Mard va jasur o‘g‘lonlar yurt tayanchi

15.01.2025 04:05

Hozirgi globallashuv davrida, dunyoning turli burchaklarida yuz berayotgan qurolli mojarolar va qarama-qarshiliklar, yangi tahdid va xatarlar barchani yanada hushyorlikka chorlamoqda. Aynan shunday sharoitda mamlakatimiz yoshlarini vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, “Xalq va armiya – bir tanu, bir jondir!” degan ezgu g‘oyani yoshlar tarbiyasiga singdirish muhim ahamiyatga egadir.

Bu borada Toshkent viloyatida ham tizimli ishlar qilinmoqda. Xususan, joylarda “Milliy armiyamiz – Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!”, “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o‘tkazilgan harbiy vatanparvarlik tadbirlari, festivallar, aksiyalar va uchrashuvlar, musobaqalar, davra suhbatlari ma’naviy-ma’rifiy hamda profilaktik tadbirlar muntazam tashkil etilmoqda. 

Ayniqsa, harbiy qismlar va muassasalarga tashkil etilayotgan sayohatlar o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shu kungacha bunday tadbirlarga mahallalardagi 112 ming 985 nafarga yaqin yoshlar qamrab olindi. Bundan tashqari, Qurolli Kuchlar, “Shon-sharaf” va “Amir Temur” davlat muzeylariga harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari va o‘quvchi yoshlarning kelishi o‘z samarasini bermoqda. 

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi, DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qism, Maxsus muhandislik qurilish boshqarmasi hamda Qibray tuman hokimligi bilan hamkorlikda Qibray tumani Darxon mahallasi yoshlari bilan davra suhbati o‘tkazildi. 

Tadbirda DXX chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va so‘z olganlar bugun milliy armiyamizning jangovar salohiyati va qudratini oshirishga qaratilayotgan chora-tadbirlar va ularning samarasi xususida atroflicha ma’lumot berdi. Harbiy xizmatchilar esa davlatimiz chegarasida foydalanilayotgan qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar, yong‘in o‘chirish hamda qutqaruv qidiruv moddiy texnik vositalari ko‘rgazmasini namoyish qildi. 

Bundan tashqari, Maxsus muhandislik qurilish boshqarmasining harbiy orkestr jamoasining Vatanni madh etuvchi kuy qo‘shiqlari bayramona kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, jangovar qo‘shiqlar yoshlarining ruhiyatiga o‘zgacha ta’sir qiladi. Ularning harbiylarga jo‘r bo‘lib qo‘shiq kuylayotgani kishiga g‘urur bag‘ishlaydi. 

Shu kunlarda harbiy-vatanparvarlik oyligi doirasida “Askar onalarini sharaflaymiz”, “Mard askar yoshlarga namuna”, “Buyuk sarkardalarimiz hayotidan”, “Jaloliddin Manguberdi – yurt xaloskori” “Amir Temur – millatning haqiqiy qahramoni”, “Ulug‘ ajdodlardan meros shijoat” kabi turli mavzularda xotira kechalari, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. 

Bu kabi sa’y-harakatlar natijasida harbiy xizmat nufuzi hamda milliy Qurolli Kuchlarimiz bilan faxrlanish va ularning salohiyatiga ishonch hissi yanada ortadi. Yoshlarning harbiy kasbni tanlashga bo‘lgan qiziqishi shakllanadi. Ular vatanparvar, mard va jasur bo‘lib voyaga yetsa yurt tinchligi ishonchli qo‘llar ekanligidan ko‘ngillar taskin topadi. 

Erkin Sharopov, 

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik. 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net