori

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net